19:38 / 13.09.2022
4894
«ShHT sammiti faqat uchrashuv yoki muhokamalardan iborat bo‘lmaydi» - Sodiq Safoyev

Sodiq Safoyev ShHTning maqsadi – yangi devorlar emas, yangi ko‘priklar qurish ekanini ta’kidladi.

Foto: Xalqaro press-klub

Oliy Majlis Senati raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyevning fikricha, ShHTning Samarqand sammiti O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi nufuzi va o‘rni ortib borayotganini ko‘rsatadi.

«Shanhay hamkorlik tashkiloti barqarorlikni ta’minlovchi kuch sifatida tan olingan. Kuzatilayotgan tahdidlar fonida aynan Samarqand sammitidan butun dunyo aholisi ko‘p narsa kutmoqda. Xalqlar bugun ro‘y berayotgan mojarolar, qurolli to‘qnashuvlar, mamlakatlarni ziddiyatlarni bartaraf etishga yordam berishiga umid qilmoqda.

Darhaqiqat, dunyo o‘zgardi. Ammo oxirgi yillarda O‘zbekiston ham o‘zgardi. Bugungi Vatanimizni besh yil oldingisi bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Mamlakatning mavqeyi ham, uning ta’sir kuchi ham ortib boryapti. O‘zbekistonning mintaqaviy va global miqyosdagi muammolarni yechishga bo‘lgan intilishi ShHT doirasidagi tadbirlarda ham yaqqol namoyon bo‘lyapti. Ishtirokchi mamlakatlarni bir joyga to‘plab, o‘zaro ziddiyatlarni bartaraf etib, ularning boshini qovushtirish yuksak diplomatik mahoratni va mezbon davlatning obro‘si yuqori bo‘lishini talab etadi.

Hech shubhasiz, ShHT sammiti natijador bo‘ladi. U faqat uchrashuvlar, muhokamalardan emas, amaliy ishlarga erishiladi», — deb ta’kidladi Safoyev.

U ShHTning asosiy kuchi – tashkilot qandaydir blok yoki yopiq tuzilma bo‘lishdan yiroqligini qayd etdi. Bu tashkilot hamisha turli ko‘rinishdagi hamkorliklar uchun ochiqligi va Samarqand sammiti ham tashkilot xalqaro o‘zaro tushunish, ishonch va hamkorlik barpo etish uchun platforma ekanini isbotlashi kerakligi ta’kidlandi. 

«ShHT sammiti qandaydir qarama-qarshiliklarni kuchaytirish yoki yangi devorlarni barpo etish, yangi chegaralarni belgilash emas, balki yangi ko‘priklarni qurish, xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirishga qaratilgan anjuman bo‘ladi», – deya qayd etdi Senat raisi o‘rinbosari.

Mavzu
Samarqandda ShHT sammiti
15–16 sentabr kunlari Samarqand shahrida Shanhay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti tashkillashtiriladi.
Barchasi
Top