15:46 / 14.09.2022
14126

30-40talab obektni yutayotgan pudratchilar, qog‘ozdagi ish o‘rinlari va postfaktum-kengashlar - Senatdagi tanqidlar

Senatning 32-yalpi majlisi tanqidiy ruhda o‘tdi. Kun.uz majlisning eng jonli qismlarini havola qiladi.

13 sentabrda Senatning 32-yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis tanqidiy va biroz asabiy ruhda o‘tdi.

Muhokamalar davomida Senat raisi Tanzila Norboyeva vazirlik idoralarning shunchaki axborot yoki hisobotlar emas, senatorlar tomonidan berilayotgan savollarga aniq javob berishni so‘radi.

Yalpi majlisda portlayotgan gaz ballonlari muammosi yana ko‘tarildi. Senatning Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov gaz ballonlari o‘rnatilgan avtomobillar “ko‘z bilan” texnik ko‘rikdan o‘tkazilganini aytdi.

“Senatning oldingi yalpi majlislarida xalqimizni qiynayotgan muammolardan biri – avtomobillarga o‘rnatilgan gaz ballonlari bilan bog‘liq masala ko‘tarilib, Senat tomonidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborilgandi. Iyun oyida ko‘rsatilgan 1300dan ortiq kamchiliklardan 815 tasi bartaraf etilgani, 70 ta gaz shoxobchalarining faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani to‘g‘risida hisobot berilgandi. Shunga qaramasdan, shu yil yozida Sirdaryo viloyatida Xorazm viloyatidagi “Pitak-Sarmishsoy” MChJga qarashli avtobus aholini olib ketayotganda gaz balloni portladi va natijada 6 nafar fuqaro voqea joyida hayotdan ko‘z yumdi va 9 nafari shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga joylashtirildi”, – dedi senator.

Uning aytishicha, bu – Vazirlar Mahkamasi qaroridagi vazifa, ya’ni yuk mashinalari va avtobuslarga o‘rnatilayotgan gaz ballonlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish laboratoriyalarini xarid qilib olish vazifasi bajarilmayotganini ko‘rsatmoqda.

Yalpi majlis davomida Tanzila Norboyeva hududlarda qurilish kompaniyalari bir vaqtning o‘zida 10-20 talab qurilish loyihalarini yutib olayotgani, bu esa sifatni tushirayotganini aytdi.

“Shaffof tender tizimi qaror bilan belgilangan, to‘g‘rimi? Misol uchun, bitta obektni yutgan qurilish tashkiloti qurilishini tugatmasdan boshqa obektni ham yutib oladi. O‘n beshtalab obektni yutib olgan tashkilotlarni bilamiz-da. Birinchidan, bu sifatsiz qurilishga olib kelyapti. Ikkinchidan, mana shunaqangi ish o‘rinlarida ham har xil muammolar kelib chiqyapti. Shuning uchun shaffof tender yo‘nalishida ishlarni qayta ko‘rib chiqish zarurati tug‘ilmadimi?

Qanday qilib bitta firma o‘n beshtadan, yigirmatadan obektni yutib olishi mumkin? Qanaqa qilib ishini yakunlamasdan, topshirmasdan, odamlarni rozi qilmasdan yana boshqa obektni yutib olaveradi? Qanaqa qilib? Qanaqa yondashuv?” – dedi Senat raisi qurilish vaziri o‘rinbosari Shukrullo Jahongirovga.

Vazir o‘rinbosari bu kabi holatlar juda ko‘plab kuzatilayotganini tasdiqladi.

“Hattoki 30 talab qurilish obektlarini olgan pudratchilarimiz bor. Bu bo‘yicha hozirgi kunda alohida qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda. “–5” tizimi haqida quruvchilarimiz yaxshi bilishadi. Har bir olingan obekt uchun quruvchi kompaniyaning reytingidan minus besh ball olinadi. Natijada 30-40 talab obektlarni oladigan pudratchi tashkilotlar 5 yoki maksimum 10 ta obektni olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ballar qisqarishi natijasida reytingi borgan sari pastga tushib ketadi va katta obektlarni ola olishmaydi. Loyiha hozirgi kunda muhokamadan o‘tdi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan”, – dedi Jahongirov.

Shuningdek, Norboyeva bo‘sh ish o‘rinlari sonini oshirib ko‘rsatish, faoliyati tugatilgan tadbirkorlik sub’yektlaridagi ish o‘rinlarini ham qo‘shgan holda ma’lumotlarni ko‘pirtirib ko‘rsatishga barham berish kerakligini aytdi.

“Minglab ish o‘rinlari yaratdik, deb har bir tizim, har bir hokimlik hisobot beradi. Oldinlari bir million ish o‘rni yaratildi, degan hisobotlar ketardi. Lekin amalda yarmi ham yaratilmasdi. Chunki har bir ish o‘rnini yaratish qancha mablag‘ talab etishini, qancha texnologiya olib kelinishi kerakligini bilamiz. Lekin shu ishlar qilinmasdan hisobotda chiroyli raqamlar ketardi. Natijada aholi sarson, ish izlab chetga ketadi…

Bu masalaga hozir boshqacha yondashilyapti. Haqqoniylik nuqtayi nazaridan senatorlar, deputatlar bu masalani o‘rganishni boshladi. Ish o‘rinlari sonidagi tafovutlar bor, bir tizimda yaratilayotgan ish o‘rinlari borasida hisobot 3 ta vazirlikdan ketyapti. Birinchi navbatda, tafovutlarni yo‘q qilish lozim: tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatganlar yaratgan ish o‘rinlari ham yaratilgan ish o‘rinlari sifatida hisobotda ketyapti”, – dedi u.

Ayniqsa, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida mahalliy kengashlar qarorisiz hokimliklarning tegishli farmoyishlari bilan mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalaridan milliardlab mablag‘lar tartibga zid tarzda sarflangani tanqid qilindi.

“Amaliyotda Budjet kodeksini buzish holatlari kuzatilyapti. Sirdaryo viloyatida 2 mlrd so‘m mablag‘ qo‘shimcha manbalar hisobidan moliyalashtirilishi nazarda tutilmagan tashkilotlarga yuborilgan. Viloyat soliq organining ma’muriy binolarini ta’mirlash va ularni alternativ energiya manbayi bilan ta’minlash uchun 2 mlrd so‘m, Guliston shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sud binosi 49,2 mln so‘m, Guliston shahar IIB moddiy texnik bazasini mustahkamlash uchun 41 mln so‘m, Sirdaryo viloyati qo‘riqlash boshqarmasi shaxsiy tarkib xodimlarining ish haqi uchun 30 mln so‘m ajratilgan.

Yoki xalq deputatlari kengashi qarorisiz Toshkent viloyatida hokimliklarning tegishli farmoyishlari bilan mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan 33,5 mlrd so‘m turli tadbirlarga sarflab bo‘lingach, keyinchalik kengash qarorlari qabul qilingan. Sirdaryo va Toshkent viloyati hokimliklari mutasaddilaridan izoh so‘raymiz. Budjet kodeksi unda nimaga kerak, agar mahalliy kengashlar unga rioya qilmasa?” – dedi Senat raisi.

Madina Ochilova,
Javohir G‘ayratov,
Kun.uz

Top