13:09 / 20.08.2022
14585

“Ekoturizm deya Zarafshon qo‘riqxonasi dam olish zonasiga aylantirib yuborilgan” - ekspert

Ayni paytda “Zarafshon” milliy tabiat bog‘i hududidagi qurilishlar yuzasidan prokuratura tekshiruv o‘tkazmoqda. Qo‘riqxona hududining ma’lum qismlari kimga va qanchaga sotilgani ham o‘rganiladi.

Zarafshon qo‘riqxonasi / Foto: Kun.uz

19 avgust kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekiston ekologiyasiga mas’ul idoralarning jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.

Tadbirda Kun.uz muxbiri O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari G‘olibjon Qurbonovga Samarqand viloyatidagi “Zarafshon” milliy tabiat bog‘i hududidagi ayrim yer maydonlari kimning ruxsati bilan dala hovlilar qurish uchun sotib yuborilgani, pullar qaysi “cho‘ntakka tushgani” va qo‘riqxonalarni O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasidan Ekologiya qo‘mitasiga qaytarish kerakligi borasida savol bilan murojaat qildi.

Rais o‘rinbosarining jurnalist savoliga javoban aytishicha, “Zarafshon” qo‘riqxonasi ekologik turizmni rivojlantirish va bu yo‘nalishga tadbirkorlarni jalb qilish maqsadida milliy tabiat bog‘iga aylantirilgan.

“Bunda qo‘riqxonadagi rekratsion hududlargina qurilish uchun ajratilgan.

Hozir milliy tabiat bog‘i hududi Ekologiya qo‘mitasiga qaytarilyapti va barcha hujjatlar, jumladan, qurilishlar bo‘yicha hujjatlarni topshirish dalolatnomalarini tuzyapmiz. Bunda milliy tabiat bog‘i hududidagi qurilishlar prokuratura nazoratida turibdi.

Bu hududlarni qurilishlar uchun kim va qanchaga sotganini prokuratura organlari bizga ma’lum qiladi”, – dedi u.

Tadbir davomida bahsga “Ekoharakat” tashkiloti Markaziy kengashi a’zosi Yusufjon Shodimetov ham qo‘shildi.

“Xo‘sh, ekoturizm nega tashkil qilinadi, qo‘riqxonalarning yashab qolishi uchun. Dunyodagi har qanday qo‘riqxonaga sayyohlar maxsus yo‘lboshlovchilar bilan birga olib kiriladi va aylanib bo‘lgach, chiqarib qo‘yiladi. Bu o‘sha hududdagi odamlar va qo‘riqxonaga ma’lum miqdorda daromad keltiradi.

Ammo sizlar ekoturizm, deya qo‘riqxona hududini oddiy dam olish zonasiga aylantirib yubordingiz. Odamlar hozir bu hududda olov yoqib, osh pishirib, ichib bo‘lingan shishalarni uloqtirib ketishyapti.

Bilib oling, BMTning “Ekoturizm va barqaror rivojlanish” nomli dasturi bor. Bu dastur bilan turizm orqali bog‘, qo‘riqxonalar, o‘simlik va bioxilma-xillikni saqlab qolish rejalashtirilgan. Sizlar mana shu dasturni ta’minlashingiz kerak edi”, – deya G‘olibjon Qurbonovga dakki berdi Yusufjon Shodimetov.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosarining jurnalist bergan ikkinchi savolga javoban aytishicha, qo‘mita qo‘riqxonalarni Ekologiya qo‘mitasiga qaytarishga qarshi emas.

“Biz bunga qarshi emasmiz. Tegishli qaror qabul qilinsa, qo‘riqxonalarni ekologiyaga o‘tkazib beramiz”, – dedi Qurbonov.

Top