09:32 / 17.09.2022
4224
Jinoyat kodeksiga yangi normalarni kiritish rejalashtirilmoqda

“Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

Qonun loyihasi 5 ta moddadan iborat bo‘lib, unda Jinoyat kodeksiga axborotni nooshkora tarzda to‘plashga ixtisoslashgan maxsus vositalarni O‘zbekistonga olib kirish, ishlab chiqarish, saqlash, o‘tkazish va foydalanish qilmishlari uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralarini belgilovchi normalar kiritilmoqda.

Loyihada bank kartasi yoki boshqa to‘lov kartalarini qalbakilashtirish yoki ulardan foydalanish holatlariga hamda bank kartasi yoki boshqa to‘lov kartalarini, ichiga mikrosxema o‘rnatilgan identifikatsiyalash modullarini qalbakilashtirishga mo‘ljallangan maxsus texnik vositalarni olib kirish, tayyorlash, saqlash, o‘tkazish yoki ulardan foydalanish harakatlari uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Elektron to‘lov vositalaridan pul mablag‘larini talon-toroj qilish bilan bog‘liq qilmishlar alohida jinoyat sifatida belgilanmoqda va unda axborot texnologiyalaridan foydalanib yoki axborot tizimiga ruxsatsiz kirgan holda o‘zgalar mulkini o‘g‘rilik yoxud firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatlari qamrab olinmoqda.

Mobil qurilma xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodini yoki abonent qurilmasi identifikatsiyalash modulini qonunga xilof tarzda o‘zgartirish harakatlari uchun dastlab ma’muriy, ushbu qilmish bir yil davomida takroran sodir etilganda jinoyat javobgarlik belgilanmoqda.

Loyihada, hozirda uchrayotgan tovlamachilik yangi shakllarini, xususan, kompyuter ma’lumotlarini yo‘q qilish, o‘zgartirish, olib qo‘yish yoki to‘sib qo‘yish bilan hamda shaxsga doir ma’lumotlar asosida zamonaviy texnologiyalar yordamida tayyorlangan jabrlanuvchini sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish bilan qo‘rqitib, uning mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish holatlarini qamrab oluvchi o‘zgartirish kiritilmoqda, ushbu jinoyat internetdan foydalanib sodir etilishini og‘irlashtiruvchi holat sifatida malakalanishi belgilanmoqda.

Sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan ashyolarni takroran olib yurganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Bildirilishicha, qonun loyihasi qabul qilinishi shaxs hayoti va sog‘ligiga yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlar oldi olinishi, shaxsiy hayot daxlsizligini buzish holatlari va davlat sirlarini oshkor qilishga sabab bo‘luvchi omillardan biri bartaraf etilishiga, fuqarolar mulkini jinoiy yo‘llar bilan talon-toroj qilish jinoyatlari kamayishiga xizmat qiladi.

Top