20:44 / 07.09.2022
13088

Kreml rossiyalik milliarderlarni RFga qaytishga chaqirmoqda

Biznesmenlarning fikricha, sanksiyalarga tushgan oligarxlarning Putinni taxtdan ag‘darishga urinishi ehtimoli juda kam. 

G‘arb sanksiyalariga tushgan va xorijda yashayotgan biznesmenlarga Kremldan tez-tez qo‘ng‘iroq qilishmoqda hamda ularni vatanga qaytishga chaqirishmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib The Financial Times xabar berdi. 

Nashr suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar milliarderlarni Rossiyaga qaytishga majbur qilmoqda. 

"Sanksiyalar elitani Kremlga yaqinlashishga majbur qilmoqda, hattoki ular buni istamasa ham", - deb suhbatdoshlardan birining so‘zlaridan iqtibos keltirdi gazeta. 

Jurnalistlar bilan suhbatlashgan biznesmenlarning fikricha, sanksiyalarga tushgan oligarxlarning Vladimir Putinni taxtdan ag‘darishga urinishi ehtimoli juda kam. 

"Saroy to‘ntarishini amalga oshirish uchun saroyda bo‘lish kerak. Sanksiyalarga tushganlarning birortasi ham saroyda emas", - degan suhbatdoshlardan biri. 

Putin Ukrainaga qarshi urush boshlaganidan so‘ng o‘nlab rossiyalik biznesmenlarning G‘arb banklaridagi hisobraqamlari muzlatildi, ayrimlari aksiyalarini sotishga majbur bo‘ldi. Natijada ularda G‘arbga nisbatan norozilik shakllandi va ular hozirda qolgan boyliklarini saqlab qolish yo‘llarini qidirmoqda, deb yozadi FT.  

Rossiyalik 21 nafar biznesmen o‘zlariga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilish uchun Yevropa sudiga murojaat qilgan. 

The Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, rossiyalik oligarxlarga qarshi sanksiyalar joriy etishga asos bo‘lgan ko‘plab hujjatlar OAVdagi xabarlar yoki ijtimoiy tarmoqlardagi postlarga tayanib qabul qilingan. Hozirda bu hujjatlar yangi ma’lumotlar bilan to‘ldirilmoqda. 

Mavzuga oid
Top