17:47 / 11.08.2022
10776

O‘zbekiston tojik paxtasi importini oshirdi

2022 yilning birinchi yarmida Tojikiston O‘zbekistonga 17,3 million AQSh dollari miqdorida 6,6 ming tonnadan ortiq paxta eksport qildi.

Foto: Asia-Plus

Asia-Plus’ning Tojikiston bojxona xizmatiga tayanib xabar berishicha, bu 2021 yilning shu davriga nisbatan (5,3 million dollar) deyarli 3,3 barobar ko‘pdir.

Mamlakatlar o‘rtasidagi umumiy tovar ayirboshlash hajmi 285 million dollardan ortiqni tashkil etdi. 2022 yil yanvar-iyun oylarida Tojikistonning O‘zbekistonga eksport qilingan asosiy tovarlari paxta (17,3 million dollar), sement (14,1 million dollar), elektr energiyasi (12,2 million) va alyuminiy (10,6 million dollar) bo‘ldi. 

O‘z navbatida, Tojikiston O‘zbekistondan asosan mineral va kimyoviy o‘g‘itlar, tabiiy gaz, maishiy texnika, kiyim-kechak va poyabzal, gilam, ipak mahsulotlari, pomidor, tarvuz va qovun kabi mahsulotlarni oladi. 

Joriy yilning iyun oyi oxirida «O‘zto‘qimachiliksanoat» delegatsiyasi Tojikistonga amaliy tashrifi doirasida Xatlon va So‘g‘d viloyatlari mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari bilan paxtani qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish istiqbollarini muhokama qildi.

Bundan tashqari, avvalroq So‘g‘d va Farg‘ona viloyatlari ishbilarmon doiralari o‘rtasida Asht tumanida yigiruv fabrikasini tashkil etish, «Nassochii Xo‘jand» korxonasi («Xo‘jand tekstil»), «Kamoli Xo‘jandi» korporatsiyasi va Farg‘onadagi Janubiy Koreya kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi.

Top