17:51 / 08.08.2022
18846

Metroga kirish joylarining yer ustki qismida IIV xodimlarining faoliyati tiklandi

2018 yil oxiriga kelib deyarli to‘liq olib tashlangan Toshkent metropoliteni bekatlariga kirish joylarining dastlabki nuqtalarida ichki ishlar xodimlarining nazorat punktlari qayta tiklanmoqda.

Foto: Kun.uz

Ayni kunlarda Toshkent metropolitenining deyarli barcha bekatlariga kirish joylarida IIV xodimlari fuqarolarning sumkalarini tekshirib kirgizmoqda. Shu bilan birga, metropolitenning ichki qismida ham nazorat postlari faoliyat olib bormoqda.

Holatga izoh bergan IIV matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov hech narsa o‘zgarmaganini, hamma narsa oldindan qanday rejalashtirilgan bo‘lsa, shunday ish ketayotganini bildirdi.

Bu yerda hech qanday o‘zgarish yo‘q. Xodimlarning bu yerda turish-turmasligi bo‘yicha o‘zgaruvchan grafikka asoslanadi.

Keyin bu xodimlarning bu yerda bo‘lmay qolishi shaxsiy tarkibning rotatsiyasi, metroda xavfsizlikni ta’minlashning Toshkent shahar IIBBdan olib IIV tizimiga o‘tkazilgani kabilar bilan bog‘liq bo‘lgan.

Lekin hech narsa o‘zgarmagan. Oldindan qanday rejalashtirilgan bo‘lsa, pastda ham, tepada ham ish ketyapti, – dedi vazirning matbuot kotibi Kun.uz'ga bergan izohida.

Kun.uz bilan gaplashgan “Toshkent metropoliteni” DUK matbuot kotibi Mirakbar Tolipov bu masalalar bilan IIV shug‘ullanishi, xavfsizlikni ta’minlovchi xodimlari sonini ular oshirmaganini bildirdi.

Ma’lumot uchun, o‘tgan hafta – 1 avgustda Sulaymonov Bahodir Bakibayevich “Toshkent metropoliteni” DUK Rejim va ichki xavfsizlik xizmati boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. Tayinlovga qadar u mazkur kompaniyada Korrupsiyaning oldini olish va ichki nazorat xizmati boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Bahodir Sulaymonov / Foto: Toshkent metropoliteni matbuot xizmati

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil noyabr oyida Toshkent metropolitenining ustki qismida xizmat olib borayotgan ichki ishlar xodimlarining nazorat postlarini olib tashlash boshlangan edi.

O‘shanda bu haqda rasmiy bayonot bergan vazirlik matbuot xizmati 2018 yil oxiriga qadar barcha metro bekatlari ustki qismida ichki ishlar xodimlari xizmati tugatilishi, pastki qismdagi nazorat postlari avvalgiday o‘z faoliyatini davom ettirishini ma’lum qilgan.

Foto: IIV matbuot xizmati

Shuningdek, Toshkent metropoliteni ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Oleg Bichenov 2018 yil 21 noyabr kuni metropolitenga kirishdagi ichki ishlar organlari xodimlari o‘rnini bosqichma-bosqich texnik himoya vositalari egallashini, tashqi va ichki tekshiruv takrorlanmasligi uchun tashqi nazorat to‘liq texnik himoya vositalariga o‘tkazilishini bildirgan edi.

Hozirda sinov tariqasida ichki ishlar organlari xodimlari o‘rniga texnik himoya vositalari kuzatuv kameralari, radioaloqa vositalari va signalizatsiyadan foydalanamiz.

Texnik vositalar va aloqa vositalari yetarlicha bo‘lganida tashqi va ichki tekshiruv takrorlanmasligi uchun tashqi nazorat to‘liq texnik himoya vositalariga o‘tkaziladi, – degandi u.

IIV bayonotida ta’kidlanganidek, 2018 yil oxirigacha Toshkent metropolitenining ustki qismidagi nazorat postlari deyarli to‘liq olib tashlandi.

Oradan 3 oydan ko‘proq muddat o‘tgach, 2019 yil 7 mart kuni qabul qilingan prezident qarori bilan poytaxt IIBB tarkibidagi Toshkent metropolitenida ichki ishlar boshqarmasi vazirlikda tashkil qilingan Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi tuzilmasiga o‘tkazildi.

Top