17:07 / 01.09.2022
18335

Rossiya Ukraina Zaporijjya AESni egallash uchun guruh jo‘natganini aytdi. Tunda stansiya yana o‘qqa tutilgan

Xalqaro atom energetikasi agentligi inspektorlari tashrifi arafasida Zaporijjya AES atrofidagi janglar yana kuchaydi.

Zaporijjya AES, 30 avgust / Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

RF mudofaa vazirligi 1 sentabr kuni ukrain harbiylari Zaporijjya AESni egallab olishga uringanini ma’lum qildi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 6:20 da AESdan uch kilometr shimoli-sharqdagi Kaxova suv ombori sohiliga «ikkita diversiya guruhi» tushirilgan, jami 60 nafarga yaqin kishi yettita motorli qayiqlarda suzib kelgan.

Rosgvardiya jangchilari va rossiyalik harbiylar «diversantlar» yo‘lini to‘sgan, rossiyaliklarning vertolyotlari ham jangga qo‘shilgan. Zaporijjya oblastining rossiyaparast ma’muriyati vakili Vladimir Rogovning ma’lum qilishicha, 60 nafar ukrain harbiysidan 40 nafarga yaqini halok bo‘lgan. U soat 13 lar atrofida TASS bilan suhbatda uch nafar ukrain harbiysi asir olingani, yana 12 kishi harbiy harakatlarni davom ettirayotganini aytgan.

Soat 7 atrofida, RF mudofaa vazirligining tasdiqlashicha, Zaporijjya AESdan bir necha kilometr masofadagi Vodyanoye qishlog‘iga Nikopoldan ikkita qo‘lbola barjada (shatakka olib yuriladigan yoki o‘ziyurar yuk kemasi) «Ukraina armiyasining taktik desanti» yuborilgan. Rossiyalik harbiylarning aytishicha, desantchilarning ikki barjasi ham cho‘ktirib yuborilgan.

Ukraina tomoni AESni egallab olish bo‘yicha urinishlar haqidagi xabarlarga munosabat bildirmadi.

Tunda Zaporijjya AES va Energodar o‘qqa tutildi. Energodarning «vaqtinchalik ma’muriyati» tasdiqlashicha, Ukraina artilleriyasi ko‘p qavatli uylar va ikkita bolalar bog‘chasiga zarba yo‘llagan, natijada yong‘in yuzaga kelgan. Vladimir Rogovning aytishicha, tinch aholi vakillaridan uch kishi halok bo‘lgan, yana besh kishi, jumladan bir bola yaralangan.

Zaporijjya AES hududida bo‘lib turgan Reuters jurnalisti otishmalar chog‘ida Energodarda turar joylar shikastlangani, odamlar yerto‘lalarga yashiringanini xabar qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum vaqtida atroflarda harbiylar chopib yurgan, vertolyotlar havoga ko‘tarilgan, lekin kim o‘t ochganini aniqlab bo‘lmagan. Kun yarmiga kelib Energodarda elektr ta’minoti va mobil aloqa uzilgan, rossiyaparast rasmiylar buni Ukraina qurolli kuchlarining zarbalari bilan bog‘lagan.

Ukraina va Rossiya tomonlari tungi otishmalardan keyin Zaporijjya AESning ikki reaktoridan biri ishlashdan to‘xtaganini ma’lum qilgan. Ukrainaning «Energoatom»i ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya tunda Zaporijjya AESni minomyotlardan o‘qqa tutgan, shundan keyin avariya holatidan himoyalangan stansiyaning 5-energobloki o‘chgan. O‘z navbatida, Vladimir Rogov «zarbalar tufayli» ishlab turgan ikkita energoblokdan biri o‘chirilganini aytgan.

Rossiya va Ukraina bir-birini Xalqaro atom energetikasi agentligi missiyasining ZAES hududiga tashrifini barbod qilishga urinishda aybladi (1 sentabr kuni kunning ikkinchi yarmida agentlik delegatsiyasi stansiya hududiga yetib keldi). RF mudofaa vazirligi ukrainlar artilleriyasi Zaporijjya AES hududini, shuningdek delegatsiyaning Rossiya vakillari bilan uchrashishi ko‘zda tutilgan Vasilevkadagi nazorat-o‘tkazish punktini o‘qqa tutganini ma’lum qilgan.

Zaporijjya oblastining saylangan gubernatori Oleksandr Starux esa ertalabki soat 8 atrofida «rossiyaliklar Xalqaro atom energetikasi agentligi missiyasi Zaporijjyadan Energodar hududidagi AESga kelish uchun oldindan kelishilgan marshrut bo‘ylab o‘t ochayotgani»ni aytgan. U Rossiyadan missiyaga ukrainlar yadro obektiga kirish uchun imkon berishni talab qilgan.

Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixail Podolyakning aytishicha, «Rossiya bunda Ukrainani ayblash uchun Energodarga Xalqaro atom energetikasi agentligi missiyasi rasmiy yo‘nalishi bo‘ylab namoyishkorona zarbalar berdi». Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «RFning agentlik tekshiruvidan qay darajada manfaator ekani»ni ko‘rsatadi.

Hududda harbiy harakatlar kechayotgani haqidagi xabarlarga qaramay Xalqaro atom energetikasi agentligi bosh direktori Rafael Grossi boshchiligidagi delegatsiya AESga yo‘l oldi. Bugun ertalab missiya front chizig‘idan 20 kilometr masofadagi Novoaleksandrovka posyolkasida joylashgan blokpostga yetib kelgandi. Keyinroq agentlik vakili delegatsiya Ukraina nazoratidagi hududda uch soat ushlanib qolganini aytdi. Rafael Grossi tongda delegatsiya a’zolari yo‘lga tushishga qaror qilgani, «ammo qaytishga majbur bo‘lgani»ni aytgandi. Kun yarmida jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida u missiya harbiy qo‘mondonlik bilan muzokaralar olib borayotgani va yana stansiya tomon yo‘lga chiqmoqchi bo‘layotganini aytgandi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xalqaro atom energetikasi agentligi missiyasi AES hududiga yetib kelgan va «Rosatom» delegatsiyasi bilan uchrashgan. Bunga qadar missiya bir necha soat mobaynida front chizig‘idagi blokpostda xavfsizlik xizmati ruxsatini kutib turgandi.

Xalqaro atom energetikasi agentligi missiyasi Zaporijjya AES obektlariga yetkazilgan jismoniy zarar ko‘lamini baholash, asosiy va zaxira xavfsizlik tizimlari ishlayotganini tekshirish, xodimlarning ish sharoitlarini o‘rganish hamda atom elektr stansiyasidagi xavfsizlikni ta’minlashning shoshilinch choralarini qabul qilish uchun kelgan. Agentlikdagilar avgust oyi boshida Zaporijjya AESda xavfsizlik protokollari yoppasiga buzilayotganini aytishgandi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top