15:32 / 19.09.2022
10923
ISW: Putin urushda «ko‘ngillilar»ga tayanyapti

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Vladimir Putin urushda «ko‘ngillilar»ga tobora ko‘proq tayanmoqda va buni oliy harbiy qo‘mondonlikni chetlab o‘tgan holda qilyapti.

Foto: RIA Novosti

Kreml Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun «ko‘ngillilar» deb ataluvchi shaxslarni yollashga katta e’tibor qaratmoqda, ular orasida yollanma askarlar, mahbuslar va hatto kazaklar bo‘linmalari ham bor, deb yozadi Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) dushanba, 19 sentabr kuni o‘z hisobotida. Shu bilan birga, Putin oliy harbiy qo‘mondonlik roziligisiz «ko‘ngillilar»ning urushda ishtirok etishi bo‘yicha qarorlar qabul qilyapti, bu esa prezident va Rossiya Mudofaa vazirligi rahbariyati o‘rtasidagi munosabatlarni yomonlashtirmoqda.

ISW ma’lumotlariga ko‘ra, Putin Ukraina Qurolli kuchlari Xarkiv oblastidagi qarshi hujumda muvaffaqiyat qozonganidan so‘ng safarbarlik yo‘li bilan Rossiya muntazam qo‘shinlari zaxiralarini to‘ldirishga umid bog‘lash o‘rniga «ko‘ngillilar»ni yollash va «qo‘g‘irchoq tuzilmalar» bilan ishlashga ko‘proq e’tibor bera boshladi. Ammo bundan oldin ham prezident ba’zi harakatlarni qo‘mondonlik bilan muvofiqlashtirmagan - butun yoz fasli davomida. 

Institutning ta’kidlashicha, urushda qatnashish uchun yollash ham mahbuslar orasida, ham kazaklar bo‘linmalarida, ham Rossiya huquqni muhofaza qilish organlarida amalga oshirilmoqda. Ayni paytda, Ukrainaning Donetsk va Lugansk oblastlarining bosib olingan hududlarida erkaklarni majburiy safarbar qilish kuzatilmoqda. ISW ma’lumotlariga ko‘ra, shu tarzda yig‘ilgan armiya korpuslari samarasiz bo‘ladi va ularni birlashtiradigan yagona narsa bu - «armiya va jangovar tayyorgarlikning mutlaqo yetishmasligi». 

Bunday bo‘linmalarning shakllanishi Rossiya qo‘shinlarida mutaxassislar kuzatayotgan kuchli keskinlikni, tengsizlikni va birdamlik yo‘qligini yanada kuchaytirishi mumkin. Shu tariqa, ISW ma’lumotlariga ko‘ra, jangchilar Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan va’da qilingan imtiyozlarni olmayapti, «DXR» va «LXR» askarlari bir-birlarining hududlari uchun jang qilishdan bosh tortishyapti, chechen rahbariyati tomonidan boshqariladigan bo‘linmalarda esa sezilarli etnik kamsitish mavjud.

Professional harbiy xizmatchilar yollangan mahbuslar orasida xulq-atvor bilan bog‘liq muammolarga duch kelishlari mumkin, deydi ekspertlar. Ular koloniyalarda mahbuslar harbiy xizmatga yollanayotgani haqidagi xabarlarga shunday munosabat bildirdi.

Iste’fodagi rossiyalik zobitlar Kreml qarorlarini tanqid qilib, «ko‘ngillilar» o‘rtasida intizom yo‘qligini bildirdi, bu esa professional harbiy xizmatchilar bilan ziddiyatga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, shoshilinch o‘qitilgan bo‘linmalarning shakllanishi rus qo‘shinlari qudratini oshirishga unchalik ta’sir qilmaydi, chunki «ko‘ngillilar» frontga kelgani haqidagi ko‘plab xabarlarga qaramay, Rossiya ular ishtirokida hech qanday operatsiya o‘tkaza olmayapti.

Rossiya koloniyalarida «Vagner» XHK tarkibida urushda qatnashish uchun mahbuslarni jalb qilish ishlari kuzatilayotgani iyul oyining boshidan beri ommaviy axborot vositalarida xabar qilinyapti. 17 sentabr kuni buning yana bir tasdig‘i SOTA nashri tomonidan e’lon qilindi. Huquq himoyachisi va «Rus sidyashchaya» jamg‘armasi asoschisi Olga Romanova avvalroq DW nashriga mahbuslar orasida tashviqotni boshqalar qatori «Vagner» XHKga egalik qiluvchi tadbirkor Yevgeniy Prigojin ham olib borganini aytgandi. 

14 sentabr kuni Telegram kanallarida Prigojinga o‘xshagan odam Mordoviya koloniyalaridan birining mahbuslariga «Vagner» XHK haqida gapirib, ularni Ukrainaga urushga taklif qilgan video paydo bo‘ldi. Prigojinga tegishli bo‘lgan «Konkord» kompaniyasining matbuot xizmati RTVI telekanali so‘roviga javoban, bu odamni biznesmenga «dahshatli darajada o‘xshash» deb atadi. Prigojinning o‘zi vaziyatni quyidagicha izohladi: «Yoki XHK va mahbuslar - yoki sizning bolalaringiz». 

Video e’lon qilingandan so‘ng Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zolari Rossiya bosh prokuroridan «turli, jumladan, og‘ir jinoyatlar uchun jazo muddati o‘talmagan minglab mahbuslar» Ukrainadagi urushga qanday asosda yuborilayotganini tushuntirishni so‘radi. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top