13:10 / 10.08.2022
3350

O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara bo‘yicha barcha masalalarni shu yil yakunlash niyatida

Cho‘lponota shahrida O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumat delegatsiyalari chegara ayrim uchastkalari demarkatsiyasi bo‘yicha muzokaralarni boshladi. Qirg‘iziston vazirlar mahkamasi maxsus vakilining aytishicha, tomonlar 2022 yilda chegara masalalarini to‘liq yakunlashni rejalashtirmoqda.

9 avgust kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumat delegatsiyalari Issiqko‘l viloyatining Cho‘lponota shahrida davlat chegarasining ayrim uchastkalari demarkatsiyasi bo‘yicha muzokaralarni boshladi, deb yozadi 24.kg. 

Qirg‘iziston vazirlar mahkamasi maxsus vakili Nazirbek Bo‘riboyevning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar chegaraning avval kelishilmagan uchastkalari bo‘yicha mamlakatlar pozitsiyalariga aniqlik kiritish niyatida. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunga qadar davlatlar o‘rtasidagi 1170 km chegara aniqlashtirilgan, endi qolganlari masalasini hal qilish zarur. Nazirbek Bo‘riboyevning aytishicha, ikki davlat hukumatlari chegara masalalarini 2022 yilda yakunlashni rejalashtirmoqda. Muzokaralar 17 avgustgacha davom etishi kutilmoqda. 

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara uzunligi 1378 km bo‘lib, uning 85 foizi 2017 yilgi kelishuv bilan tavsiflangan va ratifikatsiya qilingan. 

Mavzuga oid
Top