13:29 / 25.08.2022
41017
Mbappening noshukrligi avjiga chiqdi. U «PSJ»ni parchalashi mumkin

Dunyodagi eng yuqori maoshni olayotgan hujumchi kiyim almashtirish xonasiga parokandalik keltirmoqda. «Real» uni sotib olmaganidan xursand bo‘lsa ham bo‘ladi.

Foto: Getty Images

«PSJ» hujumchisi Kilian Mbappening jamoadoshlari bilan munosabati yaxshi emas. TNT Spors xabariga ko‘ra, fransiyalik futbolchi shartnomasini uzaytirishga rozi bo‘lganida, boshqa futbolchilar unga maydonda «gollar urishda yordam berishi» va’da qilingan. Ammo sheriklariga bu fikr yoqmagan va endi hujumchi o‘zini jamoadan uzilgandek his qilmoqda. Bu holat allaqachon futbol maydonida va undan tashqarida bir necha bor yuzaga chiqqan.

«PSJ» mavsumni ajoyib boshladi, Fransiya Superkubogida «Nant» (4:0), shuningdek, chempionatda «Klermon» (5:0), «Monpele» (5:2) va «Lill» (7:1) yanchib tashlandi. So‘nggi o‘yinda Mbappe het-trik qayd etdi, jumladan, birinchi golini 8-sekundda urdi. Bu musobaqa rekordi hisoblanadi. Kilianning yulduz sheriklari ham porladi. Neymar ikkita gol urdi va uchta golli uzatmani amalga oshirdi, Lionel Messi ham gol urdi va bitta pas berdi.

«Lill»ga qarshi o‘yin Mbappe uchun mojarosiz kechdi. Ammo «Per-Morua» arenasidagi ajoyib natijadan bir necha kun oldin u fransuz matbuotining salbiy sarlavhalaridan joy olgan, shu tufayli, qisqa muddatli sukunat hech narsani anglatmasdi.

Mbappe va Neymar o‘rtasidagi mojaro hal qilingani aytildi, ammo amalda unday emas

Mbappening xudbinligi chempionatning 2-turidan o‘rin olgan «Monpele»ga qarshi o‘yinda yaqqol ko‘rindi. Kilian epizodlardan birida jamoaning hujumkor harakatini namoyishkorona sabotaj qildi, bu esa parijlik muxlislarning g‘azabiga sabab bo‘ldi. U bir vaziyatda Lionel Messini turtib yubordi. Buni ohista va tasodifan qilgandek tuyuldi. Ammo Leoning asabiy va taajjubli reaksiyasi translatsiya efiriga tushib qoldi.

TNT Spors xabariga ko‘ra, birinchi bo‘limdan so‘ng Mbappe boshqa futbolchilar bilan tajang suhbat o‘tkazgan, unga murabbiylar shtabi a’zolari aralashishga majbur bo‘lgan. Kilian «PSJ»ning asosiy yulduzi ekani, kombinatsiyalarni o‘zi yakunlashi lozimligi va to‘p bilan ko‘proq ishlashga majbur emasligini faol tushuntirishga uringan.

Mbappening asosiy mojarosi Neymar bilan yuz berdi. Kilian birinchi bo‘limda penaltini aniq amalga oshira olmadi. Ikkinchi marta belgilangan penaltidan Neymar gol urishga erishdi. Bungacha Mbappe hissiyotli tarzda braziliyalik jamoadoshi bilan tortishgan, ammo baribir unga zarbani bajarish huquqini bergandi.

«Monpele»ga qarshi o‘yindan keyin ziddiyat avj oldi. Ijtimoiy tarmoqlarda Mbappe «PSJ» klubida asosiy penaltichi bo‘lmasligi kerakligi haqida postlar tarqaldi, Neymar bunday postlardan 2 tasiga layk bosdi. Get French Football News xabariga ko‘ra, futbolchilar o‘rtasida uzoq vaqtdan beri adovat bor. Jumladan, Mbappe shartnoma yangilanganidan so‘ng darhol Neymarni sotishni so‘ragan. Klub prezidenti Nosir Al-Xilayfiy buni amalga oshirishga harakat qilgan, biroq transferning maqbul varianti topilmagan.

Kristof Galte bosh murabbiy etib tayinlangach, Mbappe va Neymar o‘rtasidagi ziddiyat biroz vaqt «muzlab qoldi». Ammo oxir-oqibat mojaro hal qilinmagani ma’lum bo‘ldi. Bu «Monpele»ga qarshi o‘yinda oydinlashdi. Klub direktori Luish Kampush, bosh murabbiy va janjal sababchilari zudlik bilan navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazishdi.

Himoyachi Serxio Ramos vositachi vazifasini bajardi. Le Parisien xabariga ko‘ra, 36 yoshli faxriy vaziyatga aralashib, muammoni hal qilishga yordam bergan. Endi Kristof Galte hammasi yaxshi ekaniga ishontirmoqda.

«Hech qanday keskinlik yo‘q, bu umuman muammo emas. «Monpele»ga qarshi o‘yindan so‘ng biz gaplashib oldik va hamma narsani joy-joyiga qo‘ydik. «Lill»ga qarshi o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Har bir mashg‘ulotdan mamnunman. Barcha kelishmovchiliklar hal qilindi. Ikkinchi penalti belgilangan vaziyatda hech narsa sodir bo‘lmadi. Neymar va Mbappe fikr almashishdi, hammasi juda tez sodir bo‘ldi. Neymar gol urishiga ishonch hosil qilganida, Kilian zarba yo‘llash huquqini unga berdi», dedi parijliklar bosh murabbiyi.

So‘zda mojaro hal qilingani aytildi, lekin amalda emas. Vaziyat juda nozik. L’Équipe xabariga ko‘ra, Galte ataylab Lionel Messi, Kilian Mbappe va Neymar teng kuchli ekanini ochiqchasiga ta’kidlamoqda. Murabbiy matbuotdagi chiqishlarida ehtiyotkorlik bilan gapiryapti va bir yulduzni boshqasidan ustun qo‘ymaslikka harakat qilyapti. Shuningdek, himoyachi Serxio Ramos yulduzlar bilan muloqot qilishda Galtega yordam berayotgani ham aniq.

Mbappe shov-shuvli sarlavhalardan tushmayapti

UOL Esporte yaqinda Mbappeni keskin tanqid qiluvchi maqolani e’lon qildi. Qayd etilishicha, Kilian «PSJ» kiyim almashtirish xonasida shakllangan lotin amerikaliklar guruhidan norozi. 23 yoshli hujumchi klub bilan yangi shartnoma imzolaganidan keyin o‘zgarib qolgan. Jamoadoshlari endi uni «erkalanib ketgan» va «chidab bo‘lmas» deb ta’riflamoqda.

Qayd etilishicha, Mbappe Al-Xilayfiydan kiyim almashtirish xonasida shakllangan «Argentina Respublikasi»ni yo‘qotishni so‘ragan. Uning tarkibiga Lionel Messi, Anxel Di Mariya, Mauro Ikardi va Leandro Paredes kirgan, shuningdek, Ander Errera, Keylor Navas va Neymar ham ushbu guruh bilan yaqindan muloqot qilgan.

Mbappe «Real»ga o‘tishdan bosh tortib va «PSJ»da qolib, o‘zini qiroldek his qilgan ko‘rinadi. Sky Spors xabariga ko‘ra, hujumchi yangi shartnomaga asosan oyiga 4,75 million yevro maosh oladi. Bu bilan Kilian sayyoradagi eng ko‘p maosh oluvchi futbolchiga aylandi, shuningdek, klubning kadrlar siyosatiga katta ta’sir o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ushbu norasmiy ma’lumot amalda bir necha bor isbotini topgan.

«PSJ» klubining yangi sport direktori Luish Kampush «Monako»da Mbappe bilan birga ishlagan va uni juda yaxshi biladi. Fransiyaning bir necha sport nashrlari xabariga ko‘ra, «PSJ» tarkibda keng ko‘lamli tozalashni rejalashtirmoqda. Jumladan, Kampush jamoani ko‘proq «fransuzcha» va kamroq «ispancha» qilmoqchi.

Klubning harakatlari bu taxminlarni tasdiqlayapti. Yozda «PSJ» Anxel Di Mariyaga erkin agent sifatida ketishiga ruxsat berdi. «Yuventus» bilan kelishib olgan yana bir argentinalik yarimhimoyachi Leandro Paredes ham qo‘yib yuboriladi. Hujumchi Mauro Ikardi «Galatasaroy»ga o‘tmoqchi. Ander Errera «Atletik» bilan shartnoma imzolashga yaqin. Keylor Navas darvozadagi asosiy o‘rnini Janluiji Donnarummaga bo‘shatib bergan, bu ham bejiz emas. Bu voqealar ortida «Mbappening qo‘li» borligi sezilmoqda. Neymarni ham unutmaslik kerak. Shunchaki, mashhur braziliyalikdan osonlikcha qutulish juda qiyin. Ammo Mbappe, albatta bunga erishish uchun xufyona harakatini to‘xtatmaydi.

UOL Esporte xabariga ko‘ra, Neymarning maqomi qanday bo‘lishi haqida Mbappe va Messi o‘rtasida yashirin raqobat elementi bor. Kilian Leoga qarshi emas, ammo uning braziliyalik intizomsiz do‘sti klubga zarar yetkazayotganiga ishonadi.

Albatta, Messi va Neymar boshchiligidagi «lotin amerikaliklar guruhi» sodir bo‘layotgan voqealardan norozi va Mbappening talablariga bo‘ysunmoqchi emas. Hozircha ularning ovozi ham muhim ahamiyatga ega va rahbariyat Kilianning barcha injiqliklarini bir zumda bajara olmaydi.

Mbappe o‘tgan hafta matbuotda hujumga uchradi

Lotin Amerikasida kutilganidek Neymarning yonini olishdi. Gap faqat matbuotdagi maqolalar haqida ketmayapti. Braziliya milliy jamoasi bosh murabbiyi Tite Mbappening Janubiy Amerika jamoalarining saviyasi haqidagi gapini eslatib qo‘yishga qaror qildi. May oyida Kilian xorijda futbol Yevropadagi kabi rivojlanmaganini aytgandi.

«Balki Mbappe Millatlar Ligasi yoki o‘rtoqlik o‘yinlari haqida gapirayotgandir, lekin jahon chempionati saralashida bunday emas. Hurmat saqlagan holda aytamanki, bizda Ozarboyjonga o‘xshash jamoalar yo‘q. Bizda nafas rostlab olinadigan o‘yinlar yo‘q. Janubiy Amerikadagi saralash Yevropadagi guruh bosqichiga qaraganda ancha qiyin», dedi Tite.

Titening gaplari kimga qaratilgani aniq – Mbappe o‘zini Janubiy Amerika yulduzlaridan ustun qo‘ya olmaydi. Braziliyalik murabbiy Kilianning Neymar bilan bo‘lgan mojarosidan so‘ng bu so‘zlarni aytishi bejiz emas.

Yevropaliklar orasida ham Mbappening taniqli tanqidchisi topildi. Angliya milliy jamoasining sobiq hujumchisi, MLS vakili «Di Si Yunayted» klubida bosh murabbiylik qilayotgan Ueyn Runi uning xatti-harakatlarini tushunmasligini aytdi.

«Mbappe Messini yelkasi bilan turtib yubordi. Men hayotimda bundan ham katta xudbinlikni ko‘rmaganman. Kimdir Mbappega eslatishi kerakki, Messi 23 yoshidayoq to‘rtta «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan edi», dedi Runi.

«Lill»ga qarshi o‘yin «PSJ» klubidagi barcha kelishmovchiliklar bartaraf etilgandek taassurot qoldirishi mumkin. Biroq, Mbappe shunchaki tinchlanib qolishi dargumon.

Kilian dunyodagi eng qimmat shartnomaga ega bo‘lganidan keyin «yulduzlik kasali»ga chalingan ko‘rinadi. Uning noshukrligi chegaradan chiqib ketmoqda. U hech tortinmasdan, kameralar oldida o‘zini butun jamoadan ustun qo‘ymoqda, injiqliklari oqibatini o‘ylamay «PSJ»ni buzmoqda. Chempionatdagi raqiblar juda kuchsiz, ularni jamoa ichidagi mojarolar fonida ham mag‘lub etish mumkin. Ammo Chempionlar Ligasida bunday qiliqlar o‘tmaydi. «PSJ»da qanday jamoa shakllangani, muhit qanday ekanini o‘sha turnirda bilib olish mumkin.

Top