13:29 / 20.09.2022
9191

Ukrainalik 3 mingdan ortiq o‘qituvchi Germaniya maktablariga ishga olindi

Nemis maktablari Ukrainadan kelgan bolalar sonining ko‘payishi munosabati bilan ehtiyojni qoplash uchun ukrainalik o‘qituvchilar va boshqa pedagogik xodimlarga muhtoj.

Foto: dpa

Nemis maktablarida hozirda Rossiya harbiy harakatlari boshidan beri Ukrainadan kelgan 3000 dan ortiq o‘qituvchi va assistentlar ishlayapti. Bu haqda 20 sentabr, seshanba kuni Germaniya federativ yerlari madaniyat va ta’lim vazirliklari o‘rtasida o‘tkazgan o‘z so‘roviga tayanib dpa xabar berdi. 

Ayniqsa, ko‘plab ukrainalik xodimlar Bavariyadagi maktablarda ishlamoqda. Myunxendagi tegishli vazirlik ushbu hududdagi boshlang‘ich va o‘rta ta’lim muassasalarida 500 dan 700 gacha ukrainalik o‘qituvchilar va ularning yordamchilari ishlayotganini taxmin qildi. 

Bundan tashqari, Bavariya ukrainalik maktab o‘quvchilari eng ko‘p (taxminan 30 ming) bo‘lgan Germaniyaning ikki hududidan biridir. Bundan ham ko‘proq ukrainalik qochqinlar faqat Shimoliy Reyn-Vestfaliya maktablarida o‘qiyapti - taxminan 35 ming. Umuman olganda, nemis maktablarida Ukrainadan 180 mingga yaqin o‘quvchi tahsil oladi va bu raqam o‘sishda davom etmoqda. 

«Nazariy jihatdan, o‘quvchi va o‘qituvchining normal nisbati 1:15 bo‘lsa, bu miqdordagi talabalar uchun 12 ming qo‘shimcha o‘qituvchi va yordamchi xodimlar kerak», dedi Germaniya o‘qituvchilar uyushmasi rahbari Xayns-Peter Maydinger dpa nashriga. Nemis maktablarida jami 11 millionga yaqin o‘quvchi tahsil oladi va 800 mingdan ortiq o‘qituvchi ishlaydi. 

Qo‘shimcha o‘qituvchilarni jalb qilish uchun federal yerlar hokimiyati veb-saytlarni ishga tushirdi, ularda ukrainalik o‘qituvchilar malaka, diplom tan olinishi va nemis tilini bilishiga qarab ma’lumot olishi va turli bo‘sh ish o‘rinlariga ariza yuborishi mumkin. 

Xususan, Brandenburg ta’lim vazirligi o‘z saytida nemis tilini biladigan o‘qituvchilarga kamida 3427,65 yevro brutto, ya’ni soliq va yig‘imlar oldidan o‘rtachadan yuqori maosh taklif qilyapti. Yarim kunlik ish ham bor. O‘qituvchi bo‘lib ishlamagan, lekin bolalar bilan ishlashda boshqacha tajribaga ega bo‘lgan ukrainaliklar assistent sifatida ishga joylashishlari va maktablarda ukrainalik bolalarga yordam berishlari mumkin. 

Top