12:06 / 08.08.2022
13903

Nishon tumani hokimi o‘rinbosari piyodani urib yubordi

Mazkur holat yuzasidan Qarshi tuman prokuraturasi tomonidan tergov oldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Nishon tumani hokimining birinchi o‘rinbosari xizmat mashinasida 49 yoshli fuqaroni urib ketgan. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Qarshi tumani IIB rahbari N.Ovlayevning Qashqadaryo IIB boshlig‘i Sh.Sotvoldiyevga yo‘llagan axborotida aytilgan. Holatni Kun.uz manbasi tasdiqladi.

Hodisa 2022 yil 30 iyul kuni soat 23:50 da sodir bo‘lgan. Nishon tumani hokimining 1-o‘rinbosari, 1969 yilda tug‘ilgan Erkin Boboqulov o‘z boshqaruvidagi davlat raqami 70 040 DAV bo‘lgan Gentra mashinasi bilan Nishon tumanidan Chiroqchi tumani tomon ketayotganda Qarshi tumani “Taxtapul” MFY hududidagi yo‘lda notanish fuqaroni urib yuborgan.

Erkin Boboqulov

Oqibatda, jabrlanuvchi og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan.

Fuqaroning jasadi shifoxonaga olib borilgandan so‘ng uning shaxsiga aniqlik kiritilganda, marhum Qarshi shahar “Aralovul” MFYda yashovchi, 1973 yilda tug‘ilgan mavsumiy ishchi Akrom Yo‘ldoshev ekani ma’lum bo‘lgan.

Hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq, 2022 yil 1 iyun kuni Mirishkor tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Toshkentga ketayotib Sirdaryo viloyatida sodir bo‘lgan YTHda vafot etgandi.

Top