10:22 / 13.09.2022
35731

Ramzan Qodirov Delimxanov boshchiligidagi «sara jangchilar» frontga qaytganini ma’lum qildi

Foto: Videodan skrinshot

Rossiyaning Checheniston respublikasi rahbari Ramzan Qodirov rus askarlari Xarkivdagi Izyum, Kupyansk va Balakliyani tashlab qochgani fonida mamlakat Mudofaa vazirligini tanqid qildi. Qodirov bu borada o‘z kanalida audioxabar e’lon qildi.

«Men Mudofaa vazirligi kabi strateg emasman, doim haqiqatni gapiraman: xatolarga yo‘l qo‘yildi, umid qilaman, ular bundan xulosa chiqarishadi. Agar bugun-erta o‘zgarish bo‘lmasa, men Mudofaa vazirligi va mamlakat rahbariyatiga aloqaga chiqib, ularga vaziyatni tushuntirishga majbur bo‘laman. Vaziyat juda qiziqarli va hayratlanarli», deydi Checheniston rahbari.

Qodirov harbiylar «shaharni topshirishi»da hech kimni ayblay olmasligi, chunki Mudofaa vazirligi siyosatini tushunmasligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik rasmiylari ukrainaliklarning hujumini ko‘rib turgan bo‘lsa-da, bu borada hech nima demagan.

«Nega bunday qilindi? Nega [shahar] topshirildi? Bu ishlar nega qilingani tushuntirilishi kerak. Rossiya xohlaganda bir qadam ham ortga qadam tashlamasdi. Bu uchun ularda alohida odamlar tayyorlanmagan edi. Biz doim qanday otayotganimiz, qanday olayotganimiz, qanday yo‘q qilayotganimizni ko‘rsatamiz. Boshqa tomonni ham ko‘rsatish kerak», deydi u.

Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya askarlari shaharlar va qishloqlarni «topshirayotgani»ning yaxshi tomoni ham bor. Chunki Ukrainaga «Axmat» polki maxsus kuchlarining uchta bataloni yuborilgan. Ular Ukraina hududida «maxsus harbiy amaliyot» (Rossiyada urushni shunday atashadi) o‘tkazadi.

«Men, Ramzan Qodirov, rasman ma’lum qilamanki, bu barcha shaharlar qaytib olinadi. U yerda allaqachon bizning yigitlar, bu ish uchun tayyorlangan yigitlarimiz borishgan. Yana 10 ming jangchilar borishga tayyor. Va biz kelajakda Odessagacha boramiz», degan Qodirov.

12 sentabr kuni Ramzan Qodirov o‘zining Telegram-kanalida yana bir necha videolar joyladi. Ulardan birida Rossiya Dumasi deputati Adam Delimxanov boshchilik chechen harbiylari Ukrainada bo‘lib turgani aytilgan murojaat aks etgan. Videoda deputat Delimxanov Xersonda ekani, chechen askarlari Ukrainani «natsizmdan tozalash»ga tayyorligini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 10 ming nafar chechenistonlik harbiylar Zaporijjya, Xerson va «DXR»ga borgan.

«Xarkivdagi ba’zi shaharlar natsistlar, shaytonlar tomonidan egallangan. Biz sizlarga Mariupolda bo‘lgani kabi ko‘rsatib qo‘yamiz. Shunday ekan, bizdan syurprizlar kutib qoling. Biz butun front bo‘ylab harakat qilib, Ukrainani ozod qilamiz», degan Delimxanov.

Qodirov videoga izoh ham yozib qoldirgan. Uning aytishicha, deputat Delimxanov boshchiligidagi «elit jangchilar»ga Ukrainaning Mariupol, Severodonetsk, Lisichansk va Popasnaya shaharlari «ozod qilingani»dan so‘ng Putin tomonidan ta’til berilgandi. Endi esa ular yana frontga qaytgan.

Avvalroq Ramzan Qodirov Rossiya Ukrainada «maxsus harbiy amaliyot» olib borayotgani sabab Chechenistondagi hech qaysi kuch ishlatar tizim xodimlari dam olishga haqqi yo‘qligi, bu vaqtda dam olish haqida o‘ylab bo‘lmasligini aytgan edi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top