09:54 / 10.08.2022
8776

RF Maliga bir nechta jangovar samolyot va vertolyotlarni topshirdi

Shimoliy Afrika davlati Moskvadan bir nechta L-39 va Su-25 qiruvchi samolyotlarini, shuningdek, Mi-24P va Mi-8 jangovar vertolyotlarini hamda CASA S-29 taktik transport samolyotlarini oldi.

Foto: Picture Alliance

Mali Rossiyadan bir nechta L-39 va Su-25 qiruvchi samolyotlari, shuningdek, Mi-24P va Mi-8 jangovar vertolyotlari hamda CASA S-29 taktik transport samolyotlarini oldi, deb yozadi Rossiyaning RIA «Novosti» davlat axborot agentligi. O‘z navbatida, Fransiyaning AFP agentligi beshta samolyot va bitta vertolyot topshirilgani haqida xabar beradi. 9 avgust, seshanba kuni mamlakat poytaxti Bamakodagi xalqaro aeroportda Rossiyaning Malidagi elchisi Igor Gromiko ishtirokida o‘tkazilgan tantanali marosimda Malining muvaqqat prezidenti Assimi Goitaga harbiy texnika topshirildi.

Marosimda ham ishtirok etgan Mali mudofaa vaziri Sadio Kamara Rossiya bilan hamkorlikni o‘zaro manfaatli deb atadi. Mart oyida ham Moskva bir nechta jangovar vertolyotlar va boshqa turdagi qurollarni Maliga topshirgan. 

2021 yil may oyida Malidagi harbiy to‘ntarishdan buyon g‘arbiy Afrikadagi ushbu o‘ta beqaror davlatni harbiy xunta boshqarmoqda, u Rossiya bilan yaqin aloqada va jangchilari mamlakatda «harbiy maslahatchilar» deb ataladigan «Vagner» XHK xizmatlaridan foydalanadi.

Shu bilan birga, BMTning Malidagi tinchlikparvar ko‘p qirrali integratsiyalashgan barqarorlashtirish missiyasi (MINUSMA) ishi Mali va uning xalqaro hamkorlari o‘rtasidagi keskinlik, mamlakatda ekstremistik guruhlarning faollashuvi bilan bog‘liq bir qator holatlar tufayli murakkablashgan. 

Bundan oldin BMT ekspertlari tomonidan guvohlar ko‘rsatmasi asosida tayyorlangan hisobotda 30 dan ortiq tinch aholi vakilining o‘limida Mali armiyasi va «oq tanli askarlar» aybdor ekani xabar qilingandi.

Guvohlar ko‘rsatmasiga asoslangan BMT hisobotiga ko‘ra, Mali hukumati nomidan harakat qilgan askarlar inqirozga yuz tutgan mamlakatda 30 dan ortiq tinch aholi vakilini o‘ldirgan. Hisobotda jinoyatchilar guvohlar tomonidan «oq tanli askarlar» sifatida tasvirlangan.

Mali harbiy xuntasi xizmatida bo‘lgan Rossiyaning «Vagner» XHK BMT hisobotida to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga olinmagan, ammo ekspertlar guvohlar tomonidan tasvirlangan askarlar bu harbiy tuzilma jangchilari ekaniga shubha qilmayapti. Xususan, jinoyat vaqtida Rossiya armiyasi zaxiralarida bo‘lgan arqonlar qo‘llangani ham shundan dalolat beradi. 

Mavzuga oid
Top