21:39 / 06.09.2022
17515

«Personal tahdid va bosimsiz ishlashi kerak» – AEXA Zaporijjya AES bo‘yicha hisobot e’lon qildi

Atom energiyasi xalqaro agentligi Ukrainadagi ruslar egallab olgan Zaporijjya atom elektrostansiyasida olib borgan 4 kunlik tekshiruvlari xulosasi jamlangan hisobot e’lon qildi.

Foto: Reuters

Unda aytilishicha, AESdagi bir qator bino ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Xususan, ishlatilgan va ishlatilmagan yadro yonilg‘isi saqlanadigan binolar ham.

Hisobotda AESning quyidagi obektlari zarar ko‘rgani aytiladi:

  • quvurlarni moylashga mo‘ljallangan sisternalar;
  • bir nechta bino, xususan, ishlatilgan yonilg‘ini tashuvchi mashinalar saqlanuvchi garaj tomi;
  • yangi yadro yonilg‘isi va qayta ishlangan qattiq yonilg‘i saqlanadigan bino;
  • o‘quv kompleksining yangi binosi;
  • AESni jismonan himoya qiluvchi avariya tizimlari joylashgan bino;
  • radiatsiya darajasini monitoring qiluvchi konteyner.

Hisobotda aytilishicha, yadro energiyasi obektlarida harbiy harakatlar sodir bo‘lishi ilk marta kuzatilayotgan holat. Shu sabab tashkilot AES hududida AEXA xodimlarining doimiy bo‘lib turishini juda muhim deb hisoblagan. Tashkilot AESni muhofaza qilish uchun xavfsizlik borasida konkret reja taqdim eta olishini ma’lum qilgan. Hisobotda aytilishicha, AESga allaqachon uskunalar yetkazib berish boshlangan.

AEXA hisobotida keltirilgan ushbu jumlalar Ukraina OAVlarida keskin tanqidlarga sabab bo‘lmoqda: «Otishmalar muhim obektlar vayron bo‘lishiga, oqibatda radiaktiv materiallar havoga tarqalishiga olib kelishi mumkin. Avariya holatining oldini olish uchun tezda yadro xavfsizligi hududini tashkil etish kerak».

Ya’ni yadro energetikasi sohasida bajarish majburiy bo‘lgan talablar qo‘yishga haqli bo‘lgan xalqaro tashkilot bu qadar silliq hisobot bergani ukrainaliklar tomonidan salbiy kutib olingan.

Hisobotda AES personali bosim va tahdid ostida ishlayotganiga ishora qilingan: «Ishchilar o‘z vazifasini hech qanday tahdid va bosimsiz amalga oshirishi kerak. Avvalo o‘z xavfsizligi, bundan tashqari AES xavfsizligi uchun», deyiladi hisobotda.

Avvalroq energetika sohasidagi ukrainalik mustaqil tadqiqotchi Olga Kosharnaya AESdagi ishchilari bosim ostida ishlab xato qilishi mumkinligini aytgandi: «Rossiya harbiylari bosimida «Rosatom»dagilar bilan birga ishlashga majbur bo‘layotgan AES xodimlari bosim ostida xato qilishi mumkin. Bu ayniqsa reaktorlarni boshqaradigan xodimlar uchun juda qiyin. Ular atom energetikamizning oltin fondi hisoblanadi. Bunday xodimlar maxsus litsenziyaga ega va ular o‘n yillardan buyon AESda ishlab kelishadi. Bu xodimlar har smenadan avval ruhshunos suhbatidan o‘tadi, chunki ularning ruhiy holati yaxshi bo‘lishi kerakki, favqulodda holatda ishlashlariga to‘g‘ri kelib qolishi mumkin», deydi ukrainalik ekspert Kosharnaya.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AEXA missiyasini yakunlagan vaqtda tashkilot harakatini tanqid qilgandi: «Bizning asosiy talabimiz AES hududini demilitarizatsiya qilish edi (ya’ni AES hududidan harbiy texnika va qurollarni olib chiqib ketish), ammo AEXA bu borada hech nima degani yo‘q. Shuningdek, tashkilot rahbari janob Grossi bilan uchrashuvda missiya tekshiruvlarida ukrainalik va mustaqil jurnalistlar kirishini so‘ragandik, ammo bunday bo‘lmadi. Bosqinchilar faqat o‘z propagandachilarini kiritishdi», degandi Zelenskiy.

Chindan AEXA hisobotida AES hududida Rossiya harbiylari bo‘lib turgani, ular hududni tark etishi kerakligi, AES demilitarizatsiya qilinishi kerakligi haqida hech nima deyilmagan. Faqat AES hududida bo‘lib turgan harbiy texnikalar olib chiqilishi, ular bino xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aytilgan. Ammo bu texnikalar kimga tegishli ekani tilga olinmagan.

Ma’lumot uchun, Zaporijjya AES Yevropa qit’asidagi eng katta atom elektrostansiyasi hisoblanadi. Obekt ayni damda Rossiya bosib olgan Energodar shahrida joylashgan. Tomonlar AESda tez-tez kuzatilayotgan zarbalarda bir-birini ayblab keladi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top