08:45 / 16.09.2022
7820

Saudiya kompaniyalari O‘zbekistonda yerni ijaraga olgan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirmoqchi

O‘zbekiston eksportchilari Saudiya ishbilarmonlari bilan o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

O‘zbekistonning Jidda shahridagi bosh konsulligi tomonidan O‘zbekiston eksportchilar uyushmasi bilan hamkorlikda Jiddada O‘zbekiston-Saudiya ishbilarmonlari yig‘ilishi va V2V formatidagi uchrashuvlari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Saudiyalik ishbilarmonlar o‘z kompaniyalari faoliyati bilan tanishtirar ekan, O‘zbekiston mahsulotlarini Saudiya Arabistoniga eksport qilish imkoniyatlari haqida to‘xtaldi.  

Saudiya Arabistonidagi Establishment Bazar Asia For Trading kompaniyasi direktori Amin Zakariyat Xo‘ja O‘zbekistondan 4,5 tonna kulolchilik mahsulotlarini (sovg‘alar) podshohlikka olib kelgani tajribasini ishtirokchilar bilan o‘rtoqlashdi.

Shundan so‘ng ikki davlat ishbilarmonlari o‘rtasida V2V formatidagi uchrashuvlar o‘tkazilib, o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Jidda Savdo-sanoat palatasi xalqaro hamkorlik bo‘limining boshlig‘i Muhammad as-Safh o‘zbekistonlik eksportchilarga barcha saudiyalik importchi kompaniyalar aloqa ma’lumotlarini yuborishini aytdi. Shu tariqa, O‘zbekiston ishbilarmonlari saudiyalik biznesmenlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatishlari mumkin bo‘ladi.

V2V uchrashuvlari chog‘ida O‘zbekiston eksport mahsulotlarini Saudiya Arabistoniga olish kelish va tarqatish masalasi podshohlik Leisure Cargo va Logistic kompaniyasi vakillari bilan ham o‘rganib chiqildi.

Boshqa turli kompaniyalar bilan O‘zbekistondan quruq va ho‘l mevalar, sport buyumlari va turli o‘g‘itlar eksporti, mamlakatda yer maydonini ijaraga olgan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilish imkoniyati hamda turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.

Top