09:44 / 10.08.2022
3476
Hakerlar Finlandiya parlamenti saytini buzib kirdi

May oyida SUPO Finlandiya razvedka xizmati mamlakatning NATOga qo‘shilish qarori munosabati bilan hakerlik hujumlari ehtimoli haqida ogohlantirgan edi. Yle telekanaliga ko‘ra, buzg‘unchilik ortida rossiyaparast hakerlar guruhi turibdi.

Foto: Shutterstock

Finlandiya parlamenti sayti 9 avgust, seshanba kuni buzib kirilgani sababli foydalanuvchilar uchun ishlamadi. Parlamentning ushbu kiberhujum haqida e’lon qilgan bayonotiga ko‘ra, bu mahalliy vaqt bilan 14:30 lar atrofida sodir bo‘lgan va hozirda parlament zararni cheklash choralarini ko‘rmoqda. 

Buzg‘unchilik ortida kim turgani hozircha noma’lum. Ayni paytda, Finlandiyaning Yle telekanali xabar berishicha, NoName057(16) nomli hakerlar guruhi Telegram’da «Biz hukumati NATOga a’zo bo‘lishni juda istayotgan qo‘shni Finlandiyaga «do‘stona» tashrif buyurishga qaror qildik» degan yozuvni e’lon qildi. Finlandiyalik jurnalistlar NoName057(16) hakerlar guruhini rossiyaparast deb atayapti. 

May oyida Finlandiya razvedka xizmati - SUPO mamlakatning NATOga a’zo bo‘lish qarori munosabati bilan hakerlik hujumlari soni ortishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi. Aprel oyi boshida SUPO rahbari Antti Pelttari saytlar buzib kirilganda jamiyat «falaj bo‘lib qolgani» haqida tasavvur paydo bo‘lishini ta’kidlagan edi. Biroq, bunday hujumlar haqiqiy falokat keltira olmaydi, deya qo‘shimcha qilgan u o‘sha paytda.

15 may kuni Finlandiya prezidenti Sauli Niiniste Helsinki NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berishini ma’lum qildi. Moskva bu bayonotga keskin munosabatda bo‘lib, RF bilan chegaradosh davlat Shimoliy Atlantika ittifoqiga qo‘shilsa, Rossiya-Finlandiya munosabatlari jiddiy yomonlashishi bilan tahdid qildi. 

9 avgust kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Vashington tomonidan Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishini ratifikatsiya qiluvchi hujjatlarni imzoladi. 

Top