09:02 / 16.09.2022
3202

Londonda O‘zbekiston savdo uyi ochilishi mumkin

Londonda Britaniya-Markaziy Osiyo biznes kengashi uyushmasi asoschisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi “Britaniya-Markaziy Osiyo biznes kengashi” uyushmasi asoschisi Darius Nasimi bilan uchrashuv uyushtirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Unda D.Nasimining O‘zbekistonga safari natijalari yuzasidan o‘zaro fikr almashish hamda O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini Britaniya bozoriga eksporti hajmlarini oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

D.Nasimi O‘zbekiston to‘qimachilari bilan mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun quyidagi takliflarini bildirdi:

  • birinchidan, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va Savdo-sanoat palatasi rahbariyati Buyuk Britaniyaga safarlarini noyabr-dekabrda tashkil qilish va uning doirasida Britaniya ishbilarmon doiralari vakillari uchun soha investitsiya va eksport salohiyati taqdimotini o‘tkazish;
  • ikkinchidan, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda London shahrida O‘zbekiston savdo uyini va shou-rumini ochish, Britaniya o‘rta va kichik biznes vakillari hamda korporativ mijozlar buyurtmalarini O‘zbekistonda joylashgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarga yuborish;
  • uchinchidan, O‘zbekiston hududlaridan birida Britaniya va Yevropa mamlakatlari bozoriga moslashtirilgan yuqori sifatli to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasini hayotga tatbiq etish va shu maqsadda investitsiya jalb etish;
  • to‘rtinchidan, Samarqand va Buxoro hokimliklari tomonidan Britaniya kompaniyalari uchun alohida taqdimotlar tashkil etish va ushbu hududlardagi korxonalar London, Birmingem va Manchester shaharlari ishbilarmon vakillari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish.

D.Nasimi o‘zi olib borgan marketing izlanishlari natijalariga ko‘ra, o‘zbek to‘qimachilik sohasini mamlakat iqtisodiyoti “o‘sish drayveriga” aylantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligiga amin bo‘lganini ma’lum qildi. 

“Bunga O‘zbekistonda yirik xomashyo bazasi mavjudligi, mamlakat hukumati jabhani yanada rivojlantirish uchun ko‘rayotgan chora-tadbirlar va Britaniya imtiyozlar umumiy tizimi kengaytirilgan sxemasida benefitsiar-mamlakati maqomini berilishi muhim ahamiyat kasb etadi”, dedi u.

Mavzuga oid
Top