13:35 / 09.09.2022
11876

Samarqanddagi korxona Darg‘om kanaliga 1 tonna neftni oqizib yubordi. Zarar 1,2 milliard so‘mga baholanmoqda

Ekologiya xodimlari tomonidan atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari hisob-kitob qilinganida 1 milliard 204 million so‘mni tashkil etgan.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmati

Ijtimoiy tarmoqlarda Darg‘om kanalining Samarqand tumani hududidan oqib o‘tuvchi qismida neft mahsulotlari oqizilgani haqida xabarlar tarqaldi. Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, Darg‘om kanalidagi holat shu kunning o‘zida Davlat ekologiya qo‘mitasi va Samarqand viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan o‘rganilgan.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmati 

 Unda aniqlanishicha, Samarqand tumanining “Andijoni” MFYda joylashgan “NURSHOD UNIVERSAL SAVDO” MChJga qarashli suyultirilgan gaz saqlash omboridagi neft mahsulotlari (pech yoqilg‘isi) saqlash sig‘imidan oqib ketgan. Oqibatda, 1 tonna neft mahsulotlari joy relefiga to‘plangan va polietilen truba yordamida Darg‘om kanaliga oqizilgan.

Ekologiya xodimlari tomonidan o‘lchab ko‘rilganda korxona hududiga to‘kilgan neft mahsulotlari bilan ifloslantirilgan yer maydoni 86,4 metr kub ekani aniqlangan.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmati 

Davlat ekologiya qo‘mitasi va Samarqand viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan Ishchi guruh tomonidan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 34-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 apreldagi 202-son qaroriga asosan atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari hisob-kitob qilinganida 1 milliard 204 million so‘mni tashkil etgan.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmati 

O‘rganishlar davomida hozirgi kunda korxonaning xavflilik darajasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 sentabrdagi 541-sonli qaroriga asosan 1-toifaga mansub ekani va korxona ekologik normativ hujjatlarsiz faoliyat olib borganligi aniqlangan.

Aniqlangan huquqbuzarlik holatlari yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 65-moddasi 4-qismi bilan ma’muriy jarima qo‘llangan.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmati 

Shuningdek, korxona faoliyatini to‘xtatish va atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik uchun hisoblangan kompensatsiya to‘lovini undirish yuzasidan iqtisodiy sudga kiritish uchun da’vo arizasi tayyorlanmoqda.

Mavzuga oid
Top