08:08 / 09.08.2022
2933
YeIning gaz iste’molini kamaytirish bo‘yicha favqulodda rejasi kuchga kirdi

YeIda gazni tejash rejasi kuchga kirdi. Yevropa Rossiyadan yetkazib berish to‘xtatilgan taqdirda o‘zini shunday himoya qilmoqchi.

Foto: Picture Alliance

Yevroittifoqning tabiiy gaz iste’molini kamaytirish bo‘yicha favqulodda rejasi 9 avgust, seshanba kuni kuchga kirdi. Unda YeIning barcha mamlakatlari avgust oyi boshidan kelasi yil martigacha gaz iste’molini ixtiyoriy ravishda ushbu davrdagi so‘nggi besh yilda o‘rtacha iste’molga nisbatan 15 foizga kamaytirishi nazarda tutiladi. Bunday choraning maqsadi Rossiyadan gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatilishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni kamaytirishdir. Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi fonida «Gazprom» allaqachon bu xomashyoni Yevropa mamlakatlariga yetkazib berish hajmini keskin kamaytirgan.

Yevrokomissiyaga ko‘ra, YeI davlatlari jami 45 mlrd kubometr gazni tejashi kerak. Germaniya 15 foizlik maqsadni amalga oshirish uchun gaz iste’molini taxminan 10 mlrd kubometrga qisqartirishi kerak.

Agar keng ko‘lamli ta’minot taqchilligi sharoitida yetarli darajada tejash imkoni bo‘lmasa, keyingi qadam Yevroittifoq bo‘ylab ogohlantirishni oshirish va gaz iste’molini kamaytirish uchun majburiy maqsadlarni qo‘yish bo‘lishi mumkin. Bu qadam YeIning kamida 15 mamlakati roziligini talab qiladi, ular esa butun Yevroittifoq aholisining kamida 65 foizini tashkil qiladi. 

Shu bilan birga, Ispaniya va Italiya kabi ba’zi YeI davlatlari gazni tejash rejasi yuzasidan ayrim yengilliklarga ega bo‘ldi va iste’molni 15 foizdan kamroq qisqartirish niyatida. Favqulodda vaziyat rejasi bir yil davomida amal qiladi. 

Mavzuga oid
Top