12:05 / 17.08.2022
8498
To‘raqo‘rg‘on IES ishi favqulodda to‘xtatildi. Hududlarda elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilishi mumkin

Namangan viloyatidagi «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli gaz quvurining magistral liniyasiga shikast yetkazildi.

Foto: UZ24.uz

Energetika vazirligining xabar berishicha, bu noma’lum shaxslar tegishli ruxsatnomasiz yer ishlarini olib borgani sababli ro‘y berdi.

Qayd etilishicha, bu quvur To‘raqo‘rg‘on IESni yonilg‘i bilan ta’minlagan. Hodisa To‘raqo‘rg‘on elektr stansiyasining majburiy favqulodda to‘xtatilishiga olib keldi. 
 
Bildirilishicha, hozirgi vaqtda nosozliklarni bartaraf etish, shuningdek, elektr ta’minoti uchun zaxira quvvatlarini ulash bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda.

Boshqa elektr stansiyalarida zaxira bloklarini ulash bo‘yicha ishlarni bajarish uchun ma’lum vaqt zarurligini inobatga olgan holda, hududlarda elektr ta’minotida alohida uzilishlar kuzatilishi mumkin.
 
Mazkur holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. 

Top