09:44 / 30.08.2022
3766
Xorazm sharoitida sholi yetishtirishda suv tejovchi texnologiya joriy etilyapti

Bugungi kunda Xorazm viloyatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati tuproq-iqlim sharoitlarida sholi yetishtirishda suvni tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Foto: agro.uz

Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidagi fermer xo‘jaligidan 1 gektar tajriba maydoni belgilandi. Irrigatsiya instituti melioratsiya sug‘orma dehqonchilik yo‘nalishi doktoranti Javlon Qutlimurodov yomg‘irlatib va tomchilatib sug‘orish texnologiyasidan samarali foydalangan holda sholidan yuqori hosil olish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda.

Bu yerda ilgari ekin maydoniga daryo suvi yetib kelishi qiyinligi sababli, o‘simliklar vegetatsiya davrida suv kam talab qiladigan ekinlardan kuzgi bug‘doy va chorva o‘tlari ekib kelingan.

Tadqiqot natijalari asosida sholi biologik xususiyatlarini hisobga olgan holda yomg‘irlatib, tunda suv bermasdan oqovasiz qisqartirib, tomchilatib sug‘orish hamda kollektor-zovur suvlaridan samarali foydalanish texnologiyalari ishlab chiqiladi.

An’anaviy usulda sarflanadigan yillik suv miqdorini tuproq-iqlim sharoitlarida, navlar biologik xususiyatlariga qarab 50-60 foizga, urug‘lik sarfini 40 foiz tejash hamda ekilgan urug‘lar unuvchanligini 40 foizdan 60-70 foizga oshirishga olib kelinadigan yangi texnologiyalar yaratiladi. 

Suv tanqisligi sharoitida tavsiya etilgan yomg‘irlatib, tomchilatib, oqovasiz, qisqartirib, tunda suv bermasdan sug‘orish texnologiyalarini qo‘llash natijasida har gektar yer maydonida 5-6 ming kubometr suv tejaladi.

Qoraqalpog‘iston va Xorazm tuproq-iqlim sharoitlarida birinchi marta suv va resurs tejaydigan, atrof-muhitni muhofaza qiladigan ilmiy asoslangan sholi yetishtirish texnologiyalari ishlab chiqiladi.

Top