21:10 / 31.08.2022
37351

Ukrainaning bosib olingan hududlarida Rossiya tomoniga o‘tgan amaldorlar o‘ldirilmoqda. Ro‘yxat kengaymoqda

Rossiya bosqinini qo‘llab-quvvatlagan va Moskva tomonidan istilo qilingan hududlardagi vaqtinchalik ma’muriyatlardagi lavozimlarga tayinlangan ukrain amaldorlariga suiqasdlar uyushtirilayotgani haqidagi xabarlar urushning ilk davridayoq paydo bo‘la boshlagandi. So‘nggi vaqtlarda esa bunday xabarlar soni ortdi - bu Ukraina qurolli kuchlari Xerson oblastida qarshi hujum boshlagani haqidagi xabarlar fonida yuz bermoqda.

Foto: Stanislav Krasilnikov / TASS

Xerson oblastida Ukraina Oliy radasi sobiq deputati, Rossiya tomoniga o‘tgan Aleksey Kovalyov o‘ldirildi. U ishg‘ol etilgan Xerson oblastining yangi ma’muriyatidagi yagona ukrain amaldori edi, OAVda yozilishicha, u regiondan don hosili olib chiqilishiga mas’ul bo‘lgan.

Kovalyovning o‘limi haqidagi dastlabki xabarlar yakshanba kuniyoq tarqala boshlagandi. Dushanba kuni kechqurun bu ma’lumot Rossiya tergov qo‘mitasi tomonidan tasdiqlandi:

«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘qotar quroldan olingan jarohat oqibatida Xerson oblasti harbiy-fuqarolik ma’muriyati raisining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Aleksey Kovalyov vafot etgan. Hujum uning yashash joyida 2022 yil 28 avgust kuni amalga oshirilgan. U bilan birga yashagan qiz ham jinoyatchilar qurboniga aylangan», deyiladi idora bayonotida.

Xersonning Ukraina tomonidan tayinlangan ma’muriyati rahbari maslahatchisi Sergey Xlan feysbukdagi sahifasida Kovalyovning jasadi oldida uning nomiga rasmiylashtirilgan qurol topilgan. Astra telegram-kanali aniqlik kiritishicha, bu Mossberg miltig‘i bo‘lgan.

Baza telegram-kanali ma’lumotiga ko‘ra, ushbu suiqasd yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:00 atrofida sodir bo‘lgan, Kovalyovning boshida o‘qotar quroldan olingan jarohat aniqlangan, uning yonidagi ayolning bo‘yniga tig‘ bilan jarohat yetkazilgan.

Xerson oblastida rossiyaparast ma’muriyat bilan hamkorlik qilish yo‘lini tanlagan amaldorlar hayotiga suiqasd qilinishi holatlari tez-tez ro‘y bermoqda. Ukrainada bu partizanlar faoliyati bilan izohlanadi. Iyul oyi boshida ukrain telegram-kanallarida Kovalyovga tahdidlar bitilgan varaqa fotosuratlari tarqatilgandi - bu unga suiqasd muvaffaqiyatsiz chiqqanidan bir necha kun o‘tib ro‘y bergandi.

Qochqin deputat

Aleksey Kovalyov 33 yoshda bo‘lgan, u 1989 yilda Xerson oblastining Xola Pristan posyolkasida tug‘ilgan, Odessa yuridik akademiyasini tamomlagan, o‘z telekanali bo‘lgan va agrar biznes bilan shug‘ullangan.

2019 yilda Kovalyov Oliy Rada deputatligiga saylanadi, Volodimir Zelenskiyning «Xalq xizmatkori» partiyasi fraksiyasiga kiradi.

Rossiya bosqinidan keyin esa Xersonga qaytishga qaror qiladi, u buni biznes zarurati va o‘z saylovchilari oldidagi majburiyatlari bilan izohlaydi. 28 aprel kuni «Xalq xizmatkori» fraksiyasi Kovalyovning partiyadagi a’zoligini to‘xtatadi, bunga u Xerson oblastidagi rossiyalik harbiylar bilan muloqot qilgani aniqlangani sabab qilib ko‘rsatiladi. 3 may kuni esa Kovalyov fraksiyadan chiqarib yuboriladi.

Kovalyov chindan ham Rossiya tomoniga o‘tgan va rossiyaparast ma’muriyat bilan hamkorlik qilib, «Xerson oblastining harbiy-fuqarolik ma’muriyati raisining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari» lavozimini olgandi.

«Agenstvo» nashri mahalliy jurnalistlarga tayanib xabar qilishicha, Kovalyov Xerson oblastidan hosilni olib chiqish uchun kerak edi, u mahalliy vaziyatni yaxshi bilgan, fermerlar bilan yaqin tanish bo‘lgan va Rossiyaning bojxona qoidalaridagi ishlarni hal qila olardi, uning maqomi yuklarni Qrim hududiga tez fursatda o‘tkazish imkonini berardi.

Iyun oyida Ukraina davlat tergov byurosi Kovalyovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atdi va uni davlatga xiyonatda aybladi. Iyul oyida u sirtdan hibsga olindi.

«Deputat Xerson oblastining vaqtincha istilo qilingan hududida Rossiya Federatsiyasining istilochi kuchlari bilan hamkorlik qiladi. Uning nazorati ostidagi korxonalar keyinchalik Rossiya hududiga o‘tkazilishi uchun Qrim avtonom respublikasi hududiga don mahsulotlari yetkazib beradi, shuningdek Xersonga okkupatsiya ostidagi Qrimdan yonilg‘i-moylash materiallari import qiladi», deyilgan tergov bayonotida.

Sobiq xalq deputati Kovalyovning o‘limi haqidagi xabar Ukraina armiyasining Xerson oblastida hujumga o‘tgani haqidagi xabarlar fonida paydo bo‘ldi.

Kovalyov nega urushayotgan tomonlar uchun muhim figuraga aylandi?

BBC rus xizmatining Ukrainadagi muxbiri Svyatoslav Xomenko:

Oliy radaning 33 yoshli deputati, xersonlik agrar sohasidagi o‘rta darajadagi tadbirkor Aleksey Kovalyov, albatta ramziy figura edi.

Rossiya bosqiniga qadar u hech bir jihati bilan ajralib turmagan, faqat ota-onasi tomonidan berilgan pul evaziga telekanal sotib olgani haqidagi mavhum tarixni hisobga olmaganda. Kovalyov buni nima uchun, aniqrog‘i kim uchun qilgani noma’lumligicha qolgan.

Urush boshlanganidan ko‘p vaqt o‘tmay, aprel oyi boshlarida Kovalyov kutilmaganda vataniga, o‘sha vaqtda rossiyaliklar bosib olgan Xersonga yo‘l oladi. U bunga ijtimoiy tarmoqda izoh beradi: oilaviy biznesni talonchilardan himoya qilish, shuningdek o‘z okrugida yashovchilarni tashlab qo‘ymaslik uchun. «Barchasi Ukrainaniki bo‘ladi», deya yakunlanadi uning o‘sha kunlarda feysbukda qoldirgan postlaridan biri.

Prezident rahbarligidagi «Xalq xizmatkori» partiyasida Kovalyovning bu harakati qabul qilinmaydi va uni Oliy Rada fraksiyasi tarkibidan o‘chirishadi. Chindan ham, bir necha hafta o‘tib Kovalyov Kremlning bosib olingan hududlar bo‘yicha kuratori Sergey Kiriyenkoning Xersondagi fermerlar bilan uchrashuvida qatnashgani haqida xabar beradi. «Rossiya bu yerga hamisha qolish uchun keldi», deya xabar qiladi u ushbu tadbirdan xulosalarini bayon etgan holda.

Shu vaqtdan e’tiboran Kovalyov urushning ikki tomoni uchun ham muhim figuraga aylanadi.

Bosib olingan hududlarda hamkorlar topishda aniq muammolarni boshdan kechirgan (va boshdan kechirayotgan) hamda ishg‘ol etilgan hududlar ma’muriyatlarida ishlash uchun mansabdor shaxslarni «asosiy yerdan» olib kelishga majbur bo‘lgan Rossiya uchun Kovalyov qimmatli resurs edi. Yosh, mahalliy, hududda qandaydir aloqalarga ega. Parlament deputati - u ochiqchasiga Rossiya tomoniga o‘tgan yagona deputat edi (o‘ta o‘ngchi Ilya Kivani hisobga olmaganda, uning ham mandati darhol bekor qilingandi).

Ukraina uchun ham Kovalyov shu sabablarga ko‘ra muhim shaxsga aylandi. Deputat, ha, prezident partiyasidan, bosqinchi tomoniga o‘tib ketgan - bunday personaj mavjudligining o‘ziyoq davlat uchun ham, shaxsan Zelenskiy uchun ham chaqiriq bo‘lib ko‘rinardi.

Iyunda Kovalyovning avtomobili portlatiladi, ammo deputatning o‘zi tirik qoladi. «Kutmang ham!» - deya murojaat qilgandi u o‘shanda o‘z dushmanlariga shifoxona koykasidan turib.

Shu kunlardagi suiqasdda esa maqsadga erishildi. Bu suiqasd kim tomonidan ijro etilgani muhim emas - ukrain maxsus xizmatlarimi (ular bu mavzu bo‘yicha izoh berishmadi) yoki boshqa kimdir.

Ukraina armiyasi Xerson yo‘nalishida harbiy harakatlarni faollashtirgan mahalda Rossiya tergov qo‘mitasi Aleksey Kovalyovning o‘limini tasdiqladi.

Va hozirdan aniqki, Kovalyovning o‘limi rossiyaparast ma’muriyatga qo‘shilish, Xerson oblastining taqdiri bo‘yicha «referendum»ni tashkillashtirishda ishtirok etish, rossiyaliklar bilan har qanday hamkorlik to‘g‘risida o‘ylayotganlar uchun signal bo‘lishi mumkin.

Bu Rossiya har qancha bu yerga jiddiy maqsadda kelganini e’lon qilmasin, Rada deputati va Xerson oblasti «ma’muriyati» a’zosi hayotini saqlab qola olmaganini anglatadi. Ammo Ukraina - bunday vaziyat doimiy emasligini ishonch bilan aytishga yaqin.

«Meduza» Ukrainada sotqinligi uchun kollaborant deb ataladigan, Rossiyada esa qonuniy hokimiyat vakili sifatida taqdim etiladigan odamlarning hayotiga suiqasd qilinishi holatlarini to‘pladi.

Xerson oblasti

20 mart — Xersonda o‘z uyi yaqinida mashinasida Pavel Slobodchikov otib ketildi, u shaharning sobiq meri va Xerson oblastiga Rossiya tomonidan tayinlangan yangi rahbar Voladimir Saldoning yordamchisi edi.

20 aprel — Xersonda o‘z mashinasida bloger Valeriy Kuleshov otib ketildi, u Xerson oblastining rossiyaparast ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Kirill Stremousovning yordamchisi edi.

18 iyun — Xersonda avtomobil portlashi oqibatida oblast jazoni ijro etish xizmati boshqarmasining rossiyaparast ma’muriyat tomonidan tayinlangan rahbari Yevgeniy Sobolev shifoxonaga yotqizildi.

22 iyun — Chornobayivkada hududning rossiyaparast ma’muriyati rahbari Yuriy Turulevning avtomobili portlatib yuborildi. U jarohat olgan.

24 iyun — Xersonda avtomobil portlashi oqibatida Xerson oblasti ma’muriyatida oila, yoshlar va sport ishlari bo‘yicha boshqarma boshlig‘i Dmitro Savluchenko halok bo‘ldi.

7 iyul — Nova Kaxovkada shahar politsiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Sergey Tomko o‘z avtomobilida otib ketildi.

4 avgust — Xerson oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan rahbari Volodimir Saldo zaharlanish oqibatida shifoxonaga yotqizildi.

6 avgust — Nova Kaxovkaning rossiyaparast ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Vitaliy Gura o‘z uyida otib ketildi. Ushbu amaldor avvaliga og‘ir tan jarohatlari bilan mahalliy shifoxonaga yotqizilgandi. U Qrimga transportirovka qilish chog‘ida jon berdi.

22 avgust — Xersonda oblastning Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyati ichki siyosat departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Igor Teleginning avtomobili portlatildi. Amaldor tirik qoldi.

29 avgust — Ishg‘oldagi Xerson oblasti ma’muriyati rahbarining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Oleksiy Kovalyov Xola Pristandagi uyida jonsiz holda topildi. Uning boshidan otishgan. Iyunda uning mashinasi portlatilgandi. O‘shanda u tirik qolgan va shifoxonaga tushgandi.

Zaporijjya oblasti

22 may — bosib olingan Energodar shahri meri Ondriy Shevchik o‘zi yashaydigan uy pod’yezdiga kirishda ro‘y bergan portlashdan keyin shifoxonaga yotqizildi.

11 iyul — bosib olingan Melitopolda rayon ma’muriyati rahbari Ondriy Sigutu hayotiga suiqasd amalga oshirildi. U omon qolgan.

12 avgust — Melitopolda portlash oqibatida «Yedinaya Rossiya» saylov shtabi rahbarlaridan biri Oleg Shostak jarohatlandi.

24 avgust — bosib olingan Mixaylovka shaharchasi ma’muriyati rahbari Ivan Sushko avtomobil portlatilishi oqibatida halok bo‘ldi.

26 avgust — Berdyanskda qochqinlar istiqomat qiluvchi sog‘lomlashtirish markazi binosi yaqinida portlash ro‘y berishi oqibatida shahar GAI rahbari Aleksandr Kolesnikov snaryad parchasidan olingan jarohatlar tufayli vafot etdi.

27 avgust — bosib olingan Mixaylovkada shahar politsiyasi boshlig‘i Andrey Rijkov osilgan holda topildi.

Xarkiv oblasti

10 iyul — Velikiy Burluk posyolkasi rahbari Yevgeniy Yunakov mahalliy ma’muriyat binosi atrofida avtomobil portlatilishi oqibatida halok bo‘ldi.

Luhansk oblasti

2 mart — Luhansk oblast kengashi sobiq deputati, Kreminna shahri rahbari Volodimir Struk jonsiz holda topildi.

Donetsk oblasti

20 avgust — Mariupolda hayvonot bog‘iga kiraverishda qo‘lbola bomba portladi, bu yerga shaharning Rossiya tomonidan tayinlangan meri Konstantin Ivashchenko tashrif buyurishi kutilayotgandi. Hech kim jabrlanmagan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top