13:01 / 02.09.2022
10973

Argentina vitse-prezidenti Kirshnerga suiqasd uyushtirildi

Kristina Kirshnerni Buenos-Ayresdagi uyi yonida otib o‘ldirmoqchi bo‘lishdi, ammo to‘pponcha ishlamay qoldi. Hujum qilgan shaxs qo‘lga olingan. Vitse-prezident jabrlanmagan. Kirshnerni korrupsiya ishi bo‘yicha 12 yilga ozodlikdan mahrum etishni talab qilishyapti.

Videodan kadr

Argentina vitse-prezidenti Kristina Kirshnerga suiqasd uyushtirildi, deb xabar berdi mahalliy OAV 1 sentabr, payshanba kuni kechqurun. Suiqasd 69 yoshli siyosatchining Buenos-Ayresdagi uyi oldida sodir etilgan. Amaldagi davlat rahbari Alberto Fernandes televideniye orqali qilgan chiqishida aytishicha, olomon orasidan bir kishi Kirshnerga to‘pponcha o‘qtalib, tepkini bosgan, biroq o‘q uzilmagan. To‘pponchaning ishlamay qolishi sababi «texnik jihatdan hali tasdiqlanmagan», deya qo‘shimcha qildi Fernandes. 

Hujum qilgan shaxs qo‘lga olindi. Ichki ishlar vaziri Anibal Fernandesning so‘zlariga ko‘ra, gap 35 yoshli braziliyalik erkak haqida ketmoqda. U nima sababdan bu ishni qilgani noma’lumligicha qolyapti. Vitse-prezident jabrlanmagan. Al Jazeera telekanali voqea aks etgan videoni e’lon qildi. 

Fernandes mamlakatda jamoat tinchligi buzilgani sababli 2 sentabrni dam olish kuni deb e’lon qildi. Aholiga demokratiyani himoya qilish uchun «tinchlik va hamjihatlikda» chiqishlar qilish hamda Kirshner bilan birdamlik bildirish imkoniyati berilishi kerak, deya tushuntirdi u. 

So‘nggi kunlarda Kirshnerning yuzlab tarafdorlari siyosatchini qo‘llab-quvvatlash uchun uning uyi oldida lager tashkil qilishdi. Ayol korrupsiya bo‘yicha sudda ayblanuvchi sanaladi. Ayblov tomoni vitse-prezidentni 12 yilga ozodlikdan mahrum qilishni va umrbod davlat lavozimlarida ishlash taqiqlanishini talab qilmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u jinoiy guruhga rahbarlik qilgan va davlatga bir milliard yevro miqdorida zarar yetkazgan. 

Kristina Kirshner 2019 yil dekabridan beri vitse-prezident lavozimida ishlab kelmoqda. U 2007 yil dekabridan 2015 yil dekabrigacha Argentina prezidenti bo‘lgan. 

Mavzuga oid
Top