11:27 / 20.09.2022
37160
Eron dronlari Ukraina armiyasiga «jiddiy zarar» yetkazmoqda

Ular Xarkiv viloyatidagi texnikani yo‘q qilyapti va ko‘pincha havo hujumidan mudofaa (HHM) uchun ko‘rinmas bo‘lib qolmoqda.

Rossiya qurolli kuchlari Xarkiv viloyatida artilleriya bo‘yicha ustunlikni yo‘qotib, yangi taktikaga o‘tdi – endi Ukraina armiyasi pozitsiyalariga Eronda ishlab chiqarilgan uchuvchisiz samolyotlar (kamikadze droni) hujum qilmoqda. Dron zarbalari hali ham Ukraina qurolli kuchlariga jiddiy zarar yetkazmoqda va kelajakda HIMARS tizimlariga qarshi samarali vositaga aylanishi mumkin.

Kupyansk yaqinida urib tushirilgan «Geran-2» kamikadze droni qoldiqlari, Ukraina hukumati hisoblashicha, bu Eronda ishlab chiqarilgan Shahed-136 apparatining o‘zginasidir.
The Strategic Communications Directorate of the Ukrainian Armed Forces / Reuters / Scanpix / LETA

Artilleriya o‘rniga «Geran»

Rossiya armiyasi Ukraina qurolli kuchlariga Eron dronlari yordamida jiddiy zarar yetkazmoqda. Bu Rossiya tomonidan Ukrainada keng miqyosda qo‘llanayotgan ilk harbiy texnika hisoblanadi. Bu haqda The Wall Street Journal nashriga Ukraina qurolli kuchlarining yuqori martabali ofitserlari ma’lum qilgan.

Ukraina qurolli kuchlarining 92-mexanizatsiyalashgan brigadasi artilleriya qo‘mondoni, polkovnik Rodion Kulaginning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar Eronning Shahed-136 dronini qayta bo‘yab va «Geran-2» nomini berib, Xarkivning shimoli-sharqidagi to‘qnashuvlarda ommaviy ravishda qo‘llamoqda.

Ukraina qurolli kuchlarining asosan zirhli texnikalari va artilleriya pozitsiyalari kamikadze dronlarining nishonlari bo‘lmoqda. Odatda juft bo‘lib hujum qiladigan dronlar Kulagin brigadasidagi 152 mm kalibrli ikkita o‘ziyurar gaubitsani, 122 mm kalibrli o‘ziyurar gaubitsani va ikkita zirhli transport vositasini yo‘q qilgan.

Ofitserning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qurolli kuchlari o‘tgan oyda Shahed-136 dronini sinovdan o‘tkazib, Amerikadan keltirilgan M777 gaubitsasiga zarba bergan edi. Shundan so‘ng ushbu dronlardan faol foydalana boshladi. Shunday hujumlar paytida dronlardan biri nosozlik tufayli Ukraina qurolli kuchlari qo‘liga tushdi, deb qo‘shimcha qildi Kulagin.

Eron dronlaridan faol foydalanishga o‘tish urush yo‘nalishining o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, deb hisoblayapti ofitser. Ukraina qurolli kuchlarining Xarkiv viloyatidagi muvaffaqiyatli hujumidan so‘ng, Rossiya qo‘shinlari bir necha ming kvadrat kilometrlik ulkan hududdagi asosiy afzalligini – artilleriyadagi ustunligini yo‘qotdi.

HIMARS tizimiga qarshi qurol

Ukraina pozitsiyalariga hujum uyushtirishda eng yangi rusumdagi Shahed va Shahed-136 dronlaridan foydalanilgan. Ularning bo‘laklari fotosuratlarini o‘rganib chiqqan mustaqil harbiy ekspertlar The Wall Street Journal nashriga buni tasdiqlashgan.

Red Six Solutions konsalting kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Skott Krinning so‘zlariga ko‘ra, Eron dronlari Rossiya uchun qurollarning yuqori texnologik tizimlari, jumladan, HIMARS raketa tizimiga qarshi kurashda qo‘l kelishi mumkin. Avvalroq, ushbu tizim yordamida ukrainaliklar Rossiya qurolli kuchlari infratuzilmalariga yuqori aniqlikdagi zarbalarni bergan edi. Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, Shahed-136 dronlarining qo‘llanishi «Kiyevning tezkor rejalarini shubhasiz o‘zgartiradi» – front chizig‘i juda cho‘zilib ketgani sababli, dron zarbalaridan himoyalanish «qiyin» bo‘ladi.

Shahed-136 2,5 ming kilometr masofaga parvoz qila oladi, bu esa front chizig‘idan uzoqda joylashgan nishonlarga hujum qilish imkonini beradi. Biroq, hozircha Rossiya qurolli kuchlari ulardan mamlakat ichkarisidagi strategik nishonlarga zarba berish uchun foydalanmayotganga o‘xshaydi, deb ta’kidladi Britaniya mudofaa vazirligi 14 sentabrdagi hisobotida. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, yaqinda Rossiya kuchlari birinchi marta Eron dronlaridan foydalangan holda, yirik hujumni amalga oshirgan.

Kulagin The Wall Street Journal gazetasiga bergan sharhida, Shahed dronlari o‘lchami kichik ekani, past balandlikda uchishi, shu tufayli havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilishi qiyinligini ta’kidladi. Polkovnik g‘arbiy ittifoqchilarni Ukrainani zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan faolroq ta’minlashga yoki Rossiyaga dronlar yetkazib berilishining oldini olishga chaqirdi.

Shu bilan birga, Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati instituti harbiy tahlilchisi Maykl Naytsning fikriga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari Shahed dronlariga qarshilik ko‘rsatishni tezda o‘zlashtirib olishadi. Uning aytishicha, Ukraina armiyasi dronlarning birinchi muvaffaqiyatli hujumidan keyin tiklanib oladi va ularni urib tushirishga qodir bo‘lgan HHM texnikasiga ega.

Eron ta’sirining kuchayishi

Shahed dronlari Yaqin Sharqdan tashqarida birinchi marta keng miqyosda qo‘llanmoqda. Isroil va G‘arb davlatlari bir necha bor Eron va uning mintaqadagi ittifoqchilarini Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklaridagi nishonlarga, shuningdek, Suriyadagi amerikalik askarlarga va hatto Ummon ko‘rfazidagi tankerlarga uchuvchisiz uchar qurilmalar orqali hujum qilishda ayblagan.

Rossiyaning Shahed dronlariga qiziqishi haqida iyul oyida AQSh vitse-prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan xabar bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya mudofaa vazirligi vakillarining Eronga tashrifi chog‘ida bir necha yuz dron sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib borilgan. Shu bilan birga, Eron TIV mamlakatning Rossiyaga uchuvchisiz samolyotlar yetkazib berish rejasi yo‘qligi, chunki Tehron Ukrainadagi urushga qarshi ekani haqida bayonot bergandi. Rossiyalik harbiylar va rasmiylar bu ma’lumotga izoh bermadi.

8 sentabr kuni AQSh Eronning Safiran Airport Services kompaniyasiga Rossiyaga dron va ular uchun jihozlar yetkazib bergani uchun, shuningdek, dron ishlab chiqaruvchi Paravar Pars, DAMA va Baharestan Kish kompaniyalariga qarshi sanksiyalar joriy qildi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top