19:36 / 29.08.2022
18732

Amerikaning yangi yordam paketi. Ukraina armiyasi hujumga o‘tish uchun qurollantirilmoqdami?

Amerikaning Ukrainaga navbatdagi harbiy yordam paketi quruqlikdagi janglar uchun mo‘ljallangan. Bu paket doirasidagi qurol va texnikalardan Ukraina qurolli kuchlari va’da qilib kelayotgan hujum amaliyotlarida foydalanish mumkin. Pentagon saytida e’lon qilingan ro‘yxatda yengil gaubitsalar, razvedkachi dronlar, minalardan tozalash uchun mashinalar va radiolokatsiyaga qarshi raketalar o‘rin olgan.

Xarkiv yaqinidagi ukrain harbiysi «Grad» batareyasini o‘t ochishga tayyorlamoqda. Artilleriya - Ukrainadagi urushda asosiy zarba berish vositasi. Foto: ANADOLU AGENCY

Ukrainada frontdagi vaziyat hozirda nisbatan barqaror bo‘lib qolmoqda. Rossiya armiyasi hujum qilishga urinmoqda, ammo so‘nggi haftalarda oldinga siljishlar deyarli kuzatilmadi.

Ukraina armiyasi Xerson shahri atrofida keskin vaziyat hosil qilishga muvaffaq bo‘lgan, Rossiya armiyasining Dneprning o‘ng sohilidagi qismlari ta’minoti uchun muhim bo‘lgan ko‘priklarga jiddiy shikast yetkazilgan, shuningdek Ingulets daryosi bo‘yidagi platsdarm egallangan. Bu vaziyat Rossiya qo‘shinlari ta’minotini jiddiy tahdid ostida qoldiradi.

So‘nggi vaqtlarda ukrain siyosatchilari va harbiylari Ukraina qurolli kuchlari bu yo‘nalishda keng ko‘lamli hujum boshlashi ehtimoli to‘g‘risida ko‘p gapirishmoqda.

Bundan tashqari, Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi matbuot xizmati vakili Ondriy Yusov yaqin vaqtlar ichida front bo‘ylab muhim voqealar sodir bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Ekspertlar qayd etishicha, hozirda Rossiya keng ko‘lamli hujum uyushtirishiga tayyorgarlikdan o‘tgan piyodalar yetishmayapti, Ukrainaga esa qurollar.

19 avgust kuni Pentagon Amerikaning Ukrainaga harbiy yordamining yangi paketini e’lon qildi. Uning hajmi - qariyb 775 million dollarni tashkil etadi. Aniq raqamlar keltirilmagan.

Ammo yangi paketdagi qurollar yetkazilishi frontdagi vaziyatni o‘zgartira oladimi?

Yangi paket nimalarni o‘z ichiga oladi?

AQSh Ukrainaga yangi yordam paketi doirasida yetkazib bermoqchi bo‘lgan qurol va harbiy texnikalar ro‘yxatida allaqachon ko‘pchilikka tanish bo‘lgan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari uchun raketalar ham bor. Ukrainaga amerikaliklarning M270 MLRS va Germaniyaning MARS II baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari ham mavjud, ularda ham HIMARS orqali otiladigan GMLRS raketalarini qo‘llash mumkin.

Aynan qancha miqdorda raketa yetkazib berilishiga aniqlik kiritilmagan. Rossiyaning front orti hududidagi nishonlarni o‘qqa tutish taktikasi Ukraina mudofaasining muhim jihati bo‘lib qolmoqda, shu tufayli Ukrainada bunday raketalarga ehtiyoj juda yuqori.

Paket doirasida ming dona Javelin (bu uchirish moslamalari yoki raketalar ekaniga aniqlik kiritilmagan) va turli uchirish moslamalari uchun ikki ming dona tankka qarshi raketalar yetkazib berish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, GMLRS rusumli yuqori aniqlikdagi reaktiv snaryadlar (ro‘yxatda bu HIMARS uchun o‘q-dorilar ekani ko‘rsatilmagan, ammo odatda bunday baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan aynan shunday, 70 kilometr masofadagi nishonga yetib boruvchi raketalar otiladi) hamda tankka qarshi majmualar uchun o‘q-dorilar (bular har qanday sharoitda sarflash mumkin bo‘lgan raketalardir) yuboriladi.

Yengil va tezkor gaubitsalar

Pentagon ro‘yxatidagi boshqa tizimlar qatorida - 16 dona 105-millimetrli yengil gaubitsalar haqida gap ketadi, bu katta ehtimol bilan, M119 (avvalroq Buyuk Britaniya yetkazib bergan shu turdagi L119 gaubitsalariga qo‘shimcha) va bunday qurollar uchun 36 ming dona snaryad.

Bular avvalroq yetkazib berilgan 155 millimetr kalibrli M777 gaubitsalari kabi kuchli qurol emas. L119 oddiy snaryad qo‘llanganda atigi 14 kilometr masofaga otadi, bu masofa sovetlarning D-30 gaubitsalariniki bilan deyarli teng.

L119 - havo orqali ham tashish mumkin bo‘lgan yengil gaubitsadir. Foto: AFP

Ammo L119 ning katta ustunligi bor - u ancha yengil qurol. D-30 gaubitsasi 3,2 tonna tosh bosgani holda, britaniyaliklar quroli vazni 1,8 tonnani tashkil etadi. Bu juda muhim afzallikdir, chunki yengil dala quroli tezda pozitsiyani o‘zgartira oladi, uni HUMVEE yo‘ltanlamasi (yangi to‘plam shu kabi 50 ta mashinani o‘z ichiga oladi) yoki havoda vertolyot orqali tashish mumkin.

Boshqa so‘z bilan aytganda, M777 dan farqli o‘laroq (u havo-desant kuchlari uchun ishlab chiqilgan va vazni to‘rt tonna bo‘lishiga qaramay, yengil va aeromobil hisoblanadi), L119 tezda pozitsiyani o‘zgartirib, qarshi zarbadan qochib qolishi va yurish chog‘ida piyodalarga hamrohlik qilib borishi mumkin.

Minalardan tozalash uchun mashinalar

Ro‘yxatdagi Ukraina qurolli kuchlariga hujumga o‘tishda o‘ta foydali bo‘ladigan yana bir pozitsiya - minalardan tozalash tizimlari bo‘lib, bu to‘plam minalardan himoyalangan va minalarni zararsizlantiruvchi qurilmalar bilan jihozlangan 40 dona MaxxPro zirhli avtomobillaridan iborat.

MaxxPro Afg‘onistonda. Bu mashinalarda minalarga qarshi tral (minalarni topadigan va zararsizlantiradigan qurilma) yo‘q edi
Foto: AFP

Ro‘yxatda ular «Ukrainaga mamlakat janubida va sharqida rossiyalik harbiylar tomonidan minalashtirilgan maydonlarni zararsizlantirishga imkon berishi» aytilgan.

BBC bilan intervyuda isroillik harbiy ekspert David Gendelmanning aytishicha, bunga qadar harbiy yordam paketlarida bunday vositalar uchramasdi.

«Biz bilamizki, ikki tomon ham maydonlarni yoppasiga minalashtirgan, shu tufayli Ukraina qurolli kuchlari hujumga o‘tishi uchun minalardan tozalash vositalarini kuchaytirish zarur. Shu sababli, bunday texnikalar yetkazib berilishi agar Ukraina qurolli kuchlarining zudlik bilan hujum boshlash rejasi haqida bo‘lmasa, kamida Pentagon bilan muzokaralarda ushbu masala {yurish boshlash} muhokama qilinganini ko‘rsatadi va zarur vositalarni ajratish boshlandi», degan ekspert.

Gendelman qayd etishicha, «minalardan tozalash tizimlari» formulirovkasi ancha noaniq ko‘rinadi hamda u qancha va qanday vositalarni nazarda tutgani tushunarsiz, ammo MaxxPro haqidagi qismi ayrim xulosalar chiqarishga imkon beradi.

«Minalarni zararsizlantiruvchi qurilmalarga ega 40 dona MaxxPro allaqachon aniq raqam, bu miqdor tanlangan operativ yo‘nalishlarda vazifalarni bajarish uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Ammo, minalardan tozalash tizimlari hali keng ko‘lamli hujumga o‘tish uchun zarur vositalarning birgina tarkibiy qismi, xolos», deydi u.

Radarlarga qarshi raketalar

Ro‘yxatdagi yana bir qiziqarli punkt - AGM-88 HARM rusumli radiolokatsiyaga qarshi raketalardir.

Birinchidan, Ukrainada allaqachon bunday raketalar qo‘llangani qayd etilgan. Ikkinchidan, Pentagonda ekspertlarning taxminlari rasman tasdiqlangan - ukrainlar ulardan o‘z samolyotlarida foydalanishni o‘rganib olishgan.

Bunday raketalar qoldiqlari avgust oyida Ukrainaning hozirda Rossiya tomonidan istilo etilgan hududlarida aniqlangan. O‘shanda bu syurpriz bo‘lgandi, chunki bunday raketalar yetkazib berilgani haqida xabar berilmagandi.

Agm-88 HARM - aviatsiya raketasi bo‘lib, odatda G‘arb armiyalari samolyotlarida qo‘llanadi. Foto: Getty Images

O‘shanda tarmoqda ukrainlar AGM-88 HARM raketalarini qanday qilib uchirishgani haqida taxminlar bildirila boshlangandi - havo orqali bu raketani uchirish uchun ukrainlarning MiG-29 va Su-27 samolyotlari alohida boshqaruv tizimlari bilan jiholanmagandi.

Haligacha tasdiqlanmagan taxminlardan biriga ko‘ra, Ukrainaga qandaydir yo‘l bilan Slovakiya yoki Ruminiyadan bunday raketalarni qo‘llash uchun modernizatsiya qilingan MiG-29 samolyotlari yetkazib berilgan (bunday samolyotlar yetkazib berilgani haqida rasman xabar yo‘q).

Ikkinchi versiya - ukrainlarning o‘z MiG-29 samolyotlari takomillashtirilgan. Ammo bu versiyani qo‘llab-quvvatlaydigan hech qanday texnik tafsilotlar ma’lum emas. MiGlarning bunday parvozlariga NATOning Ukraina chegarasidagi havo kengliklarida turgan razvedkachi samolyotlari yordam bergan bo‘lishi ham mumkin.

DefenseNews nashri bilan suhbatda AQSh Mudofaa vazirligining yuqori martabali amaldori ukrainlar MiGlardan shunday raketalarni uchira olishganini tasdiqlagan.

«Ukraina bu raketalarni muvaffaqiyatli qo‘lladi. Ular Ukraina samolyotlari tizimlariga muvaffaqiyat bilan integratsiya qilindi. Va bu Ukrainaga rossiyaliklarning radarlarini qidirish va yakson etish imkonini beradi», degan u.

Qanday bo‘lmasin, Pentagondagilar ukrainlar qandaydir tarzda havodan turib AGM-88 HARM raketalarini uchirishga qodirligini tan olgan.

Katta masofaga harakatlanadigan bu aviatsiya raketalari (150 kilometrgacha) yo‘naltiruvchi tizim bilan jihozlangan. Ya’ni ular yo‘q qilinishi kerak bo‘lgan radar nurini topa oladi.

Radar - har qanday havo hujumidan mudofaa tizimi batareyasining muhim elementi hisoblanadi. Shu tufayli aviatsiya raketalari hujumlarni qo‘llab-quvvatlashda juda samarali bo‘lishi mumkin: ular havo hujumidan mudofaa tizimlarini yo‘q qilish orqali aviatsiya harakati uchun qulay sharoit ta’minlashadi.

Yangi dronlar

Ro‘yxatdagi yana bir tizim shu vaqtgacha xorijga yetkazib berilmagan ScanEagle rusumli razvedkachi dronlaridir. Bu Insitu kompaniyasining yangi ishlanmasi. Yangi paketda bunday dronlardan 15 dona yetkazilishi ko‘rsatilgan.

ScanEagle - razvedka, kuzatuv va nishonni belgilash uchun mo‘ljallangan kichik dron bo‘lib, o‘rta balandlikda harakatlanadi. U 18 soatgacha havoda qolishi mumkin, himoyalangan kanallar orqali yerga yuqori sifatdagi batafsil tasvirlarni uzata oladi.

Bu juda sodda dron bo‘lib, dala sharoitida maxsus katapulta orqali havoga ko‘tarish mumkin. Shuningdek, uni istalgan joyda qo‘ndirsa bo‘ladi - maxsus ustundagi trosga mahkamlanadi.

Ukraina mojarosida razvedka tizimlari roli juda muhim - janglarni boshqarish tizimiga kiritilgan dronlar artilleriya zarbalari uchun nishonlarni belgilab beradi, onlayn rejimda raqib haqida ma’lumotlar yetkazib turadi.

Ular mudofaada ham, hujumga o‘tilganda ham foydalidir.

Pentagon ro‘yxatida tankka qarshi Tow majmualarini ham ko‘rish mumkin. Bu, bir tomondan ancha eskirib qolgan tizimdir, ammo boshqa tomondan, undan turli mobil platformalarda foydalanish mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, ancha vaqtdan buyon ishlatib kelinadigan qurollarga o‘q-dori topish oson. Ayni vaqtda Tow majmuasi dunyoning 20 dan ortiq mamlakatida qo‘llanadi. Pentagon Ukrainaga jami 1500 raketa yetkazishni va’da bermoqda (ular uchun uchirish moslamalari soni ko‘rsatilmagan).

Shuningdek, Pentagon ro‘yxatida himoyalangan kanallarga ega taktik aloqa vositalari, portlovchi moddalar, tungi ko‘rish moslamalari, teplovizorlar, optik va lazerli masofa o‘lchagichlar ham bor.

Maxfiy yetkazmalar bo‘lishi mumkinmi?

Rossiya egallab olgan hududda Ukrainaga yetkazib berilgani haqida oldindan xabar qilinmagan HARM raketasi qoldiqlari topilishi buni ritorik savolga aylantirdi, uning javobi esa tasdiq ma’nosida bo‘ladi.

Albatta, bugungi kunda, masalan, tanklar eshelonini boshqa mamlakatga maxfiy ravishda yetkazib berish deyarli imkonsiz. Lekin yuqori texnologik qimmatbaho aviatsiya raketalarini yashirincha yetkazish ancha osonroq.

Ekspert David Gendelmanning hisoblashicha, birinchidan, xorij mamlakati Ukrainaga qandaydir qurol turi yoki o‘q-dorilarni ommaga e’lon qilmasdan yetkazishi mumkin.

Ikkinchidan, uning qayd etishicha, Ukrainaga harbiy yordam yetkazilishi haqidagi e’lonlarda ham yetkazma hajmi aniq ko‘rsatilmaydi.

«Biz bir necha bor guvoh bo‘ldikki, e’lon qilingan qurol turlari qancha miqdordaligi mavhum qoldiriladi: masalan, bu paketda biz «105 mm uchun 36 000 artilleriya snaryadi» iborasini ko‘rishimiz mumkin, ammo unda «HIMARS uchun qo‘shimcha o‘q-dorilar» va «qo‘shimcha HARM raketalari» iboralari ham bor. Ya’ni to‘g‘ridan to‘g‘ri «noma’lum miqdorda yetkazib beramiz» deyilmoqda. Shuning uchun, yetkazmalar hajmini baholash imkonsiz», deya qayd etadi u.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top