22:56 / 13.09.2022
10577

“Hammasini davlat rahbariga tashlab qo‘yish kerak emas” - Tanzila Norboyeva odamlarni qiynayotgan masalalar yechimi haqida

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva 13 sentabrdagi yalpi majlisda talabalar yotoqxonalari, darsliklar va daraxtlar kabi internetda muhokama bo‘layotgan mavzular haqida gapirdi. “Qachon odamlar dod-voy qilib ijtimoiy tarmoqqa chiqadi, shundan keyin [muammoni bartaraf etish] boshlanadi. Hammasini davlat rahbariga tashlab qo‘yish kerak emas”, – dedi u.

Daraxtlar

“Majlisni onlayn o‘tkazyapmiz-ku, hozir odamlar [izohlarda turli] tanqidiy fikrlarni yozishyapti. Ularni to‘g‘ri qabul qilishimiz kerak.

“Davlat rahbarining 2021 yildagi farmoni bilan daraxtlar kesilishiga moratoriy e’lon qilingandi. Uning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilganiga qaramasdan daraxtlarni kesish, ularni sun’iy tarzda quritish holatlari to‘xtamayapti”, deb yozishyapti. Bugungi majlisimizda aytganimizday, tenderda [yerni kimdir] yutvolib, bino quraman deydi, qarasa u yerda daraxtlar bor. Shu daraxtlarni sug‘ormasdan o‘sha daraxtlar qurib qolishiga olib kelishyapti”, dedi Senat raisi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Darsliklar

Norboyeva maktab darsliklari masalasiga ham to‘xtaldi. Unga ko‘ra, Senat 2019 yilda bu masalani o‘rgangan va hukumatga so‘rov yuborgan, biroq masala shu paytgacha hal bo‘lmagan.

“Ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib turganimizdek, yangi o‘quv yili maktab darsliklari muammosi bilan boshlanib, endilikda darsliklarning mazmuni, ularning o‘quvchilar yoshiga, aqliy, fiziologik va psixologik imkoniyatlariga mos ravishda tayyorlanishi bilan bog‘liq muammolar ko‘tarilmoqda. Biz avval ham, ya’ni 2019 yilda ushbu masalada parlament nazorati doirasida maxsus o‘rganishlar o‘tkazib, hukumatga parlament so‘rovini yuborganmiz. Bu masala shu paytgacha hal bo‘lgani yo‘q.

O‘ylaymanki, Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi hukumatning tegishli komplekslari bilan birgalikda yana bir bor ushbu masalaga qaytib, o‘qituvchilar, ota-onalar, ekspert-olimlar hamda keng jamoatchilik takliflari asosida darsliklarni tayyorlash va nashr etishning shaffof tizimini ishlab chiqishi kerak bo‘ladi. Hozir bu bo‘yicha Prezident administratsiyasida ham ishlar ketmoqda, lekin senatorlarimiz xalq vakillari sifatida bu ishni birgalikda amalga oshirishlari kerak bo‘ladi”, degan Tanzila Norboyeva.

Talabalar yotoqxonalari

Yalpi majlisda talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasi ham ko‘tarildi. Senat raisi taklif etilayotgan muvaqqat choralar yangi-yangi muammolarni yuzaga keltirishi haqida ogohlantirib, hukumatni o‘z ishiga layoqatsizlikda aybladi.

Tanzila Norboyevaning fikricha, ko‘plab muammolar ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilgach yoki prezident e’tibor qaratib, yechim topib berganidan so‘nggina hal bo‘lmoqda.

“Toshkentga oliy o‘quv yurtiga qabul qilingan talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasi yakuniga yetkazilmas ekan, bu muammo har yili ko‘tarilaveradi. Chunki mavjud yotoqxonalar soni o‘zgargani yo‘q, lekin hozir qanchadan qancha oliy o‘quv yurtlari tashkil etildi, talabalar soni ham ortib bormoqda. Demak, ehtiyoj ham ko‘paymoqda.

Toshkent shahar hokimi Yangihayot tumanida yangi bunyod etilgan “Toshkent indeks” savdo-ishlab chiqarish majmuasi hududida bo‘sh turgan 10 ming o‘rinli tadbirkorlar binosini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida talabalar uchun turar joyga aylantirish taklifini berdi. Biroq shuncha talabaning bir hududga joylashtirilishi ortidan kelib chiqadigan boshqa ijtimoiy muammolarni ham unutmasligimiz kerak. Majlisimizda senator-rektorlarimiz ham o‘tiribdi. Tasavvur qilinglar, shuncha talaba bitta joyga joylashsa, buning ortidan qanchadan qancha boshqa muammolar kelib chiqadi. Sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilinishini ta’minlash kerak bo‘ladi. Poliklinikalarga tushadigan qo‘shimcha yuklamalar paydo bo‘ladi. Yo‘llarda tirbandliklar paydo bo‘ladi. O‘quv yili boshlangan vaqtda kuzatilgan tirbandliklar bilan bog‘liq qanchadan qancha muammolar ko‘tarilyapti.

Mana shu masalalar hammani o‘ylantirishi kerak. Hammani, ayniqsa, hukumat vakillarini. Bular odamlarimiz tomonidan ko‘tarilayotgan masalalar, shularni hal qilsanglar bo‘lmaydimi degan chaqiriq bilan bizga murojaat qilishyapti. Shuning uchun bu yerda o‘tirgan hukumat a’zolari chiroyli... Men tushunaman, juda ko‘p ishlar qilyapsizlar, chiroyli-chiroyli rejalar qilgansizlar. Mablag‘lar ajratilyapti. Mana, hozir bu haqda chiroyli qilib gapirib berdinglar. Lekin mana bu kabi odamlarning murojaatlari kamaymas ekan, bu ishlar qilinyaptimi-yo‘qmi degan savolga o‘ylanib qoladi odam.

Qachon odamlar dod-voy qilib ijtimoiy tarmoqqa chiqadi, shundan keyin boshlanadi. Hammasini davlat rahbariga tashlab qo‘yish kerak emas. Davlat rahbariga tashlab qo‘ydik. Hammasiga o‘zlari munosabat bildirib, o‘zlari yechim topib beryaptilar. Qolganlar nima qilib o‘tiribdi unda?!” – deydi Tanzila Norboyeva.

Eslatib o‘tamiz, 10 sentabr kuni saytimizda e’lon qilingan maqolada Senat raisining ijtimoiy muammolarga avvalgidek e’tibor qaratmay qo‘ygani tanqid qilingandi.

Top