19:34 / 08.08.2022
11426

“Konstitutsiyaviy sud passiv bo‘lgani uchun ham fuqarolar qonunlar ishlashiga ishonishmaydi” - Rasul Kusherbayev

Deputat Rasul Kusherbayev Konstitutsiyaning 30-moddasiga kiritilayotgan o‘zgarishlar, ya’ni shaxsning o‘ziga taalluqli hujjatlar va ma’lumotlarga oid huquqlari aniq belgilab qo‘yilayotganini ijobiy baholadi. Biroq uning fikricha, mamlakat bosh qonuniga munosabat o‘zgarmasa, undagi normalarning ijrosi ta’minlanmasa, kiritilayotgan o‘zgarishdan hech qanday naf bo‘lmaydi.

Foto: Kun.uz

Kusherbayev bu haqda UzReport telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi. Kun.uz qonunchining intervyuda bildirgan fikrlaridan tezislarni keltirib o‘tadi.

Nima o‘zgaradi?

— Konstitutsiyaning 30-moddasi o‘zgartirishga qanchalik muhtoj-muhtojmasligi haqida bir narsa deyishim qiyin, chunki shaxsan bu masalaga to‘qnash kelmaganman. Lekin hozir taklif qilinayotgan qo‘shimchalar haqiqatda odamlar uchun juda ham foydali ekanini aytishim mumkin.

Bu o‘rinda hozirgi Konstitutsiyamizning shu moddasi qanchalik ishlagan, degan savol tug‘iladi. To‘g‘ri, amaldagi 30-modda ham fuqarolar o‘zlarining haq-huquqlariga oid bo‘lgan axborotni mansabdor shaxslardan, mas’ul idoralardan olishi mumkinligi, o‘zlarining haq-huquqlari va manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, materiallar bilan tanishishlari mumkinligi belgilangan. Mansabdor shaxslarga bunday ma’lumotlarni taqdim etish majburiyat sifatida yuklatilgan.

Amalda ushbu moddaning ishlashi qanchalik ta’minlandi? Konstitutsiyada bunday norma belgilanganiga qaramasdan, bir qator idoralarimiz, hukumatning ayrim qarorlarida fuqarolarning haq-huquqlariga daxldor hujjatlar va ma’lumotlar taqdim etilmasligi davlat sirlari, milliy xavfsizlik bilan bog‘liqligi orqali talqin qilingan. Ba’zida qaysidir amaldor xohlamagani uchun ham so‘ralgan ma’lumotni taqdim etmasdi.

Fuqaro kimga shikoyat qilishni ham bilmasdi, shikoyat qilish mumkin bo‘lgan joy Konstitutsiyaviy sud bo‘ladigan bo‘lsa, u yerga fuqarolar murojaat qilish huquqiga ega emasdi. Bunday huquq o‘zbekistonliklarga yaqinda berildi. Umid qilamizki, taklif etilayotgan o‘zgarishlar kuchga kirsa, Konstitutsiyadagi normalarga zid bo‘lgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar, fuqarolarning haq-huquqlariga oid bo‘lgan axborotlar tanishishini cheklovchi cheklovlar bekor bo‘ladi.

Yangilanayotgan Konstitutsiyaning 30-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchada shaxsning o‘ziga taalluqli hujjatlar va ma’lumotlarga oid huquqlari aniq yozilmoqda. Unga ko‘ra, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, tashkilotlar va mansabdor shaxslar har kimga o‘z huquqlariga va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan qonunchilik hujjatlari, shuningdek hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini ta’minlashi shart.

Bundan tashqari, o‘zbekistonliklarning davlat organlarida, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida, jamoat birlashmalarida, tashkilotlarda o‘zlari haqida to‘plangan ma’lumotlar bilan tanishishi mumkinligi huquq sifatida belgilanyapti. Shu bilan birga, Konstitutsiyada fuqarolar o‘zlari haqida qaysidir davlat idoralari tomonidan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborot to‘plangan bo‘lsa, ushbu ma’lumotlarning tuzatilishini, shuningdek, noqonuniy yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmagan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab etish huquqiga ega ekani mustahkamlab qo‘yilmoqda.

“Yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya talab qilish mumkin bo‘ladi”

— Nomini eshitganda ko‘pchilikni qo‘rquvga soladigan bir qator idoralarimiz bor, ularning xodimlari fuqarolarning ortidan poylab, kuzatib yurishadi, faqat yashirin yo‘llar bilan axborot to‘plashadi, deyishadi. Nima uchun ushbu idoralarning nomini eshitganda odamlar qo‘rqishadi? Chunki ular istalgan shaxs haqidagi axborotlarni noqonuniy yo‘l bilan to‘plagan holatlar bor. Ushbu idoralar tomonidan taqdim etiladigan axborotlarga nisbatan ko‘pincha e’tiroz ham bildirilmaydi.

Fuqarolarga o‘zlari to‘g‘risidagi axborot to‘plangani haqida, bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri keladimi-yo‘qmi, hech qanday ma’lumot taqdim etilmaydi. Ushbu to‘plangan ma’lumotlar keyinchalik davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq qandaydir bazalarga joylashtiriladigan bo‘lsa va ular noto‘g‘ri bo‘lgan taqdirda fuqaro qiyinchiliklarga uchrashi mumkin edi. Bunday bazalar va ulardagi ma’lumotlar haqida qiziqib so‘rash tugul, o‘ylashning ham imkoni yo‘q edi shu paytgacha.

Yangilanayotgan Konstitutsiyada bunday ma’lumotlarni talab qilish fuqarolarga huquq sifatida berilyaptiki, u har qanday idora, tashkilot va mansabdor shaxsdan o‘ziga doir axborot to‘plangan bo‘lsa, bu haqda ma’lumot olishi, o‘zi haqidagi noto‘g‘ri ma’lumot to‘plangan yoki ushbu ma’lumotlar noqonuniy yo‘l bilan yig‘ilgan bo‘lsa, uni oldirib tashlashi mumkin va bu huquq bevosita keyinchalik boshqa huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarish uchun ham asos bo‘lib xizmat qiladi. Ya’ni o‘zi haqida noto‘g‘ri axborot to‘plangani oqibatida fuqaro zarar ko‘radigan bo‘lsa, albatta, Konstitutsiyada belgilanayotgan shu qoida asosida o‘ziga yetkazilgan zararni qoplatish, sud tartibida kompensatsiya talab qilish imkoniga ega bo‘ladi.

“Shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi ta’minlanishi kerak”

— Bunday norma boshqacharoq talqinda bo‘lsa ham bor edi-yu, Konstitutsiya yangilangani bilan u ishlamasa nima bo‘ladi, degan savol ham bor, albatta. Buni Konstitutsiyaviy sud nazorat qilishi kerak, bekorga uni Konstitutsiyaning qo‘riqchisi demaymiz. Qolaversa, bu norma ishlashi davlat xizmatchilari, mansabdorlarining siyosiy irodasiga bog‘liq. Agar ular Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishni qabul qilib, unga amal qilishni istamasa, hech narsa qilolmaymiz. Ya’ni jamiyatda o‘zgarish bo‘lmaydi.

Agar amaldorlarning aytayotgan gapi va qilayotgan ishi bir xil bo‘lsa, yangi Konstitutsiya talablaridan chetga chiqmagan holda ishlaymiz, degan qat’iyat ko‘rsatishsa, hozirgi paytda kuzatilayotgani kabi ikkiyuzlamachilik qilishmasa, fuqarolar juda katta o‘zgarishlarni his qilishadi. Masalan, bitta mana shu moddaning o‘zida fuqaro haqida ma’lumot to‘plash degan juda katta masala mavjud, u dunyo miqyosida odamlarni tashvishga solib keladi.

Shaxsiy ma’lumotlarni to‘plash – fuqarolarning kundalik xatti-harakatini belgilab berishga asos bo‘ladigan ishlardan bittasi. Deylik, fuqaro kredit olish uchun bankka, davlat xizmatidan foydalanish uchun qaysidir idoraga, xuddi shu tartibda qaysidir masalada shifoxonaga va qaysidir huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga boradi. Ushbu idoralarning hammasida fuqarolar haqida u yoki bu darajada ma’lumotlar bazasi bor. Masalan, shifoxonalarda uning kasalliklari tarixi, ichki ishlar idoralarida shaxslarning huquqbuzarliklari va jinoyatlariga oid va boshqa turdagi shaxsiy ma’lumotlar saqlanadi. Shaxsga doir ma’lumotlarni to‘plash bilan shug‘ullanuvchi idoralar ularning daxlsizligini ta’minlashi, turli yo‘llar bilan tarqalib ketishi yoki boshqa bir fuqarolarning qo‘liga tushib qolishining oldini olishi kerak.

Tasavvur qiling, mazkur bazalarda noto‘g‘ri ma’lumotlar saqlanayotgan bo‘lsa, bu fuqaroga qanchalik muammo tug‘diradi? Bank bilan bog‘liq bo‘lsa, u kredit ololmasligi mumkin. Sog‘liq bilan bog‘liq bo‘lsa, bunday ma’lumotlarning tarqab ketishi ruhiyatiga ta’sir qilishi, u jamoatchilik o‘rtasida gap-so‘zga qolishi mumkin. Jarimalari bo‘ladigan bo‘lsa, chetga chiqishi cheklab qo‘yilishi mumkin. Menga shunga o‘xshash masalalar bo‘yicha murojaatlar bo‘lgan. Ba’zi paytlarda odamlar o‘zini olib qochadigan, nomini eshitsa jirkanadigan kasalliklar ro‘yxatiga xato kiritib qo‘yilgan fuqarolar bor, bu haqdagi ma’lumot jamoatchilik o‘rtasida tarqab ketishi oqibatida u ma’naviy va moddiy zarar ko‘rgan holatlar bor.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bir voqeani ham misol sifatida keltirish mumkin. Ya’ni bir fuqarodan o‘zining tirik ekanini isbotlash talab etilyapti. Qaysidir bazaga uni “vafot etgan” qilib ma’lumot kiritilgani natijasida fuqaro o‘zining tirik ekanini isbotlashi kerak bo‘lyapti va bu uning fuqaro sifatida haq-huquqlaridan foydalanishiga to‘sqinlik qilyapti.

“Konstitutsiyani yangilash barobarida unga amal qilmaydigan kadrlardan ham voz kechish kerak”

— Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgarishlarning ijrosi qachon to‘liq ta’minlanadi? Qachonki, fuqaroning huquqi mamlakat bosh qonunida belgilanyaptimi, u so‘zsiz tan olinishi kerak. Qonunlarda, idoraviy hujjatlarda va yo‘riqnomalarda bunday norma bo‘lmasa ham, bu narsa fuqaroning huquqini tan olmaslik uchun asos bo‘lolmaydi. Afsuski, bizda ijro tizimida muammolar bor. Bizdagi ijrochilar – mutaxassislar Konstitutsiya va qonunlarga emas, o‘zlarining idoraviy yo‘riqnomalariga asoslanib ish yuritishadi. Boshqa narsani tan olishmaydi.

Ana shunday dunyoqarashli mutaxassislarning ham fikri o‘zgarishi kerakki, hammasining boshida Konstitutsiya turibdi, men shunga amal qilishim shart, mening yo‘riqnomam Konstitutsiyaga zid kelayotgan bo‘lsa, men asosiy qonunga asosan ish ko‘rishim kerak, deb o‘ylashi va bunga amal qilishi kerak. Konstitutsiyaviy sudimiz asosiy qonunga zid ish ko‘radigan idoralarni tinimsiz aniqlashi va ko‘zini ochishi, jazolashi, qo‘pol qilib aytganda, savalashi kerak. Konstitutsiyaviy sud passiv bo‘lgani hisobiga ham fuqarolarimiz O‘zbekistonda Konstitutsiya va qonunlar ishlashiga ishonishmaydi.

Bundan ko‘rish mumkinki, amaldagi Konstitutsiyamizda fuqarolarning huquqlari yetarlicha ta’minlangan. Biroq muammo nimada? Muammo shundaki, aksariyat amaldorlarimizning o‘zi Konstitutsiyaga amal qilishmaydi. Buni hatto istashmaydi ham. Eng yomoni, hukumat ba’zan Konstitutsiya talablariga to‘g‘ri kelmaydigan hujjatlar, bayonnomalar qabul qilib qo‘yadi. Bunga to‘qnash kelgan fuqaro hayron va ilojsiz qoladi. Konstitutsiyada boshqacha norma, hukumat hujjatlarida esa umuman boshqacha. Qaysi birining amalda ta’siri kuchliroq desangiz, oddiy bir hukumat yig‘ilishi bayonnomasi amalda Konstitutsiyadan kuchliroq ta’sirga egaligini ko‘rish mumkin.

Shu ma’noda Konstitutsiyaning 30-moddasiga kiritilayotgan o‘zgarish –judayam xalqchil, ko‘pchilikning manfaatiga xizmat qiladigan islohot. Men buni yuz foiz qo‘llab-quvvatlayman. Aynan shu o‘zgarish tarafdoriman va buning uchun ovoz beraman. Lekin meni qo‘rqitayotgan, xavotirga solayotgan narsa ushbu norma qanchalik ishlab ketishi bilan bog‘liq. Uzoq yillar davomida bo‘lib kelganidek Konstitutsiyaga munosabat o‘zgarmaydigan bo‘lsa, unda belgilangan talablarga amal qilish paysalga solinadigan bo‘lsa, hech narsaga erishmaymiz, barchasi eski hammom, eski tosligicha qolaveradi.

Konstitutsiyani hurmat qilishimiz kerak, uning asosida majburiyat va huquqlarga rioya etilishi shart. Bunda davlat xizmatchilari namuna bo‘lishlari kerak. Jamiyat o‘zgarishga tayyor. Odamlarimiz Konstitutsiya yangilanishi va undagi normalar amalda ishlashini xohlayapti, lekin ushbu normalardagi talablarni bajarmaydigan ayrim toifa amaldorlar bunga qarshi deb bilaman. Shu sababli Konstitutsiyani yangilash barobarida davlat organlarini unga amal qilmaydigan kadrlardan ham tozalashimizga to‘g‘ri keladi.

Mamlakat bosh qonunini shunchaki yangilash bilan vaziyat o‘zgarmaydi, toki uning amalda ishlashi ta’minlanmasa. Konstitutsiyaga amal qilmaydigan kadrlar ishlashda davom etaversa, bu o‘zgarishlardan hech qanday ma’no bo‘lmaydi. 

Top