23:31 / 09.09.2022
15876
UYeFA Rossiya Bosniya bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi to‘g‘risidagi xabarga munosabat bildirdi

Ma’lum qilinishicha, o‘rtoqlik uchrashuvlari UYeFA vakolati va mas’uliyati doirasiga kirmaydi. 

Foto: Getty Images

UYeFAning milliy assotsiatsiyalarni boshqarish bo‘yicha eksperti Yan Hafner tashkilot Rossiya hamda Bosniya va Hersegovina milliy jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazilishiga qarshilik bildirmasligini ma’lum qildi.

«Biz UYeFA Bosniya va Hersegovina futbol federatsiyasining Rossiya futbol ittifoqi bilan RFI hududida o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazilishiga qarshilik bildirmasligini tasdiqlamoqchimiz. O‘rtoqlik uchrashuvlari UYeFA vakolati va mas’uliyati doirasiga kirmaydi», — dedi Hafner.

 7 sentabr kuni Rossiya futbol ittifoqi futbol bo‘yicha mamlakat milliy jamoasi kuzda uchta nazorat uchrashuvi o‘tkazishini ma’lum qilgandi. Birinchi uchrashuv 24 sentabrda Bishkekda bo‘lib o‘tadi. Rossiyaliklarning raqibi Qirg‘iziston milliy jamoasi bo‘ladi. Oktyabrda Karpin shogirdlari Eron milliy jamoasi bilan kuch sinashadi. 

9 sentabr kuni Rossiya milliy jamoasi 19 noyabrda Sankt-Peterburgda Bosniya va Hersegovina milliy jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi haqida xabar qilindi. 

Eslatib o‘tamiz, FIFA va UYeFA Rossiya milliy jamoasi hamda mamlakatning barcha klublarini ushbu tashkilotlar nazorati ostidagi barcha musobaqalardan chetlashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Mavzuga oid
Top