18:48 / 07.09.2022
33292
Shaxmat olamida katta mojaro – Karlsen shov-shuvli mag‘lubiyatdan so‘ng turnirni tark etdi

Shaxmatda yangi mojaro avj olmoqda, muxlislar allaqachon uni tarixdagi eng yiriklaridan biri deb atamoqda. Karlsenning raqibi g‘irromlik qilgan bo‘lishi mumkin.

Foto: FIDE.com

Shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Magnus Karlsen kutilmaganda Sent-Luisdagi Grand Chess Tour musobaqasini tark etdi – aftidan, norvegiyalik shaxmatchi raqiblaridan birini g‘irromlikda gumon qilgan.

Qanday voqea yuz berdi?

Nufuzli Sinquefield Cup turnirining 2-turidan so‘ng, Karlsen amerikalik Hans Nimann bilan birga birinchi o‘rinni egallab turgandi. Ikkisi ham musobaqani yaxshi boshladi – Magnus rossiyalik Yan Nepomnyashchiyni, Hans esa ozarboyjonlik Shahriyor Mamedyarovni mag‘lub etdi.

Uchinchi turda shaxmatchilar o‘zaro to‘qnash kelishdi. Va bunda kichik sensatsiya yuz berdi – Nimann qoralar bilan o‘ynashiga qaramay, Karlsendan kuchliroq bo‘lib chiqdi va uning 53 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasini to‘xtatdi.

Nimann FIDE reytingida atigi 49-o‘rinda borayotgani va peshqadam Karlsendan 173 ochko ortda ekani hisobga olinsa – bu g‘alaba juda hayratlanarli.

Mag‘lubiyatdan so‘ng Karlsen kutilmaganda turnirni tark etdi, ilgari hech qachon bunday qilmagandi. Magnus o‘z qarorini ijtimoiy tarmoqda shunday izohladi: «Turnirni tark etdim. Men Sent-Luisda o‘ynashni doim yoqtirganman. Kelajakda bu yerga qaytishdan umidvorman».

Shuningdek, u futbol murabbiyi Joze Mourinoning intervyusidan olingan videoparchani ilova qildi. Portugaliyalik mutaxassis unda: «Agar gapirsam, katta muammoga duch kelaman», degan edi.

Yana bir amerikalik shaxmatchi Hikaru Nakamura olovga yog‘ sepib, «Magnusning bu o‘yinda g‘alaba qozonishga umuman imkoniyati yo‘q edi (chunki u g‘irromlikka duch keldi)», dedi.

Magnus Karlsen. Foto: FOTO OLIMPIK/GETTY IMAGES

Karlsen raqibini g‘irromlikda gumon qilganmi?

Aynan shunga o‘xshayapti. Norvegiyalik mutaxassis Tare Svensen shunday deydi: «Bu katta miqyosdagi drama va mojaro. Oxirgi 50 yil ichida biz bunga o‘xshash narsani ko‘rmaganmiz, shuning uchun bu katta mojaro ekaniga shubha yo‘q.

Biz barcha davrlarning eng yaxshi shaxmatchisi haqida gapiryapmiz va Magnus o‘z qarorini tushuntirmadi. Lekin hamma narsa uning Hans Nimanni g‘irromlikda ayblashiga ishora qiladi. Albatta hech qanday dalil yo‘q. Lekin Nimann bundan oldin 2 marta onlayn turnirlarda firibgarlik ustida ushlangan. Bu uning g‘irromlikka qodir ekanini ko‘rsatadi. Agar uning aldagani aniqlansa, karerasi nihoyasiga yetadi».

Karlsen nega Mourino so‘zlaridan foydalandi? Ehtiyot bo‘lish uchun. Chunki u raqibni ayblasa, ammo biror dalilni keltirmasa, qiyin ahvolga tushib qolar edi».

Hans Nimann norvegiyalik raqibining qaroridan hayratda ekanini aytdi: «To‘g‘risini aytsam, lol qoldim. Bu juda g‘alati. Avvaliga u jahon chempionligi uchun bahsdan voz kechdi. Endi bunday qilyapti. Men shoshilinch xulosa chiqarishni xohlamayman, lekin bu juda g‘alati. Yaxshiyam uni ketishidan oldin mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldim».

Nimann kim? Uni g‘irromlik ustida ushlashgani rostmi?

Hans Nimann 19 yoshda va Amerikaning eng istiqbolli shaxmatchilardan biri sanaladi. Hozir u FIDE yoshlar reytingida oltinchi o‘rinda bormoqda.

Lekin shaxmat dunyosida u biroz shubhali obro‘ga ega. Nimann eng mashhur Chess.com shaxmat portalida chiterlik qilgani uchun ikki marta bloklangan. «Chiterlik» (ing. «cheat» - firib qilmoq, aldamoq) – kompyuter olamiga mansub termin bo‘lib, o‘yinlarda tashabbusga ega bo‘lish uchun g‘irromlik bilan o‘zgacha dasturiy ta’minot yoki apparatdan foydalanishni anglatadi.

«Men buni aytmasligim kerak, lekin baribir aytaman. Nimann olti oy davomida Chess.com saytida hech qanday onlayn turnirlarda ishtirok eta olmadi. Chiterlik tufaylimi? Bu ma’lum fakt, hatto bahslashishga hojat yo‘q», dedi Hikaru Nakamura.

Ammo Nimann qanday g‘irromlik qilishi mumkin?

Onlayn chiterlik bor narsa. Ammo an’anaviy turnirlarda g‘irromlik qilish nihoyatda qiyin. Masalan, 2015 yilda gruziyalik shaxmatchi Gayoz Nigalidze shaxmat dasturi o‘rnatilgan telefonni hojatxonaga yashirib qo‘ygan va o‘yin paytida tez-tez hojatxonaga chiqib kelgan. Lekin bu tezda fosh qilindi va Nigalidze turnirdan chetlatildi.

Nimann qanday qilib aldagan bo‘lishi mumkin?

Karlsen ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng, Hansning so‘zlari ko‘pchilikni qiziqtirib qoldi. U o‘yin kuni ertalab Karlsen tanlagan debyutni tasodifan o‘rganib chiqqani va bu «aql bovar qilmas tasodif» bo‘lganini aytdi. Ammo qizig‘i shundaki, Karlsen ilgari hech qachon bunday o‘ynamagan. Shu sababli, Hans o‘yindan oldin nega aynan shunday variantni o‘rganib chiqqani noma’lum.

Hans o‘yindan oldin qandaydir yo‘l bilan Karlsenning shaxmat kompyuteriga kirish imkoniga ega bo‘lgan va shu tariqa raqibi nimani rejalashtirayotganini bilib olgan, degan shubha bor. Bundan tashqari, kimdir qandaydir yo‘l bilan bu ma’lumotni Nimannga o‘yin paytida yetkazgan bo‘lishi mumkin.

Rossiyalik shaxmatchi Yan Nepomnyashchiy voqealar rivojiga izoh berar ekan, Karlsen turnirni nega tark etganini bilmasligini aytdi. Biroq, Nimanning o‘yinini «aql bovar qilmas darajada hayratlanarli» dedi.

Nepomnyashchiy ikki yil oldin Nimanni onlayn o‘yinlarda botlardan foydalangan bo‘lishi mumkinligini aytgan edi. Uning fikriga ko‘ra, Hansning odam bilan yuzma-yuz o‘yinlari va onlayn o‘yinlari orasida katta farq bor. Onlayn o‘yinlarda uning natijalari shubhali tarzda yuqori.

Nakamuraning fikriga ko‘ra, Hans Nimann 2700 ga yaqin reyting ochkosiga ega grossmeysterga o‘xshamaydi. Uning shaxmat o‘yinlarini tahlil qilishi juda sayoz.

Kanadalik shaxmatchi Erik Hansen ham uning fikriga qo‘shiladi: «Nimanning tahlilida mantiqiy ketma-ketlik yo‘q. Yuqori darajadagi bahslarda esa omad yoki tasodifga o‘rin yo‘q».

Nakamuraning fikriga ko‘ra, Karlsen g‘irromlik elementi borligini sezgan va turnir tashkilotchilari buning oldini olmaganidan ranjigan.

«Magnus hech qachon turnirni tark etmagan bo‘lardi. U – kuchli shaxmatchi, jahon chempioni. Agar Hans g‘irromligiga chin dildan ishonmasa, hech qachon turnirni tark etmasdi. Magnusning bunga ishonchi komil», dedi u.

Hozircha Sinquefield Cup turniri tashkilotchilari Magnus Karlsenning qarori bo‘yicha hech qanday izoh berishmadi.

Shaxmatdagi g‘irromlik

Sport olami har doim g‘irrom o‘yinlar bilan kurashib kelgan. Atletik sport turlarida sportchilar asosan doping bilan ushlangan bo‘lsa, aqliy mehnat talab qiladigan turlarda g‘irromlikning o‘ziga xos turlari bor. Jumladan, shaxmat, kibersport, poker va go o‘yinlari chiterlikdan aziyat chekib kelmoqda. Ilgari inson tomonidan yo‘l-yo‘riq o‘rgatib yuborish holatlari uchragan bo‘lsa, hozirda yengilmas kompyuter xizmatidan foydalanilmoqda.

1998 yilda havaskor shaxmatchi Klemens Alvermann ochiq turnirda grossmeyster Sergey Kalinichevni kompyuter dasturi yordamida mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lgan. U o‘yin paytida xonani tez-tez tark etib turgan. Uning o‘yini tahlil qilinganida, yurishlar kompyuter dasturi bergan tavsiyalar bilan mos ekani aniqlangan.

2001 yilda Moskvada o‘tkazilgan turnirda fransiyalik shaxmatchi Olive Tuzan va hech kimga tanish bo‘lmagan rossiyalik Nugzar Zelyakov kuchli shaxmatchilarni mag‘lub etib, shov-shuv ko‘tarishgan. Shundan so‘ng, FIDE o‘yin o‘tkaziladigan zalga kirishda metall izlovchi qurilma o‘rnatgan. Bu chora samara bergan: Tuzan va Zelyakov o‘z o‘yinlarini yutqazib, keyinchalik shaxmat dunyosida unutilib ketgan.

2006 yilda hindistonlik shaxmatchilar Sharma va Singh ketma-ket g‘alabalarni qo‘lga kiritib, milliy jamoaga da’vogarlik qila boshlagan. Bu esa mamlkatning yetakchi shaxmatchilari noroziligiga sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng, har ikkala shaxmatchi obdon tekshirilgan. Sharmaning sallasidan blyutuz qurilmasi topilgan va u 10 yilga chetlatilgan. Singhdan hech narsa topilmagan bo‘lsa-da, keyinchalik uning shaxmat natijalari keskin pasayib ketgan.

2010 yilda Rossiyada o‘tkazilgan shaxmat Olimpiadasida Fransiya milliy jamoasi murabbiyi Arno Oshar shaxmatchi Sebastyan Fellerga yo‘l-yo‘riq o‘rgatib turgan. U o‘yin zalidan chiqib, barga borib, yordamchisidan SMS xabar olib turgan. Shundan so‘ng, zalga qaytib, Fellerga oldindan kelishilgan imo-ishoralar bilan qaysi yurishni qilish haqida xabar bergan. Ularning navbatdagisida Feller donani adashtirib yuborgan va o‘yinda mag‘lub bo‘lgan. Keyinchalik firib milliy jamoaning boshqa shaxmatchilari ko‘magida oshkor bo‘lgan.

Top