10:04 / 09.09.2022
3175

O‘zbekiston Turkmanistonda maishiy texnika ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi

O‘zbekiston va Turkmaniston hukumat rahbarlari o‘rinbosarlari o‘zaro savdo va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

Foto: Dunyo

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev mamlakatga kelgan Turkmaniston vazirlar mahkamasi raisi o‘rinbosari Botir Atdayev bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar joriy yil oxirigacha savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Turkmaniston qo‘shma komissiyasi navbatdagi 17-yig‘ilishini o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqdi.

Shuningdek, tomonlar o‘zaro savdo hajmini yaqin kelajakda 2 milliard dollarga yetkazish uchun zarur chora-tadbirlar majmuini qabul qilishga o‘zaro tayyor ekanini bildirdi.

Ikki mamlakat hududida tayyor to‘qimachilik, farmatsevtika, qurilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasidagi qo‘shma loyihalar sonini sezilarli darajada oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Yengil avtomobillar va qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarishni tashkil etishga, Turkmanistonda maishiy texnika ishlab chiqarishni birgalikda yo‘lga qo‘yishga o‘zaro qiziqish bildirildi.

Transport va logistika aloqalarini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi, ikkala davlat hududida yuk tranzitini rag‘batlantirish choralari, dengiz portlari imkoniyatlaridan foydalangan holda xalqaro transport yo‘laklari bo‘ylab yuk tashishlarini tashkil etish nazarda tutildi.

Top