17:56 / 15.09.2022
30870

O‘nlab tanklar, dronlar va razvedka tizimlari. Ukraina Xarkivda qanday o‘ljalarga ega bo‘ldi?

Ukraina armiyasi Xarkiv yo‘nalishida kutilmagan qarshi hujumni amalga oshirdi va rossiyalik harbiylarning ko‘plab texnikalarini qo‘lga kiritdi. Ulardan ba’zilarini Rossiya qurolli kuchlari tarixda birinchi marta raqibga berib qo‘ydi.

Foto: Ukraina qurolli kuchlari

Rossiya mudofaa vazirligi Xarkivdagi vaziyatni «qo‘shinlarni qisqartirish va Izyum-Bakaliya guruhi kuchlarini ko‘chirish» deb atadi hamda buni «chalg‘ituvchi harakatlarning bir qismi» deya tasnifladi.

Agar bu bayonot jiddiy qabul qilinsa, Rossiya qo‘shinlari bunday «chalg‘itish» kampaniyasi doirasida Izyumda butun bir tank rotasi, dronlar komplekti, noyob razvedka stansiyasi va uning hujjatlarini Ukraina qurolli kuchlariga tashlab ketgan.

Ukraina armiyasi Xarkivda qanday «o‘ljalar»ga ega chiqdi?

Rossiya qo‘shini chekinish vaqtida juda ko‘p texnikalarni qoldirib ketdi. Foto: Reuters

«Butun birlashgan armiyaning zaxira qismlari Izyumda joylashgani sababli, bu yerda qo‘lga kiritilgan texnikalar oldingilaridan texnologik jihatdan ancha ilg‘orroq», — deydi harbiy tarixchi va publitsist Mixail Jiroxov BBC nashri bilan suhbatda.

Birlashgan armiya mustaqil ravishda ham, yirik tuzilmalarning bir qismi sifatida ham turli harbiy amaliyotlarni mustaqil o‘tkazish uchun mo‘ljallangan (masalan, Ikkinchi jahon urushi frontlaridagi kabi), shuning uchun u odatda o‘z texnikaviy mustaqilligini ta’minlash uchun keng turdagi harbiy texnikaga ega bo‘lgan.

Rossiya armiyasining «Izyum-Balakliya guruhi» ham shu turdagi tuzilma bo‘lib, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, u bir nechta batalon-taktik bo‘linmalaridan tashkil topgan va undagi askarlar soni 10 mingdan ko‘proq bo‘lgan. Uning asosiy texnikalari Izyumda joylashgandi.

Aynan shu sababdan, Ukraina qurolli kuchlari tomonidan Izyumda qo‘lga kiritilgan rus harbiy texnikasining miqdori juda ko‘p va ular odatda qo‘shin orqasiga joylashtiriluvchi noyob va yangi modellardir.

Ukraina ijtimoiy tarmoqlarida hatto «Rossiya lend-lizi» (Ikkinchi jahon urushi davrida AQSh SSSRga shu dastur doirasida qurol-yarog‘ yetkazib bergan) haqidagi memlar ham paydo bo‘ldi. Bunga sabab, Ukraina harbiylari tomonidan qo‘lga kiritilgan harbiy uskunalar shunchalik ko‘pki, bu Rossiyaga qarshi kurashish uchun G‘arb davlatlari Ukrainaga yuborgan qurollar paketiga o‘xshaydi.

Rossiyaliklar qoldirgan granatomyotlar

«Orlan-10 dronlari to‘plami, uning boshqarish stansiyasi va hujjatlari Ukraina harbiylari qo‘liga o‘tganini muvaffaqiyat deb aytish mumkin. Dronlarga qarshi kurashish tizimlarini ishlab chiqish bo‘yicha mutaxassislar uchun bu haqiqiy sovg‘adir», — deydi Mixail Jiroxov.

«Bundan tashqari, Ukraina qurolli kuchlari kuzatuv va aloqa tizimlarining harbiy majmualari, xususan, PSNR-8R razvedka majmuasini (artilleriya qurollariga qarshi) qo‘lga kiritdi», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Shu bilan birga, hozirda Ukraina armiyasi tomonidan qo‘lga kiritilgan rus harbiy texnikalari asosan bu urush uchun standart turdagi qurollar — turli modifikatsiyadagi T-72 va T-80 tanklaridan iboratdir.

Qiziq tomoni – tashlab ketilgan texnikalar orasida modernizatsiya qilingan o‘ziyurar gaubitsa «Msta-S» (1976 yilda ishlab chiqarilgan) va hatto o‘ziyurar minomyot «Nona-SPK» (1981 yilda ishlab chiqarilgan) ham mavjud», — deya qayd etadi tahlilchi.

«Nona-SPK» o‘ziyurar minomyot

«Qo‘lga kiritilgan havo hujumidan himoya texnikalariga ‘Osa-AKMʼ zenit-raketa tizimini tashish uchun mo‘ljallangan yuk mashinasi va asosiysi, ushbu majmua uchun raketalar kiradi», — degan Jiroxov.

U shuningdek Ukraina qurolli kuchlari juda ko‘p o‘q-dorilar zaxirasi qo‘lga kiritgani, ularning miqdori kamida o‘n ming tonnani tashkil qilishini aytgan.

Quyida Ukraina qurolli kuchlari qo‘lga kiritgan bir necha harbiy texnikalar va ular haqida kengroq ma’lumotlar keltiriladi.

«Kantemirov» tank diviziyasi

Izyumdagi tashlab ketilgan ko‘plab rus tanklarining fotosuratlari Rossiya qo‘shini ketishni deyarli rejalashtirmagani, chekinish o‘ta shoshilinch tarzda ro‘y berganining yorqin dalillaridan biridir.

Izyum hududida o‘nlab tashlab ketilgan tank va zirhli texnika vositalari bir joydan topilgan. Bunday joylar hali yana ko‘plab topilishi mumkin.

O‘nta tank — bu tank rotasi, mexanizatsiyalashgan yoki tank brigadalarining to‘liq taktik birligi.

Foto: Levko Stek

Harbiy kuzatuvchi Kirill Danilchenkoning so‘zlariga ko‘ra, gap Ukrainaga bostirib kirishdan oldin Rossiya armiyasidagi elita bo‘linmalaridan biri hisoblangan «Kantemirov» 4-tank diviziyasiga tegishli bo‘lgan, modernizatsiya qilingan T-80BV tanklari haqida bormoqda.

«Yoki ularning yonilg‘isi tugagan yoki unga o‘tiradigan hech kim topilmagan», — deya izoh beradi Danilchenko.

T-80 tanklari —Ukraina armiyasida xizmat qilgan va hozir ham ishlatilayotgan tank. Qo‘lga kiritilgan ushbu tanklar, ehtimol, yaqin kelajakda Ukraina qurolli kuchlarining mexanizatsiyalashgan yoki tank brigadalaridan biriga qo‘shiladi.

O‘ziyurar artilleriya qurilmalari

Msta-S o‘ziyurar gaubitsasi

Tanklardan tashqari Ukraina qurolli kuchlari harbiy texnikasi parki o‘ziyurar artilleriya qurilmalari bilan ham to‘ldirildi.

152 mm kalibrli o‘ziyurar artilleriya qurilmalari sonidagi ustunlik ruslarga Donbassda muvaffaqiyatli hujumga o‘tish va Luhansk viloyatini egallash imkonini bergan edi.

Mantiqan ularning ko‘pchiligi Xarkivda joylashgani to‘g‘ri va ular hozirda Ukraina harbiylari qo‘liga o‘tgan.

«Yangi sovg‘a — 2C19 ‘Msta-Sʼ 152 mm kalibrli o‘ziyurar artilleriya qurilmasi. Rus okkupantlari «Biz o‘zimiznikilarni tashlab ketmaymiz» deydi. Amalda bizning askarlar bilan to‘qnash kelishganda quroldoshlarini ham, harbiy texnikalarini ham tashlab, qochib ketishadi», — deydi Ukraina havo kuchlari 25-brigadasi askari.

Harbiy muxbir va «Tsenzor.Net» sayti muharriri Yuriy Butusov rus qo‘shinlaridan ozod qilingan Kupyanskda yana bir o‘ziyurar artilleriya qurilmasi — «Akatsiya» tashlab ketilganini yozgan.

«O‘ziyurar artilleriya qurilmasi «Akatsiya» Kupyanskda. U xochlar bilan bo‘yalgan (Xarkiv viloyatida qarshi hujum o‘tgan Ukraina bo‘linmalarining o‘ziga xos belgisi), ammo u aniq Ukraina qurollari kuchlariniki emas. Bu o‘lja», — degan Yuriy Butusov. 

Gap shundaki, 2014 yildan beri (Rossiya Qrimni bosib olgan yil) Ukrainadagi artilleriya omborlarida sodir bo‘lgan ko‘plab yong‘inlardan so‘ng Ukraina qurolli kuchlarida 152 millimetrli snaryadlar yetishmasligi muammosi paydo bo‘ldi va Rossiya bosqinining dastlabki oylarida qolgan snaryadlar ham deyarli to‘liq ishlatib bo‘lindi. Hozirda Ukraina armiyasi asosan 155 mm kalibrli NATO snaryadlaridan foydalanadi.

Shu sababli, Ukraina qurolli kuchlari Xarkivda qo‘lga kiritgan Rossiyaning o‘ziyurar artilleriya qurilmalarini frontda qanday ishlatishi haqidagi savol ochiqligicha qolmoqda. Biroq qo‘lga kiritilgan o‘q-dorilar hisobga olinsa, oldingi chiziqda kamida bir nechta artilleriya bo‘linmalar paydo bo‘lishi mumkin.

«Tor-M1» zenit-raketa tizimi

Foto: BUTUSOV PLYuS

Balakliya shahari yaqinida ukrainalik askarlar «Tor-M1» zenit-raketa tizimini (ZRT) «topib olgan».

Bu Ukraina qo‘lga kiritgan o‘ljalar orasida yangilik emas. Oryx nashri kuzatuvchilari ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari allaqachon turli modifikatsiyadagi kamida to‘rtta shunday kompleksni qo‘lga kiritgan.

«Tor» ZRT — bu diviziya darajasida havo mudofaasi va raketaga qarshi mudofaa vazifalarini bajarishga mo‘ljallangan, har qanday ob-havoga moslashgan taktik zenit-raketa tizimi. «Tor-M1» ZRT 1991 yilda foydalanishga topshirilgan modifikatsiya», — deb yozadi Ukrainaning «Voyenniy portal» nashri.

Rossiya harbiylari bu turdagi tizimlardan ba’zi harbiy kemalarining havo mudofaasi uchun foydalanadi. Shu turdagi kompleks «Bayroqdor» droni tomonidan yo‘q qilingan Ilon (Zmeiniy) oroliga ham o‘rnatilgandi.

«Tor» Ukraina armiyasida ham ishlatiladi va shu bois uni Ukraina zenit-raketa tizimlariga moslashtirishda hech qanday muammo bo‘lmaydi.

Razvedka stansiyasi

Mixail Jiroxov tilga olgan PSNR-8R — bu «Kredo-M1» portativ yer usti razvedka stansiyasidir. U artilleriyaning nishonga olish samaradorligini sezilarli darajada oshirishga imkon beruvchi so‘nggi rus razvedka tizimlaridan biri.

2020 yilda InformNapalm hamjamiyati Ukraina qurolli kuchlarining 24-brigadasi Donbascda shunday stansiyani yo‘q qilgani haqida xabar bergandi.

Ammo ukrainalik harbiylar Kredo-M1’ni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgani yoki yo‘qligi hozircha noma’lum. Bu tarixda birinchi marta yuz bergan bo‘lishi mumkin.

Razvedka stansiyalari kamyob va yuqori texnologiyali uskunalar bo‘lib, ularni tegishli yo‘riqnoma-hujjatisiz o‘rganish juda qiyin, shu bois, Ukraina qurolli kuchlariga ushbu o‘ljani o‘zlashtirish uchun vaqt kerak bo‘ladi.

«Zoopark 1-M»

Ukraina askarlari Xarkivda raketa va artilleriya qurollari pozitsiyalarini aniqlovchi yana bir yuqori texnologiyali razvedka tizimi — «Zoopark 1-M»ni ham qo‘lga kiritgan.

«Ushbu tizim minomyot, artilleriya va birvarakayiga o‘q uzuvchi tizimlarining o‘q uzish pozitsiyalari, taktik raketalarni uchirish nuqtalari va o‘zi kabi o‘q otish (uchirish) yo‘li bilan razvedka qiluvchi uskunalarni aniqlash uchun mo‘ljallangan», deb yozadi Ukrainaning Defense Express nashri kuzatuvchilari.

Uning qo‘lga kiritilgani ukrainalik jangchilardan birining videosidan ma’lum bo‘ldi. Videoda u va uning sherigi tashlab ketilgan Rossiya stansiyasiga yaqinlashib, mina detektori yordamida yo‘lni tekshirayotgani tasvirlangan.

Defense Express xabariga ko‘ra, bu Rossiya bosqinining boshidan beri Ukraina qurolli kuchlari tomonidan qo‘lga kiritilgan ikkinchi «Zoopark» kompleksi. Birinchisi ukrainalik jangchilar tomonidan mart oyida qo‘lga kiritilgandi.

Radar razvedka tizimining faqat bir qismi bo‘lgani sababli, ukrainalik harbiylar undan foydalana olishi qiyin. Biroq «Zoopark»ning yuqori texnologiyasi va narxini hisobga olgan holda, uni Xarkiv viloyatida qo‘lga kiritilgan eng qimmatli o‘ljalardan biri deya taxmin qilish mumkin.

Rossiya artilleriyasining «ko‘zi»

Foto: Pasha Kashchuk

Biroq Xarkivda qo‘lga kirilgan o‘ljalardan boshqa biri rezonansga sabab bo‘ldi. Bu Rossiyaning «Orlan-10» dronlari to‘plami.

Bu Ukraina harbiylari tomonidan «Orlan-10»ning barcha tarkibiy qismlari bilan qo‘lga kiritilgani haqidagi birinchi xabar.

Foto: Pasha Kashchuk

«Orlan»lar zamonaviy rus artilleriyasi uchun muhim yordamchi hisoblanadi. Ular «Msta-S» va boshqa rus o‘ziyurar artilleriya qurollarining birlashtirilgan «ko‘zlari» bo‘lib, artilleriyachilarga real vaqt rejimida frontdagi nishonlarni mo‘ljalga olish va «olovli to‘siq» yaratish imkonini beradi.

Ushbu dronlarni yasashda arzon va sanksiyalarga tushmagan ko‘plab fuqarolik komponentlaridan (masalan, optikadan) foydalanishi sababli, Rossiya bunday qurilmalarni katta miqdorda ishlab chiqargan va ishlab chiqarishda davom etmoqda. Ular rus armiyasining front chizig‘ini deyarli kecha-yu kunduz kuzatishini ta’minlaydi.

Shu bilan birga, «Orlan-10» narxi ularni urib tushiradigan zenit qurollarinikidan ancha past. «Orlan»larning soni ko‘pligi hisobga olinsa, bu muammo Ukraina qurolli kuchlari uchun yanada ahamiyatliroqdir.

Shu sababli, hujjatlarga kirish, chastotalar haqida ma’lumot, kodlashlar, ushbu rus dronining Ukraina armiyasi uchun harakatlar protokollari Ukraina uchun juda muhim hisoblanadi. Uning elektron urush va elektron razvedka bo‘limlari 2014 yildan beri birinchi marta qo‘lga kiritildi.

Yangi tankka qarshi mina

Ukrainaliklar qo‘lga kiritgan texnikalar orasida eng so‘nggi turdagi tankka qarshi PTKM-1R minalar to‘plami ham bor.

Rossiya bu turdagi minalardan foydalanishi 2022 yilning may oyida ular tashlab chiqib ketgan Kiyev viloyatida ushbu turdagi minalar topilganidan keyingina ma’lum bo‘ldi.

PTKM-1R ancha murakkab ishlash texnologiyasiga ega va u o‘zi o‘rnatilgan yerda harakatlanayotgan zirhli transport vositalarining yuqori yarim shariga zarba beradi.

Texnika minaga 50 metrgacha masofada yaqinlashganda, mina datchiklar yordamida nishonni mo‘ljalga oladi va jangovar zaryadni otadi.

PTKM-1R’ning haqiqiy samaradorligi noma’lum, ammo ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, u qalinligi 70 mm.gacha bo‘lgan zirhlarni tesha oladi.

Xarkiv viloyatida ular Ukraina qo‘shinlarining maxsus operatsion kuchlari transport konteynerlarida topilgan. Endilikda ukrainalik sapyorlar ularni batafsil o‘rganishi mumkin bo‘ladi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top