10:04 / 25.08.2022
14811

Navalniy yana jazo izolyatoriga joylashtirildi

Navalniyni JIZOga jo‘natilishiga uning bir necha soniya davomida qo‘llarini orqasida tutmagani sabab bo‘lgan.

Foto: Picture Alliance

Aleksey Navalniy besh kunga jazo izolyatoriga jo‘natildi, bu haqdagi yozuv 24 avgust, chorshanba kuni muxolifatchining ijtimoiy tarmoqlarida paydo bo‘ldi.

Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, u bir necha soniya davomida qo‘llarini orqasida ushlab turmagani uchun jazo izolyatoriga jo‘natilgan. «Buyurtma aniq Moskvadan kelgan. Hatto Rossiyaning JIZO qamoqxonasi me’yorlariga ko‘ra, 3 soniya davomida qo‘llarni orqada tutmaslik bunga sabab bo‘la olmas edi», deb hisoblaydi Navalniy. 

Avvalroq, Navalniy avgust oyida ham jazo izolyatoriga yuborilgan edi. Bunga ish xalatining yuqori tugmasi yechib qo‘yilgani sabab bo‘lgan. 

Aleksey Navalniy fevral oyi boshida Moskvaning Simonovskiy tuman sudi «Iv Roshe» ishi bo‘yicha unga chiqarilgan shartli hukmni haqiqiy 3,5 yillik qamoq jazosiga o‘zgartirgani uchun ozodlikdan mahrum etish joylariga jo‘natildi. Rasmiy sabab - muxolifatchi jazoni ijro etish komissiyasiga hisobot berish uchun belgilangan kunlarda kelmagan. Ammo, u 2020 yil avgustidan boshlab, «Novichok» bilan zaharlangani hamda Germaniyaga davolanish uchun olib ketilganidan so‘ng, umuman inspektor huzuriga kelishni to‘xtatgan. 

Navalniy va uning advokatlari sudga muxolifatchi jismoniy jihatdan inspektorning oldiga borish imkoniga ega bo‘lmaganini bildirgan, sababi u Germaniya klinikalaridan birida avval statsionar, keyin esa ambulator davolangan va bu haqda jazoni ijro etish inspeksiyasini xabardor qilgan. 

22 mart kuni sud Aleksey Navalniyni «firibgarlik va sudni haqorat qilish» ishi bo‘yicha to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum etildi. Lefortovo sudining sayyor majlisi Navalniy «Iv Roshe» ishi bo‘yicha jazo muddatini o‘tayotgan Pokrovdagi 2-sonli koloniyada o‘tkazildi. Prokuror Nadejda Tixonova unga 13 yillik jazo muddati berilishini so‘radi. Navalniy 14 iyun kuni IK-6’ga o‘tkazildi.

Mavzuga oid
Top