10:07 / 17.09.2022
5762
“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” geologiya-qidiruv, burg‘ilash ishlari va qazib chiqarilish holatini o‘rganish maqsadida Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida bo‘ldi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” tomonidan Buxoro viloyatida joylashgan Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida uglevodorod zaxiralarini oshirish, uglevodorodlar qazib chiqarish geologo-texnik tadbirlar doirasida quduqlarini burg‘ilash, kapital ta’mirlash va texnologik obektlarni ishga tushirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar, ularning samaradorligi hamda amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosi holati bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Foto: O‘zbekneftgaz

2022 yilda boshqarmada qariyb 4,6 mlrd kub metr tabiiy gaz va 150,0 ming tonna suyuq uglevorodlar qazib olish rejalashtirilgan. Bu ko‘rsatkichlarga erishish uchun, boshqarmada 2022 yil davomida tabiiy gaz qazib chiqarish reja ko‘rsatkichlarining bajarilishini ta’minlashga qaratilgan jami 133 ta geologo-texnik tadbirlar amalga oshiriladi, bunda 6 ta yangi gaz quduqlari burg‘ilashdan ishga tushiriladi, 121 ta mavjud gaz quduqlarida kapital ta’mirlash va intensifikatsiya ishlari olib boriladi hamda 6 ta texnologik obekt ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Dastlab, Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh”, Uchqir konidagi quduqlarda olib borilayotgan mukammal ta’mirlash ishlari faoliyati bilan tanishdi. Ushbu konda, 30-40 yillar avval ishlatilgan quduqlarda chuqur tahlillar olib borish natijasida qayta tiklash orqali sanoat miqyosida gaz oqimi olinib, quduqni o‘zlashtirish ishlari olib borilmoqda. 

“Kulbeshkak” konida amalga oshirilayotgan burg‘ilash ishlari hamda tabiiy gaz qazib olish ishlari bilan tanishildi, shu bilan birga ishchi-xodimlarni yashash sharoiti, ishlash sharoiti hamda oziq-ovqat yetkazib berish masalalari bilan joyida o‘rganildi. Ushbu xodimlar uchun yanada sharoitlarni yaxshilash yuzasidan korxona rahbariyatiga topshiriqlar berib o‘tildi. 

“Doyaxotin” guruhi konlarida tabiiy gaz qazib olishni oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan “Doyaxotin” konidan Gazli gazni qayta ishlash zavodigacha diam. 1020 mm uzunligi 43 km gaz quvuri qurilish ishlari bilan ham tanishildi. Bugungi kunda gaz quvurida to‘liq montaj ishlari yakunlangan, sinov ishlari amalga oshirilgan bo‘lib, sharli kranlar va “zadvijka”larni yetkazib kelish va yakuniy montaj qilish ishlari olib borilmoqda.

Boshqaruv raisi tomonidan ushbu gaz quvurini qisqa muddatlarda ishga tushirish bo‘yicha rais o‘rinbosarlariga, departament va boshqarma boshliqlariga ko‘rsatmalar berildi. Pudratchi tashkilot tomonidan zarur quvur armaturalarini yetkazib berishni tezlashtirish va montaj ishlarini yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, departament xodimlaridan tashkil topgan guruhlar tuzilib, har bir kon va quduqlar kesimida optimal rejimlarni tanlash ishlarini olib borish bo‘yicha ham topshiriqlar berib o‘tildi.  

Geologo-texnik tadbirlar doirasida konlarda quduqlarni burg‘ilash va kapital ta’mirlash ishlari bilan tanishish maqsadida, “Doyaxotin”, “Kulbeshkak”, “Uchqir” va “Hojiqazg‘on” konlarida bo‘lib, burg‘ilash va mukammal ta’mirlash yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishildi.

Kuz-qish mavsumida ham uglevodorodlar qazib chiqarish barqarorligini ta’minlash maqsadida qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish, ya’ni quduqlar uchun burg‘ilash dastgohlarini qo‘shimcha jalb qilish bilan burg‘ilash ishlarini jadallashtirish, quduqlarni kapital ta’mirlash ishlariga boshqa hududlardan ta’mirlash uskunalarini mobilizatsiya qilish bilan ularning sonini ko‘paytirish orqali geologo-texnik tadbirlarni amalga oshirishni tezlashtirish bo‘yicha tegishli departament boshliqlari va boshqarma rahbariyatiga vazifalar belgilab berildi.

Boshqarma obektlari, gaz quvurlari va zavod hududini qo‘riqlash bilan talon-torojlikning oldini olish hamda jamoat tartibini saqlashda yaqindan ko‘maklashayotgan Milliy gvardiya qo‘riqlash boshqarmasi xodimlari bilan ham uchrashib, ularning amalga oshirayotgan ishlarida muvaffaqiyatlar tilab minnatdorchilik bildirildi.

Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” Gazli boshqarmasiga tashrif davomida Gazli gazni qayta ishlash zavodida ham bo‘ldi. Gazli gazni qayta ishlash zavodida 2022 yilda qariyb 4,5 mlrd kub m tabiiy gaz oltingugurt birikmalaridan tozalanib, “O‘ztransgaz” AJ magistral gaz quvurlariga yetkazib beriladi. 2022 yilda zavodda 60,0 ming tn suyultirilgan gaz ishlab chiqarish va aholi, kommunal soha iste’molchilari uchun yetkazib berish rejalashtirilgan. 

Qurilmalarning ish holati va amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Gazni oltingugurt birikmalaridan tozalash qurilmalari, Gazdan propan-butan ajratib olish qurilmasi ish faoliyati bilan yaqindan tanishildi.

Ushbu qurilmalarda gazni qayta ishlash texnologik jarayonlarini optimallashtirish, suyuq uglevorodlar, suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni ko‘paytirish va gaz sifatini yanada yaxshilash yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi.

Qurilmalarda olib borilayotgan ishlarni o‘rganish davomida tegishli departamentlar, boshqarma va zavod rahbarlariga suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni yanada oshirish uchun zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilib, bu borada boshlangan ishlarni jadallashtirish topshiriqlari berildi.

Suyultirilgan gaz saqlash stansiyasida bo‘lib, bu yerda suyultirilgan gazni yuklash jarayonlari ko‘zdan kechirildi va aholi ehtiyojlari uchun yuklanayotgan suyultirilgan gazni o‘z vaqtida yuklab berishni ta’minlash uchun tegishli departament boshliqlari va boshqarma rahbariyatiga yuklash jarayonlarini alohida nazoratga olish topshirig‘i berildi. 

Shundan so‘ng rais o‘rinbosarlari, departament boshliqlari, boshqarma rahbariyati va mutaxassislari ishtirokida o‘rganishlar davomida aniqlangan muammolar, 2022 yilning o‘tgan 8 oy davrida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi, boshqarmada belgilangan reja ko‘rsatkichlarining bajarilishi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda Gazli boshqarmasida konlar kesimida gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichlari tahlil qilinib, yilning o‘tgan davrida tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlari tushib ketishi tanqid qilindi. Har bir kon boshlig‘ining uglevodorodlar qazib chiqarish bo‘yicha reja ko‘rsatkichlarini bajarishi bo‘yicha hisobotlari birma-bir eshitildi. 

Qazib chiqarishni ko‘paytirish yo‘nalishlarida olib borilayotgan geologo-texnik chora-tadbirlarni jadallashtirish, mavjud siquv kompressor stansiyalari avariyali to‘xtalishlarni bartaraf etish bilan stansiyalarning barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.

“Uchqir” konida likvidatsiya fondidagi yana qo‘shimcha quduqlarda kapital ta’mirlash ishlarini olib borish bilan ishlatish fondiga qaytarish orqali konning 16-gorizont qatlamidan tabiiy gaz qazib olishni ta’minlash bo‘yicha “O‘zneftgazquduqta’mirlash” AJ rahbariyatiga alohida topshiriq berildi.

Texnologiya yo‘nalishida, “Tayloq” konining 1-, 2-gaz yig‘uv joylaridan “Qumli” gazni dastlabki tayyorlash qurilmasiga bo‘lgan gaz quvurlarining quvvatini oshirish bilan gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish maqsadida jami 12 km uzunlikdagi qo‘shimcha quvurlarni qurish ishlarini jadallashtirish masalasi ham muhokama qilinib mas’ullarga zarur ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilish davomida eng ustuvor vazifa qilib, izlov qidiruv yo‘nalishida ishlarni tashkil etish, Davlat geologiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda ishlarni tashkil etish, Gazli regionida mahsulot bazasini yaratish, kelgusida istiqbolli konlar ochish yuzasidan ishlarni tashkil etish masalasida qattiq topshiriqlar berib o‘tildi.

Gazli regionidagi konlar va maydonlarning qӯshimcha imkoniyatlarini ӯrganish bo‘yicha olib borilayotgan geologiya-qidiruv ishlari, jumladan 3D seysmik ishlarni jadallashtirish, bu orqali “Uchqir”, “Garbi”, “Tayloq” va “Parsanko‘l” konlarining yangi istiqbollarini aniqlash, 2 ta yangi maydonlarda izlov-qidiruv yo‘nalishida burg‘ilash ishlarini olib borish va 3 ta quduqni burg‘ilash bilan tugatish rejalari muhokama qilindi.

“Andakli”, “Chetqum” va “Sho‘rqala” kabi bir qator istiqbolli maydonlarda burg‘ilash ishlarini jadallashtirish orqali uglevodorodlar zaxiralarini o‘stirishni ta’minlash bo‘yicha tegishli boshqarma va departament boshliqlariga vazifalar berildi.

2022 yil 9 oylik va yil yakuni bilan belgilangan chora-tadbirlarning bajarilishini ta’minlash bilan gaz qazib chiqarishni oshirish, Gazli zavodida suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni oshirish shuningdek gaz sifat ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilash yuzasidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlarni jadallashtirish va tezkor ishga tushirish bo‘yicha boshqarma rahbariyati va departament boshliqlariga tegishli topshiriqlar berildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top