10:18 / 08.09.2022
2297
O‘zbekiston va Rossiya aviasozlik sohasida bir qancha qo‘shma loyihalarni muhokama qilmoqda

Rossiyaning O‘zbekistondagi savdo vakili Konstantin Zligostev va TMZ bosh direktori Zafar Isoqov muzokaralar o‘tkazdi, unda ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston va Rossiya «Toshkent mexanika zavodi» AJ (TMZ) negizida aviasozlik sohasida qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda chorshanba kuni Rossiyaning O‘zbekistondagi Savdo vakolatxonasi ma’lum qildi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning respublikadagi savdo vakili Konstantin Zligostev va TMZ bosh direktori Zafar Isoqov muzokaralar o‘tkazgan, unda avvallari Valeriy Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi deb atalgan zavod (TAPOiCh) negizida ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilingan.

«Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma loyihalari bir vaqtning o‘zida turli bosqichlarda turibdi. Uskunalarni raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratildi, ularsiz bugungi kunda zamonaviy aviasozlikni tasavvur etib bo‘lmaydi», — deyiladi xabarda. Unda qayd etilishicha, TMZ Il-76, Il-114 samolyotlari va ularning modifikatsiyalari ehtiyot qismlarini ishlab chiqaradi hamda parvozga yaroqliligini saqlaydi.

«Zavod hududida yangi quvvatlarni qurish va mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini qayta jihozlash ishlari olib borilmoqda, bu esa kelajakda quvvatni oshirish va mahsulot turlarini kengaytirish imkonini beradi», — deyiladi xabarda.

TAPOiCh 1941 yilda Moskva oblastidagi Ximki shahridan respublikaga evakuatsiya qilingan aviatsiya zavodi negizida tashkil etilgan. Sovet davrida bu yerda Il-76 harbiy transport samolyotlari va Il-114 yo‘lovchi samolyotlari yig‘ilgan. 2014 yilda zavod «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ yurisdiksiyasiga o‘tkazildi va TMZ nomini oldi.

Top