22:22 / 08.08.2022
17387

Maktab formasi bo‘yicha vazirning bayonoti hukumat qarorida aks ettirilishi aytildi

Majburiy maktab formasini joriy etish kechiktirilishi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga tez orada o‘zgarishlar kiritiladi, dedi xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov.

Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov 27 iyul kuni bayonot bilan chiqib, yagona maktab formasini majburiy joriy etish kechiktirilishini ma’lum qilgan edi. Biroq bu boradagi hukumat qaroriga hozircha o‘zgarish kiritilmadi.

8 avgust kuni ilk marta matbuot anjumanida qatnashgan vazir Saidov bu haqdagi savolga javoban hukumat qaroriga tegishli o‘zgarishlar albatta kiritilishi, bu faqat vaqt masalasi ekanini aytdi.

“Vazirlar Mahkamasi qarori chiqishining ma’lum protsedurasi bor. Vazir sifatida men ham hukumat a’zosi hisoblanaman. Ham vazir, ham hukumat vakili sifatida keng jamoatchilikning xohishi va vaziyatdan kelib chiqib, 27 iyuldagi bayonotimni qildim.

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini tayyorlab, kiritib, chiqarish uchun ma’lum vaqt kerak bo‘ladi. Bayonotda aytilgan gaplar ham boshqa qarorlar loyihasi kiritilganda, albatta, o‘z aksini topadi. Bu ishlar qilingan, yaqin kunlarda bu haqda ham eshitib qolasizlar”, – dedi XTV rahbari.

Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov

Eslatib o‘tamiz, Saidov o‘z bayonotida yagona dizayndagi maktab formasini tatbiq qilish 2025 yilga qadar bosqichma-bosqich amalga oshirilishini aytgandi. Bu bosqichlar hududlar kesimida bo‘ladimi yoki sinflar kesimida, hozircha ma’lum emas.

Vazir, shuningdek, qizlarning maktabga milliy ro‘molda kelishi man etilmasligini ta’kidlagan.

Keyinroq XTV matbuot xizmati ayrim maktablarda ma’muriyat ota-onalarni farzandlari uchun tasdiqlangan dizayndagi maktab formalarini sotib olishga undayotganiga munosabat bildirib, maktablar tomonidan yagona forma targ‘ib qilinishi mumkinligini bildirdi.

Top