11:37 / 09.08.2022
5440

Jizzaxda Cobalt ikki nafar bolani urib yubordi. Ulardan biri halok bo‘ldi

Bolalarning ikkinchisi og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan

Jizzax viloyati IIb axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 3 avgust kuni soat 12:00 larda 4K-237 G‘allaorol-Qo‘ytosh avtomobil yo‘lining G‘allaorol tumani “Ko‘kbuloq” QFY hududidan o‘tgan 10-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

G‘allaorol tumani “Baxt” MFYda yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan shaxs Cobalt mashinasi bilan Qo‘ytosh yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotib, yo‘lning o‘ng tomonida velosiped boshqarib ketayotgan 8 yoshli bola va uning 6 yoshli singlisini urib yuborgan.

Oqibatda, “Ko‘kbuloq” QFYga qarashli Chayonli qishlog‘ida yashovchi, 2014 yilda tug‘ilgan bola og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida halok bo‘lgan. Uning 2016 yilda tug‘ilgan singlisi og‘ir tan jarohatlari olib, tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Qayd etilishicha, hodisa yuzasidan G‘allaorol tumani IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Jizzaxda “Afrosiyob” tezyurar poyezdi ikki nafar bolani urib yuborgan. 2007 yilda tug‘ilgan bolalardan biri vafot etgan, ikkinchisi jonlantirish bo‘limiga yotqizilgandi.

Top