18:20 / 10.08.2022
27360

YPX xodimiga qarshilik ko‘rsatgan haydovchi va uning sheriklari 10 sutkaga qamaldi

Toshkentda mashinasiga paqillovchi qurilma o‘rnatganlikda gumonlangan haydovchi va YPX xodimi o‘rtasida nizo kelib chiqdi. Haydovchi voqea joyiga sheriklarini chaqirgach, janjal kattalashgan. Kun.uz muxbiri jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudidagi sud majlisidan reportaj tayyorladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida mashinasiga paqillovchi qurilma o‘rnatishda gumonlangani uchun yo‘l-patrul inspektorlariga qarshilik ko‘rsatgan haydovchi va uning do‘stlariga oid ma’muriy ish ko‘rildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 8 avgustdan 9 avgustga o‘tar kechasi Chilonzor tumanida mashinasiga paqillagan ovoz chiqaruvchi qurilma o‘rnatganlikda gumonlangan haydovchi YPX xodimi tomonidan to‘xtatilgan. Xodim haydovchining hujjatlarini tekshirganda unda ruxsatnomasiz tonirovka o‘rnatilgani ham aniqlangan. Haydovchi mashinasiga noqonuniy qurilma o‘rnatilmaganini, texnik nosozlik tufayli mashina paqillagan ovoz chiqarishini aytgan. Holat yuzasidan aniqlik kiritish uchun mashina jarima maydonchasiga olib ketilgan.

Shundan so‘ng, haydovchining qo‘ng‘irog‘i bilan jarima maydonchasiga yetib kelgan yigitlar va YPX xodimlari o‘rtasida nizo kelib chiqqan, janjal boshlangan.

Sudda har ikki tomon va guvohlarning ko‘rsatmalari tinglandi. Yo‘l-patrul inspektori haydovchi va uning do‘stlarini protokol tuzishda unga qarshilik ko‘rsatgani, qonuniy talablarga bo‘ysunmaganini aytdi. Haydovchi esa YPX xodimi mashinaga noqonuniy qurilma o‘rnatganini isbotlab berish uchun u bilan garov bog‘lagani va uning do‘stlariga qo‘pollik qilganini aytadi.

Voqea paytida haydovchining do‘stlaridan biri mashina oynalaridagi tonirovkani shilib tashlagan. Haydovchining iddao qilishicha, avvaliga buni YPX xodimi maslahat bergan, lekin boshqa inspektorlarning ogohlantiruvchi da’vati bilan, keyinchalik bunday qilmaslik kerakligini aytgan. YPX inspektori yigitlarga tonirovkani shilib tashlash kerak deb aytmaganini bildirdi.

Sudya Sarvar Mamadiyev sudda yo‘l qoidalari huquqbuzarligi emas, balki YPX inspektorlarining yigitlar ustidan hokimiyat organi vakiliga bo‘ysunmaslik va mayda bezorilik moddalari bo‘yicha kiritgan shikoyati ko‘rilishini eslatdi.

Ishni ko‘rib chiqqan sud qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, haydovchining do‘sti – janjalda ishtirok etgan va mashina tonirovkasini shilib tashlagan fuqaro Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasining 1-qismida (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi va unga MJtKning 83-moddasi bilan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi, 194-modda 1-qismi bilan BHMning 1 barobari – 300 ming so‘m jarima, MJtKning 34-moddasi bilan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Haydovchining o‘zi va uning boshqa bir do‘stiga MJtKning 183-moddasi va 194-modda 1-qismiga asosan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Janjalga aralashmagan, ammo jarima maydoniga boshqa yigitlar bilan yetib kelgan yana bir fuqaro MJtKning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi va BHMning 2 barobari miqdorida jarima jazosi qo‘llanildi.

Mavzuga oid
Top