20:39 / 12.08.2022
7703

Qozog‘iston o‘z neftining bir qismini Rossiya emas, Ozarboyjon orqali yetkazib berishi mumkin

«Kazmunaygaz» Ozarboyjon davlat neft kompaniyasi bilan yiliga 1,5 mln tonna Qozog‘iston neftini Turkiyaning Jayhon portiga olib boruvchi quvur orqali yetkazib berish bo‘yicha muzokara olib bormoqda.

Foto: Reuters / Mariya Gordeyeva

Qozog‘iston o‘z neftining bir qismini Rossiyani chetlab, Ozarboyjonning eng yirik Boku — Tbilisi — Jayhon neft quvuri orqali sotishi mumkin, deb xabar berdi Reuters.

Agentlik suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, «Kazmunaygaz» milliy kompaniyasi Ozarboyjon davlat neft kompaniyasining savdo bo‘linmasi bilan yiliga 1,5 mln tonna Qozog‘iston neftini Turkiyaning Jayhon portiga olib boruvchi quvur orqali yetkazib berish bo‘yicha muzokara olib bormoqda.

Tomonlar avgust oxirida yakuniy kelishuv imzolashi kutilmoqda, neft yetkazib berish esa sentabrda boshlanadi, dedi Reuters manbasi.

Manbalarning aytishicha, 2023 yildan yana 3,5 mln tonna neft Ozarboyjon quvuri orqali Gruziyaning Supsa portiga yetkazib berilishi mumkin.

Qozog‘iston so‘nggi 20 yilda neftni Kaspiy quvur konsorsiumi orqali Novorossiyskka yetkazib bergan. Ushbu quvur Qozog‘iston nefti uchun asosiy eksport yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. Quvur orqali kuniga 1,3-1,4 mln barrel neft o‘tadi.

Taqqoslash uchun: Boku — Tbilisi — Jayhon quvuri orqali sutkasiga atigi 30 ming barrel neft yetkazib beriladi, deb yozadi agentlik.

Iyul oyi boshlarida Novorossiyskning Primorskiy rayon sudi aniqlangan kamchiliklar uchun Kaspiy quvur konsorsiumi faoliyatini to‘xtatib qo‘ygandi. Keyinroq sud bu qarorini bekor qildi va 200 ming rubl jarimaga tortish bilan cheklandi.

Mavzuga oid
Top