11:22 / 09.09.2022
11093

Shavkat Mirziyoyev qirolicha Yelizaveta II olamdan o‘tgani munosabati bilan ta’ziya bildirdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya birlashgan qirolligi qiroli Charlz uchinchiga uning onasi qirolicha Yelizaveta ikkinchi olamdan o‘tgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

"Ul zot 70 yildan ortiq vaqt davomida mamlakat yaxlitligi va jadal rivojlanishi ramzi bo‘lib kelgan, Qirollik global iqtisodiyot va siyosatda yetakchi davlatlardan biriga aylanishiga, uning xalqaro maydondagi obro‘ va e’tiborini har tomonlama oshirishga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk davlat arbobi edi", deyiladi davlat rahbarining ta’ziyanomasida.

Prezident ushbu musibatli damlarda qirolga, oilasi barcha a’zolariga va Buyuk Britaniya xalqiga taskin so‘zlarini bildirdi hamda sabr-toqat va bardamlik tiladi.

Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II 8 sentabr kuni 96 yoshida vafot etdi. 

So‘nggi oylarda Yelizaveta II sog‘ligi tufayli ko‘plab tadbirlarda ishtirok eta olmadi. 2022 yil fevralida u kovidga chalingandi; bahorda qirolicha «harakatlanishdagi epizodik muammolar» tufayli qator ommaviy tadbirlarni o‘tkazib yubordi, iyun oyi boshida esa u o‘zining taxtga chiqishining 70 yilligi munosabati bilan tashkillashtirilgan tantanalarda deyarli qatnashmadi. 

Buyuk Britaniyada milliy motam davri boshlandi, Sky News xabariga ko‘ra bu dafn marosimiga qadar davom etadi. Yelizaveta ikkinchining jasadi Bukinhem saroyiga olib kelinadi va bu yerda besh kun qoladi. O‘limidan besh kun o‘tib uning tobuti Vestminster saroyiga keltiriladi, bu yerda uch kun mobaynida 23 soat uni ziyorat qilishlari mumkin. Dafn marosimi qirolichaning o‘limidan 10 kun o‘tib bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Yelizaveta ikkinchining o‘limidan keyin uning katta o‘g‘li Charlz mamlakatning yangi qiroliga aylanadi — u Buyuk Britaniya tarixida Uels shahzodasi va taxt vorisi maqomida eng uzoq vaqt qolgan shahzoda bo‘ldi. Bukinghem saroyi uni qirol Charlz III deb atadi. 9 sentabr kuni yangi qirol taxtga chiqishi rasman nishonlanadigan qator tantanali marosimlar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Mavzuga oid
Top