22:52 / 19.08.2022
15721

«Apelsinlar qiroli» deb nom olgan braziliyalik milliarder vafot etdi

2010 yillarda dunyodagi har uchinchi stakan apelsin sharbati Kutralening kompaniyasiga qarashli zavodda tayyorlangan.

Foto: Reuters

Cutrale apelsin sharbatlari ishlab chiqaruvchi kompaniyasi ortidan «apelsinlar qiroli» deb nom olgan braziliyalik milliarder Xose Luis Kutrale 75 yoshida vafot etdi, deb xabar berdi O Globo. Milliarder Londonda vafot etgan.

Forbes Real-Time ma’lumotlariga ko‘ra, uning boyligi 1,9 mlrd dollarni tashkil etgan.

Kelib chiqishi italyan bo‘lgan Kutrale San-Pauluda tug‘ilgan va bolaligidan otasi bilan bozorga chiqqan. Keyinchalik ularning oilasi apelsin yetishtirishni boshlagan va 1967 yilda Cutrale kompaniyasini tashkil etgan. Ularning apelsin sharbati ishlab chiqaruvchi zavodi dunyodagi eng yirik korxonalardan biriga aylangan.

Folha de S.Paulo gazetasining yozishicha, 2010 yillarda dunyodagi har uchinchi stakan apelsin sharbati ushbu zavodda tayyorlangan.

Hozirda Cutrale yettita bo‘linmadan iborat. Hosil yig‘ish vaqtida kompaniyada 18 mingga yaqin kishi mehnat qiladi.

Top