13:21 / 23.08.2022
23608

Imom Buxoriy yashagan joy bo‘yicha taxminlar bor. Yangi manzilgoh bo‘yicha nega qidiruv ishlari olib borilmayapti?

Imom al-Buxoriy Buxoroning aynan qayerida yashagani hanuzgacha noma’lum. Kun.uz Buxoriy yashagan joy bo‘yicha tarixchilar bilan suhbatlashib, taxminlar haqida so‘radi. Soha vakillari manzilgohni topishda tashabbus ko‘rsatsa, bu – O‘zbekistonga sayyohlar oqimini ko‘paytirishi mumkin.

Foto: Kun.uz

Hadisshunoslikning otasi hisoblangan Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy islom olamida eng ko‘p e’zozlanadigan kishilardan biri. Biroq negadir uning tug‘ilgan joyi haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Kun.uz tarixchi va arxeologlar bilan suhbatlashib, muhaddis yashagan joy deb taxmin qilinadigan hududlar borligini aniqladi.

Imom al-Buxoriy haqida qisqacha

Butun islom dunyosidagi eng muhim manbalari deb tan olingan oltita ishonchli hadislar to‘plamining eng asosiysi “Sahihul Buxoriy” (Ishonchli hadislar to‘plami) hisoblanadi. Uning muallifi Imom Buxoriy hadisshunoslikning eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan milodiy 9-asrda yashab o‘tgan 6 muhaddis ichidan “Hadis ilmida amir al-mo‘miniyn” degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan.

Uning to‘liq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn al-Mug‘iyra ibn Bardazbeh al-Juafiy al-Buxoriy bo‘lib, u hijriy hisobda 194 yil shavvol oyining 13-kuni (810 yil 20 iyul)da Buxoro shahrida tavallud topgan.

Buxoriy zehni o‘tkirligi va yodlash qobiliyatining kuchliligi bilan ham xalq orasida g‘oyat shuhrat qozongan. Manbalarda al-Buxoriyning 600 mingga yaqin hadisni yod bilgani qayd qilingan. “Al-jome’ as-sahih” asari “Sahiyh al-Buxoriy” nomi bilan ham mashhur. Uning g‘oyat ahamiyatli tomoni shundaki, Imom al-Buxoriygacha o‘tgan muhaddislar o‘z to‘plamlariga eshitgan barcha hadislarini tanlab o‘tirmay qatorasiga kiritaverganlar. Imom al-Buxoriy esa turli roviylardan eshitgan hadislarni tabaqalarga bo‘lib, ularning ishonchlilarini ajratib, alohida kitob yaratdi.

Buxoriy 870 yil 1 sentabrda Samarqandning Xartang qishlog‘ida vafot etadi. Muhaddis maqbarasi atrofi ziyoratgoh-majmua hisoblanadi.

Buxoriy yashagan hudud haqida taxminlar

Muhaddisning biografiyasida uning 810 yil Buxoroda tug‘ilgani aytilgan xolos. Kun.uz suhbatdosh bo‘lgan tarixchilar Buxoriy tug‘ilgan joy haqida bir nechta taxminni keltirishdi.

Tarix tadqiqodchisi, O‘zbekiston Inson huquqlari xalqaro jamiyatining Buxoro bo‘limi a’zosi, YuNeSKOning tarixiy obidalar va madaniy yodgorliklari bo‘yicha kuzatuvchisi Komil Ikromovning aytishicha, Imom al-Buxoriy tug‘ilgan joy hozirgi kunda Buxoro shahrida joylashgan Xo‘ja Zayniddin hovuzi deb ataladigan hudud bo‘lishi mumkin. Bu hovuz 16-asrda Abdullaxon davriga kelib qurilgan.

Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi. Imom Buxoriyning uyi shu paytgacha saqlanib qolmaganiga qanday sabab bo‘lgan?

Komil Ikromovning aytishicha, Buxoriy islom olamida katta mavqega ega bo‘lgani sabab asta-sekin butun dunyoning turli hududlaridan odamlar Buxoroga Buxoriyni ziyorat qilish uchun kelgan.

“Mening taxminimcha, ziyoratchilar xudoga sig‘inishni bir chetga surib, odamga yoki uylarga, Buxoriy kirib chiqqan eshiklarga sig‘ina boshlashgan bo‘lishlari mumkin, bu hudud odamlar sig‘inish darajasiga olib bormasliklari uchun hovuzga aylantirilgan. Ko‘pchilik sayyohlar Buxoroga kelishganda mendan Buxoriyning qabrini va uning uyini so‘rashadi. Qabrining Samarqanddaligini aytaman-u, tug‘ilgan uyi va yashagan hovlisi haqida bir aniq javob berolmayman. Hozirgi kunda Xo‘ja Zayniddin hovuzi hududi atrofi zich odamlar yashaydigan hovlilardan iborat”, – deydi Komil Ikromov.

Yana bir taxmin Buxoro shahridagi G‘oziyon majmuasi jonlashgan yer hisoblanadi. Bu taxminni fizika-matematika fanlari doktori, AQSh Yahudiylar geneologiyasi ilmiy-tekshirish instituti professori, tarixchi olim Qurbonov Saidjon G‘ulomovich ilgari surmoqda.

“7-8-asrlarda Buxoroning Poykent hududlarida arablar istilosi boshlanib, katta janglar bo‘lib o‘tadi. Aniq manbalarga asosan, buyuk Buxoriy tug‘iladigan oila Poykent shahrida yashagan. Arablar bosqini sabab boshqa poykentliklar qatori Buxoriy oilasi ham Poykentni tark etgan va Buxoroning 16-asridan to hozirgi kungacha G‘oziyon deb ataladigan hududiga ko‘chib kelgan. Imom al-Buxoriyning tug‘ilishidan oldin , bu hudud poykantilar zich joylashgan mahallalardan iborat bo‘lgan. Ularning asosiy yashash joyi ham shu hududlar bo‘lishi kerak”, – deydi professor Saidjon G‘ulomovich.

Yana bir taxminga ko‘ra, tilga olinayotgan manzil Buxoro viloyati Yakkatut temiryo‘l stansiyasida joylashgan.

“Buxoriy yashagan joy Boykent deb nomlangan shahar bo‘lgan joy – hozir bu shahar yo‘q bo‘lib ketgan – Buxoroning janubi g‘arbida 60 kilometr uzoqlikda bo‘lishi mumkin. Men u joyni o‘zim borib ko‘rmaganman. Qo‘limdagi manbalar asosida aytyapman”, – deydi Imom al-Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi Nodir Qobilov.

Qaysi taxmin haqiqatga yaqin?

Komil Ikromovning aytishicha, Buxoriy tug‘ilgan joy deb taxmin qilinadigan G‘oziyon hududi Buxoro shahrining 4-bosqich qurilishida qurilgan. Ilm odamlari boy bo‘lmasa ham o‘ziga to‘q bo‘lgani sabab ular markazroqda yashashga harakat qilishgan. G‘oziyon esa o‘sha davr uchun shaharning chekka hududi bo‘lgan.

“Xo‘ja Zayniddin hovuzi joylashgan mahalla asosan ziyolilar to‘planadigan, yashaydigan joy bo‘lgan. Ko‘p daholar shu yerda tug‘ilgan, yashagan. Buxoriy ham shu joyda tug‘ilgan bo‘lishi kerak. Xo‘ja Zayniddinning Imom al-Buxoriy bilan qarindoshlik rishtalari bor yo yo‘qligi haqida menda biror manba yo‘q. U sufizmning Naqshbandiya oqimi shayxlaridan biri bo‘lgan”, – deydi u.

Imom al-Buxoriy Xo‘ja Abu Hafs Kabirning shogirdlaridan bo‘lgan. Ikkalasi ham qariyb bir zamonda yashagan. Abu Hafs Kabir (Hojatbaror) 767 yilda tug‘ilib, 832 yilda Buxoroning hozirgi Hazrati Imom qabristoni hududida dafn qilingan. Bu paytda Buxoriy 22 yoshda bo‘lgan.

Nima qilish kerak?

Madaniy meros agentligi matbuot xizmatining ma’lumot berishicha, yangi obektlarni qidirib topish Fanlar akademiyasi vazifasiga kiradi, moliyaviy tomonini ular hal qiladi.

“Yangi obektlarni topish va o‘rganish bilan Madaniy meros agentligining hududiy boshqarmalari shug‘ullanadi, faqat bu uchun olimlarning yoki tegishli tashkilotlarning ilmiy asoslangan xulosasi kerak. Ma’lumot asosli bo‘lsa, ya’ni Madaniy meros agentligining Ilmiy ekspert kengashi obekt rostanam tarixiy amiyatga egami yo‘qmi shunga baho beradi va Madaniy meros agentligi borib, o‘rganib, davlat himoyasiga oladi. Buning uchun obekt joylashgani taxmin qilingan mahalliy hokimlik yoki hududiy madaniy meros boshqarmasiga yozma ravishda va ilmiy asoslangan dalillarni keltirgan holda murojaat qilish kerak", – dedi agentlik rasmiysi Kun.uz'ga.

Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi direktori Farhod Maqsudovga murojaat qilganimizda akademiya moddiy manbalarni tadqiq qilishini aytdi.

“Imom al-Buxoriy yashagan joy yozma manbalar asosida tadqiq qilinishi kerak. Yozma manba asosida ishlaydigan tashkilot bizda Sharqshunoslik instituti hisoblanadi. Men arxeolog sifatida suyagini ochib berishim mumkin. Arxeologiya institutining vazifasi undan iborat emas”, – deydi u.

Buxoriy yashagan hududni aniqlash bo‘yicha biror loyiha bor-yo‘qligini bilish uchun Buxoro viloyati hokimligiga chiqqanimizda, hokimlikda bu yo‘nalishda biror yangilik yo‘qligini ma’lum qilishdi.

“Hokimlikda aynan tadqiqot olib boriladigan bo‘limlar ham yo‘q. Balki Turizm vazirligi tashabbus ko‘rsatib, qo‘llab-quvvatlasa, hokimlik ham qo‘ldan kelgancha yordam beradi. Chunki bu tarix tiklansa, ham faxr biz uchun”, – dedi Buxoro viloyati Diniy kotibiyat mudiri G‘olib Barotov.

Buxoriy yashagan joyni topishdan O‘zbekiston qanday manfaatdor?

Avvalo, Buxoriy haqida aholisining aksariyati musulmon bo‘lgan davlatlarda ko‘p gapiriladi, ilmi o‘rganiladi. Ularning Buxoriyga qiziqishi yuqori.

Oxirgi 5 yillik statistikani oladigan bo‘lsak, 17,3 million sayyoh O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Shularning asosiy qismi – 14,8 millioni qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondan kelganlar hisoblanadi. Arab davlatlari Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Qatar, Kuvayt kabi davlatlardan esa jami 13 mingga yaqin, Malayziyadan qariyb 9 ming, Turkiyadan 202 ming sayyoh tashrif buyurgan.

O‘zbekistonga asosiy tashrif buyuruvchi bo‘lgan qo‘shni davlatlar aholisining aksari musulmon ekani, jumladan Turkiya aholisining ham asosiy qismi musulmon ekani inobatga olinsa, O‘zbekiston islom olamida e’zozlanadigan shaxslar qadamjolarini topishdan manfaatdor. Komil Ikromovning gapiga tayanadigan bo‘lsak, musulmon yurtlardan kelgan sayyohlarning aksari Buxoriy yashagan joyni ko‘rish, u haqda ko‘proq bilishni istaydi.

O‘zbekiston eng ko‘pi bilan 2019 yilda 8 million xorijlik sayyoh jalb qilgan bo‘lsa, o‘sha yili Turkiya 52 millionga yaqin chet ellik sayyohlarni qabul qilgan. Va hozir dunyodagi oltinchi eng mashhur sayyohlik yo‘nalishi hisoblanadi. O‘zbekiston ham davlatchilik, tarixiy sayyohlik maskanlari bo‘yicha Turkiyadan qolishmaydi.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist

Top