22:28 / 10.09.2022
30764

Frontdagi vaziyat: Ukraina birin-ketin shaharlarini ozod etmoqda

Foto: Anadolu Agency

Ukraina qurolli kuchlari Xarkiv oblastida hujum qilishda davom etmoqda. Shanba kuni ukrain kuchlari logistik jihatdan muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Kupyansk shahriga kirishdi, Rossiya qo‘shini ushbu yirik shahar markazini tark etishgan. Janubroqdagi yana bir muhim ahamiyatga ega bo‘lgan markaz, Izyumga olib boruvchi yo‘l o‘tadigan Liman shahriga ham hujum qilinmoqda. Bu esa Izyum ikki tomondan ham o‘rab olinganini anglatadi. Rossiyaning Izyum atrofidagi 10 mingdan ortiq qo‘shini qurshovga tushish xavfi ostida qolgan, RF mudofaa vazirligi bu hududdagi qo‘shinlar «DXR» hududiga o‘tkazilayotganini ma’lum qilgan.

So‘nggi kunlarda Ukraina qurolli kuchlari Xarkiv oblastidagi muhim ahamiyatga ega Balakliya shahri va yana 30 dan ortiq shahar va qishloqlarni ozod qilgandi.

Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videolardan birida Kupyansk shahriga kirish joyida zirhli mashinada o‘tirgan ukrain askarlarini ko‘rish mumkin. 

Rossiyaparast telegram-kanallarning ayrimlari ukrain kuchlari shaharning faqat g‘arbiy qismini egallab, Oskol daryosigacha (daryo shaharning sharqini g‘arbidan ajratib turadi) yetib borgani haqida yozdi. Ammo ukrain kuchlari shaharni to‘liq nazoratiga olgani haqida ham xabarlar bor.

Operativ nuqtayi nazardan shaharning sharqiy qismi boy berilgani ham Rossiyaning Izyumdagi guruhiga shimoldan ta’minot yetkazib berishni imkonsiz qilib qo‘yadi. Gap shundaki shaharda Kupyansk temiryo‘l stansiyasi joylashgan, u orqali Rossiyaning Izyum hududidagi yirik guruhiga ta’minot yetkazib kelinayotgandi.

Stansiya sharqiy sohilda joylashgan, ammo daryoning narigi sohilidan turib uni osongina o‘qqa tutish mumkin. Shu tariqa, Izyum guruhi asosiy ta’minot liniyasidan uzilib qoladi.

Xarkiv oblasti kengashi raisi maslahatchisi Natalya Popova feysbukdagi sahifasida shahar markazida turgan ukrain askarlari suratini e’lon qildi.

«Kupyansk — bu Ukraina! Ukraina qurolli kuchlariga shon-sharaflar bo‘lsin!», — degan Popova va Kupyanskdagi ma’muriy bino oldida ukrain bayrog‘ini ko‘tarib turgan ukrain askarlari suratini joylashtirgan. Rossiyaning «Agenstvo» nashri suratdagi bino Kupyansk shahar kengashi binosi ekanini tasdiqladi.

Rossiya harbiylari Izyumni tashlab keta boshladi, Limanga hujum qilinmoqda

Tongda Rossiya qo‘shini Izyumni tark etayotgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu haqda qo‘shinlarda o‘z manbalariga ega bo‘lgan rossiyalik bir necha bloger xabar bergan. 

O‘z navbatida «DXR» axborot vaziri o‘rinbosari Daniil Bezsonov Rossiya qo‘shini Kupyanskdan 70 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan Izyum shahridan chekingani haqida xabar berdi. 2014 yilda «DXR» mudofaa vaziri bo‘lgan Ivan Strelkov (haqiqiy familiyasi Girkin) ham rossiyaliklar to‘liq qurshov xavfi ostida qolgan Izyumni topshirayotganini ma’lum qildi va to‘g‘ri yo‘l ekanini aytdi.

Shuningdek, Ukraina qurolli kuchlari shaharga kira boshlagani haqida xabarlar kela boshlagan, ijtimoiy tarmoqlarda ukrain askarlari shaharga kirishda tushgan suratlar tarqalgan.

Frontdan kelayotgan xabarlardagi uchinchi shahar nomi - Liman. Ukrainalik va rossiyalik harbiy blogerlarning yozishicha, Ukraina qurolli kuchlari Shimoliy Donni kechib o‘tib, Limanga yurish qilayotgani haqida yozishmoqda. Bu shuni anglatadiki, Rossiya armiyasi ukrainlarning yurishini Oskol va Shimoliy Don bo‘ylarida to‘xtata olmagan.

Rossiyaparast WarGonzo telegram-kanali xabar qilishicha, shaharning o‘zida ham janglar boshlanib ketgan. Shu bilan birga boshqa bir kanal - «Ribar» Limandan FVV, IIV va Rosgvardiya bo‘linmalari olib chiqilgani haqida xabar bergan.

Limanga zarba berilishi, agar Ukraina qurolli kuchlari shu sur’atda yurish qilishda davom etsa, Izyumdan evakuatsiya bo‘lishga ulgurmagan guruhlar qurshovga tushishiga olib keladi. 

Juma kuni rossiyalik harbiy korrespondentlar va rasmiy manbalar Xarkiv yo‘nalishiga madad kuchlari yuborilayotgani haqida xabar tarqatgandi.

«Havo ko‘prigi orqali Kupyansk va Izyumga yoppasiga yordam kuchlari tashlanmoqda. «Korova»lar (Mi-26 rusumli og‘ir transport vertolyotlari) to‘qnashuv chizig‘i yaqiniga qo‘nmoqda. Bir necha qo‘nish nuqtalari tayyorlangan. Mi-26 vertolyotlari zirhli texnikalar va shaxsiy tarkib jangchilarini olib kelmoqda. Jangchilar raqibni to‘xtatish va bundan keyin oldinga o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun jang maydoniga yo‘l olmoqda», deya yozgandi VGTRK harbiy reportyori Yevgeniy Poddubniy.

RF mudofaa vazirligining juma kungi brifingida ham Xarkiv yo‘nalishida zaxira kuchlari yo‘llangani haqida ma’lum qilingandi. Shu kuni Xarkiy yo‘nalishida harakatlanayotgan zirhli texnikalar va harbiy kuchlar kolonnasi aks etgan videolar tarqaldi.

Izyum guruhi Rossiya qo‘shini uchun naqadar muhim?

Izyumga hujum Rossiyaning Ukrainaga bosqinidagi asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lgandi. Urushning ilk kunlaridanoq shahar tinimsiz o‘qqa tutilgan, mart oyi oxiriga kelib shahar vayronaga aylangan - aprel oyi boshida ukrain kuchlari shaharni tashlab ketishgandi. Izyum va uning atrofida Rossiyaning yirik qo‘shini joylashtirildi.

Harbiy harakatlarning ilk bosqinida Izyum atrofidagi guruh madad kuchi vazifasini o‘tadi - Xarkivni janubdan uzib qo‘yish va Ukraina qurolli kuchlarining janubi-sharqdagi (Donbass) jangovar bo‘linmalari Xarkivga yordamga kela olmasligini ta’minlash va shimoldan bostirib kelayotgan qo‘shinlar Ukrainaning eng yirik ikkinchi shahrini osonlik bilan egallashi uchun sharoit yaratish.

Xarkivni egallash rejasi noreal ekani ayon bo‘lganida esa, Izyum platsdarmidan shimoldan turib Donbassga hujum qilishga qaror qilindi. Yoz bo‘yi davom etgan shiddatli janglarda Rossiya qo‘shinlari janubda ukrain qo‘shinlarini kuchli bosim ostida qoldirdi va ukrainlar mudofaasi Slovyansk ostonasigacha surilishiga erishdi, ammo Izyum guruhi aytarli muvaffaqiyatga erisha olmadi - Slovyansk Ukraina nazoratida qoldi.

RF mudofaa vazirligi Xarkiv oblastida chekinganini tasdiqladi

10 sentabr kunining ikkinchi yarmiga kelib RF mudofaa vazirligi Xarkiv oblastidagi vaziyat haqida ilk bor ma’lumot berdi. Vazirlik rasmiy telegram-kanalida aytilishicha, «Donetsk yo‘nalishidagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish» va Donbassni ozod etish bo‘yicha «maxsus amaliyot» maqsadlariga erishish uchun Balakliya va Izyum atrofidagi qo‘shinlarni qayta jamlashga qaror qilingan.

«Shu maqsadda uch kun mobaynida Izyum-Balakliya yo‘nalishidagi qo‘shinlarni Donetsk xalq respublikasi hududiga tashkillangan holda olib o‘tish bo‘yicha amaliyot olib borildi. Bu amaliyot davomida harbiylarning haqiqiy harakatlaridan chalg‘itishga qaratilgan maxsus tadbirlar o‘tkazildi», deyiladi xabarda.

RF mudofaa vazirligi qayd etishicha, «Rossiya qo‘shinlariga zarar yetmasligi uchun raqibga aviatsiya, raketa qo‘shinlari va artilleriya qo‘llangan holda kuchli zarbalar berilgan».

«Uch kun davomida ikki mingdan oshiq ukrain va xorijlik yollanma jangchilar o‘ldirildi, shuningdek 100 dan zirhli texnikalari va artilleriya qurilmalari yo‘q qilindi», — deya qayd etadi Rossiya harbiy idorasi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top