07:17 / 07.09.2022
7095

Narxlar oxirgi 5 yilda o‘zgarishining aholi farovonligiga ta’siri tahlil qilindi

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari asosiy iste’mol tovarlari narxi oxirgi 5 yilda o‘zgarishining aholi farovonligiga ta’sirini tahlil qildi.

Foto: Shutterstock

Natijalar shuni ko‘rsatadiki, aholi asosiy qismi uchun benzin, propan, go‘sht narxi oshgani sezilgan bo‘lishi mumkin, chunki aholi daromadlari dinamikasi bu tovar turlariga qaraganda sekinroq o‘sgan.

Boshqa tomondan esa, elektr energiyasi, gaz, paxta yog‘i, 1-nav bug‘doy uni, havo transporti va temiryo‘l transporti, oliy ta’lim (universitet) shartnoma puli, maktabgacha ta’lim muassasalari (bog‘cha) to‘lov narxlari stabilligi saqlangani aholi xarid qobiliyatiga ijobiy ta’sir qilgan. Chunki bu tovar va xizmat turlari narxi daromadlarga nisbatan ancha sekin o‘sgan.

Qayd etilishicha, energiya, transport va kommunikatsiya xizmatlari narxlari davlat tomonidan tartibga solinadi, pandemiya davrida va undan keyin, jumladan, ma’lum tartibga solinadigan tovar va xizmatlar narxlari o‘zgarmasligini ta’minlash orqali ham davlat aholini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Xulosa qilib aytganda, o‘rtacha ish haqi o‘sish dinamikasi ko‘p tovar va xizmatlar narxidan tezroq o‘sishi aholi farovonlik darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Shu bilan birga, benzin va propan narxlari oshishi ish haqiga nisbatan tezroq o‘sgani avtomobil egalari farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

1 sentabr holatiga ko‘ra, yil boshidan buyon inflatsiya darajasi 6,98 foizni tashkil etgan. Markaziy bank 2022 yilda inflatsiya 12 foizdan biroz yuqori bo‘lishini kutmoqda.

Top