17:40 / 15.09.2022
11202

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i aeroportda ishlaydigan taksichilar bilan profilaktik suhbat o‘tkazdi

Toshkent shahar IIBB poytaxt xalqaro aeroporti avtoturargohidagi vaziyat yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, “Islom Karimov” nomidagi xalqaro aeroport oldida fuqarolarga qulaylik yaratish va maxsus taksi xizmatini joriy etish maqsadida Ye-auksion.uz platformasi orqali ochiq auksion tashkil etilgan.

Tenderda Bobur Diyor kompaniyasi g‘olib bo‘lib, joriy yil 12 sentabr kunidan Taxi Airport Tashkent maxsus taksi xizmatini yo‘lga qo‘ygan. Endi aeroport hududida taksi xizmati aynan shu kompaniya tomonidan amalga oshirilmoqda. Biroq bu holat yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi boshqa haydovchilar e’tiroziga sabab bo‘lgan. 

Bugun, 15 sentabr kuni Toshkent shahar IIBB boshlig‘i general-mayor Aziz Toshpo‘latov va “Toshshahartransxizmat” boshqaruv raisi Anvar Jo‘rayev aeroport hududi atrofidagi yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi haydovchilar bilan uchrashib, profilaktik suhbat o‘tkazdi hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Bundan oldin Uzbekistan Airports rahbari Ra’no Jo‘rayeva noqonuniy taksichilar Toshkent xalqaro aeroportida rasmiy taksi ishga tushirilgach, bir necha provokatsiya uyushtirganini ma’lum qilgandi. 

U noqonuniy taksilar yo‘lovchilar xavfsizligiga tahdid ekanligini ta’kidladi. Ra’no Jo‘rayevaning tan olishicha, «kirakashlar» masalasini bir kunda va yolg‘iz hal qilib bo‘lmaydi. 

Top