16:35 / 28.08.2022
23170

Sami Yusuf: «Samarqandda o‘zimni uydagidek his qilaman»

«Ipak yo‘li» xalqaro turizm markazining ochilishida so‘zga chiqqan britaniyalik taniqli bastakor va ijrochi Sami Yusuf musiqa haqidagi fikrlari, ijodiy yo‘li va rejalari haqida so‘zlab berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Samarqandni bolaligidan bilgan, chunki u Ipak yo‘lining qoq markazida bo‘lib, ko‘plab xalqlarning an’ana va urf-odatlarini o‘zida mujassam etgan. 

«Bu shahar mening musiqamga juda mos keladi, u ham ushbu yo‘nalish o‘tgan mamlakatlar madaniyatlarining aralashmasidir. Demak, Samarqand haqidagi bilimlar mening ijodimda o‘z aksini topdi, deyishimiz mumkin», deydi u.

Biroq, Sami Yusufga ko‘ra, Samarqandga kelganida ko‘rganlari kutganidan ham ortiq bo‘lgan. 

«Uning shunchalik go‘zal ekanligini bilmasdim. Ajoyib sifatli fotosuratlarni ko‘rish o‘z yo‘liga, ammo bu haqiqatan ham shunday ekanligi ma’lum bo‘ldi. Shuning uchun bu shaharni hamma ko‘rishi kerak. Samarqandning go‘zalligini hech narsa bilan solishtirib bo‘lmaydi», deydi bastakor.

Sami Yusuf o‘z oilasi haqida ham ma’lumotlar bilan bo‘lishdi. 

«Menimcha, har qanday musiqachi ota o‘z farzandlarini uning izidan borishdan qaytarishga harakat qiladi, chunki musiqa, aktyorlik va umuman ijodda ko‘p pul topa olmasligimizni hammamiz bilamiz. Bu beqaror ish. Shuning uchun Buyuk Britaniyada muhojir bo‘lgan otam meni muhandis, huquqshunos yoki shifokor bo‘lish yaxshiroq ekanligiga ishontirishga harakat qildi. Uning uchun bu barqarorlikni anglatardi. Rostini aytsam, men ham shuni xohlardim. Yoshligimdan musiqa olamida bo‘lganim uchun men bu sohani salbiy tomondan ko‘rish imkoniga ega bo‘ldim. Natijada men yuristlikka o‘qishni boshladim va shu mutaxassislik bo‘yicha diplom olishni rejalashtirdim. Ammo taqdirning men uchun boshqa rejalari bor edi. Shu bilan birga, aslida musiqani o‘zimning ishim deb hisoblamayman, bu mening hayotim. Mening didimni bolaligimdan otam shakllantirgan. U menga maqom, dastgoh, mug‘om kabi an’anaviy musiqa uslublarini o‘rgatdi, shuningdek, mumtoz musiqa, jumladan, G‘arb musiqasi bilan ham tanishtirdi. Shunga qaramay, an’anaviy musiqa mening sevgimga aylandi», deydi ijrochi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek musiqasiga ham mehri katta. Shoshmaqom ham Ozarboyjondagi mug‘om singari madaniy, ma’naviy, falsafiy meros bo‘lib, u xalqning DNKsi, insonlarning muqaddas xotirasi, u ana shu kuylar orqali yetkaziladi.

«Shoshmaqom bu - oddiy tovushlar emas. Ular bizning e’tiborimizni, bilimimizni talab qiladi. Pop musiqa kabi emas, tinglash oson, hamma uchun tushunarli. Men hurmatsizlik qilmoqchi emasman, lekin estrada musiqasi fastfud kabi narsadir. Shoshmaqomda qandaydir muqaddaslik bor. Bu musiqaning ildizlari tarixga borib taqaladi», deydi Sami Yusuf.

Unga ko‘ra, o‘zbek ijrochilari bilan hamkorlik qilish uchun doimo tayyor. 

«Yuqorida aytganimdek, o‘zimni madaniyatingizga, xalqingizga yaqin his qilaman, shuning uchun men bastakor, musiqiy rejissyor sifatida o‘zbek milliy musiqasini dunyoga yetkazish uchun butun bir musiqiy loyiha qilishga tayyorman. U Buyuk Britaniyadagi Albert Holl yoki Karnegi Hollda yangrashga loyiqdir.

Yurtingizda bo‘lish va chiqish qilish men uchun katta sharafdir. Men Samarqandda, «Abadiy shahar»da konsert berishni juda xohlayman. Menimcha, bu ajoyib joy: ajoyib atmosfera, ajoyib fantastik arxitektura, yaxshi akustika. Bir oqshom ulkan konsert sahnasida chiqishdan ko‘ra, bu yerda ketma-ket o‘n kecha chiqishni afzal ko‘raman. Axir mening musiqam an’anaviy – bu tinglovchi bilan samimiy muloqot. Arenada esa musiqadan, tovushdan, san’atkordan yiroqsiz. Men o‘z chiqishlarimga o‘zbek sozandalarini jalb qilishni juda xohlardim. Tez orada tinglovchilarim bilan uchrashishga umid qilaman. InshaAlloh», dedi Sami Yusuf.

U o‘z millati haqida ham gapirib o‘tdi. «Men o‘z ildizlarimni juda yaxshi ko‘raman, men Ozarboyjon musiqasi va madaniyatini yaxshi ko‘raman, shu bilan birga, men Buyuk Britaniyada katta bo‘lgani uchun bu mamlakatni ham yaxshi ko‘raman, bu mening uyim. Biroq Samarqandga kelganimda bu yerda ham o‘zimni uydagidek his qildim. Go‘yoki bu shahar bilan tushunarsiz aloqalarim bor – madaniy, musiqiy. O‘ylaymanki, kimdir madaniyatlarning bunday boy merosini olib yursa, bu faqat yaxshi narsani anglatishi mumkin.

Sami Yusuf O‘zbekistonga tashrif buyurish uchun sabablar haqida o‘z fikrini bildirdi.

«Birinchidan, bu - noyob tajriba. Arxitektura bilan tanishish - buni boshqa joyda, hech qanday muzeyda ko‘rmaysiz. O‘zbekistonga mehmondo‘stlikni his qilish, ajoyib insonlar bilan tanishish, aqlbovar qilmaydigan diqqatga sazovor joylarni ko‘rish uchun kelish kerak. Bu yerga musiqa, madaniyat, san’at uchun keling. Ishonchim komilki, bu yerda juda ko‘p qiziqarli narsalar sodir bo‘ladi. Men xotinim bilan bu yerga sayyoh sifatida qaytaman», dedi u intervyu davomida.

Top