08:30 / 15.08.2022
7914

Yerevan bozorida kuchli portlash va yong‘in sodir bo‘ldi

«Surmalu» ulgurji-chakana savdo markazi hududidagi pirotexnika omborida kuchli portlash va yong‘in sodir bo‘ldi. Armaniston rasmiylariga ko‘ra, uch kishi halok bo‘lgan, 60 kishi yaralangan.

Foto: Picture Alliance

Yerevanda «Surmalu» ulgurji va chakana savdo markazi hududida kuchli portlash yuz berdi. Armaniston Favqulodda vaziyatlar vazirligining xabar berishicha, 14 avgust, yakshanba kuni tushdan keyin pirotexnika omborida portlash, keyin yong‘in va binoning qulashi sodir bo‘lgan. Agentlikning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, kamida bir kishi halok bo‘lgan, yana 34 kishi jarohatlangan. Voqea joyida qutqaruvchilar va o‘t o‘chiruvchilar ishlamoqda.

14 avgust kechki payt Favqulodda vaziyatlar vazirligi halok bo‘lganlar soni 3 nafarga yetganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Yerevandagi Sog‘liqni saqlash vazirligi portlashdan jarohat olganlar soni 60 kishiga yetganini qayd etdi. Ulardan 36 nafarining ahvoli o‘sha paytdagi mutaxassislar tomonidan o‘rtacha og‘ir deb baholangan edi. Ayni paytda 22 nafar fuqaroga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyga javob berilgan.

«Novosti-Armeniya» agentligi o‘z manbalariga tayanib, mushakbozlik uchun mo‘ljallangan mahsulotlar ombori yonayotgani haqida xabar berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan fotosuratlar va videolarda quyuq qora tutun ko‘tarilgani va undan keyingi portlashlar ham qayd etilgan. «Surmalu» bozori Armaniston poytaxti markazidan ikki kilometr janubda joylashgan.

Top