15:15 / 15.08.2022
10344
«Hamma haqdorlarni to‘playsiz, boshqachasiga iloji yo‘q» – ko‘pchilikning mulkini yegan kimsa haqida qissa

Bitta odamdan qarzdor bo‘lsa, uni topib uzish mumkindir. Lekin davlat ishida yoki biror tashkilotda ishlab, umumiy mulkni o‘zi uchun ishlatib yuborgan kishining ahvoli juda yomon bo‘ladi. Agar sizning ham qo‘lingizda mas’uliyat bo‘lsa, bu sinovdan juda ehtiyot bo‘ling, deydi Madina Islom universiteti magistranti Mahmud Usmon.

Kun.uz muxbiri Saudiya Arabistonidagi o‘zbeklar, ishlash va ta’lim olish, shuningdek boshqa masalalarda uzoq yillardan buyon ushbu davlatda istiqomat qilib kelayotgan yurtdoshimiz, Madina Islom universiteti magistranti Mahmud Usmon bilan suhbatlashdi.

Islom qonunchiligi ya’ni fiqh korrupsiya, poraxo‘rlik kabi jamiyatdagi ko‘plab illatlarga qanday yechimlar beradi?

- Dinimizda ko‘plab oyatlar va hadislarda «g‘ulul»dan qaytarilgan. Oli Imron surasi 161-oyatida bu kalima «urushda tushgan (umumiy) o‘ljadan yashirib olingan» degan ma’noda keltiriladi. Bu kabi oyatlardan ulamolar har qanday ko‘pchilikning haqqi bo‘lgan narsani, xiyonat qilib olish o‘sha g‘ululga qiyos qilinadi va uning hukmida bo‘ladi, deyiladi. Bu eng og‘ir va eng katta gunohlardan bo‘ladi.

Hadislarda Rasululloh alayhissalom bir chaqalik, arzimagan narsani xiyonat qilib olib qo‘ygan kishilarni ham janozalarini o‘qimaganligi keltiriladi. Bu juda og‘ir narsa.

Islom insonlarni bunday odatlardan qaytaradi va omonatdorlik musulmonlarni shunday ulug‘ darajalarga olib chiqqan.

Bir odam vafot qilayotgan paytda vasiyat yozib ketadi. «Men qachonlardir bir urushda ko‘pchilikning mulki bo‘lgan kichkina bir narsani o‘zimga olgandim. Sizlar Abdulloh ibn Muhayrisga boringlar, vaziyatni tushuntiringlar. U nima hukm qilsa, bajaringlar toki qiyomatda buning javobgarligidan qutulib qolay», deydi.

U kishi vafot etgach, uning merosxo‘rlari zamonasining buyuk olimlaridan Abdulloh ibn Muhayrisning oldiga borib, vaziyatni tushuntiradi. Olim «mendan boshqasidan so‘ranglar», - deydi. Sizdan boshqasidan so‘rolmaymiz, vasiyatda shunday yozilgan, yechim bering, deyishadi. Shunda ulamo o‘sha jangda qatnashgan, umumiy mulkda haqqi bo‘lgan barchani bir joyga to‘planglar, deydi. To‘plolmaymiz, qancha yillar o‘tib ketdi, ular tarqab ketgan, deyishadi merosxo‘rlar. Shunda Abdulloh ibn Muhayris «hamma haqdorlarni to‘playsiz, ularning hammasiga o‘sha chaqalik arzimagan narsani tengdan bo‘lib berasiz. Boshqachasiga iloji yo‘q», debdi.

Bitta odamdan qarzdor bo‘lsa, uni topib uzish mumkindir. Lekin, davlat ishida yoki muassasada ishlab, umumiy mulkni tasarruf qilib yuborgan bo‘lsa, uning ahvoli juda yomon bo‘ladi. Agar sizning ham qo‘lingizda mas’uliyat bo‘lsa, bu sinovdan juda ehtiyot bo‘ling, boshqalarning mulkini yeyishdan qattiq saqlaning.

To‘liq intervyu bilan yuqoridagi videoda tanishish mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Abduqodir To‘lqinov
Montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov

Videolavha va maqoladagi diniy matnlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli ekspertiza xulosalari asosida tayyorlangan.

 

Top