17:35 / 05.09.2022
22346

«Toshkent metropoliteni» metro yo‘lovchilariga murojaat bilan chiqdi

Foto: Toshkent metropoliteni

Hurmatli yo‘lovchilar!

Joriy yilning sentabr oyidan boshlab metropolitendan foydalanuvchi yo‘lovchilar soni o‘tgan yilga nisbatan kuniga 200 mingdan oshishi kutilmoqda. Prognozlarga ko‘ra sentabr oyida bir kunda 550-580 ming, oktabr oyida 600 mingga yetadi.

Shu sababli, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tirbandliklarning oldini olish maqsadida, poytaxt metropoliteni tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Shuningdek, bu borada yo‘lovchilar ham metropolitendan foydalanish qoidalariga amal qilishlarini so‘raymiz. Harakatlanish vaqtida o‘zaro hurmatni saqlash, poyezd ichidagi yo‘lovchilar chiqib ketguniga qadar kirish uchun vagon eshiklari oldida turmaslik, manzilga kelgach poyezddan chiqish uchun imkon qadar tezroq harakat qilish, vagon eshiklariga suyanmaslik, shaxsiy buyumlarni vagon va metro hududida qoldirmaslik talab etiladi. 

Bularning barchasi oraliq intervallarining reja asosida amalga oshirilishini ta’minlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. 

Shuni alohida ta’kidlash joizki, metrodan doimiy tarzda foydalanuvchi yo‘lovchilar to‘lovni bank va transport kartalari orqali amalga oshirishsa, o‘z vaqtlarini tejashlari hamda kassa oldidagi tirbandlikni maksimal darajada kamaytirishiga zamin yaratadi.

Yuqoridagi qoidalarga amal qilib, yo‘lovchilarga xavfsiz va madaniyatli xizmat ko‘rsatishda o‘z hissangizni qo‘shasiz degan umiddamiz.

"Toshkent metropoliteni" DUK ma’muriyati 

Top